O‘zbekiston | 18:43 / 28.10.2020
29781
2 daqiqa o‘qiladi

«UzAuto Motors» yo‘l-transport hodisasiga uchragan mashinalar bo‘yicha ma'lumot berdi

MAN avtotashuvchisida «UzAuto Motors» avtomobillari YTHga uchragandi. Kompaniya hodisa yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. 

Foto: Gazeta.uz

Joriy yilning 24 oktabr kuni YTH sodir bo‘lgan paytda MAN avtotashuvchisida «UzAuto Motors» avtomobillari Urganch shahridagi dilerlik markaziga olib ketilayotgan edi. 

Kompaniya xabarida ta'kidlanishicha, Buxoro viloyatining Gazli shahri yaqinidagi A-380 avtomagistralida harakatlanayotgan avtotashuvchining tirkamasi «KAMAZ» yuk mashinasiga urilib ketdi. 

«Tergov natijalariga ko‘ra, «KAMAZ» avtomobilining haydovchisi boshqaruv paytida uxlab qolgan hamda nazoratni yo‘qotgan, buning natijasida esa ikkala avtoulov, xususan avtotashuvchi tomonidan olib ketilayotgan transport vositalari jiddiy zarar ko‘rdi», — deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, voqea natijasida hech kimga zarar yetmagan.
Ayni paytda Buxoro viloyati Romitan tumani yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi tomonidan mutaxassislar ishtirokida yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, «UzAuto Motors»ning YTH natijasida zarar ko‘rgan avtomobillari zarar miqdorlari baholangach, utilizatsiya maqsadida zavodga qaytariladi.

Mavzuga oid