Fan-texnika | 21:44 / 29.10.2020
4612
3 daqiqa o‘qiladi

Facebook, Google va Microsoft rivojlanayotgan davlatlarga soliq to‘lashdan bosh tortayotgani aytildi

Xalqaro yordam tashkiloti (Action Aid International) yirik kompaniyalardan xalqaro minimal soliq stavkasini to‘lashni so‘ramoqda. Facebook va Microsoft bu chaqiriqqa javob berishdan bosh tortdi.

Foto: Shutterstock

Hozirda transmilliy korporatsiyalarning ba'zi rivojlanayotgan mamlakatlarga qancha soliq to‘layotganini oshkor qilish tartibi qonunda belgilanmagan. BMT tomonidan tuzilgan yangi global soliq tizimi esa yirik korporatsiyalar uchun global miqyosda minimal soliq stavkasini belgilab beradi.

Facebook, Google va Microsoft kabi gigantlar to‘laydigan soliq asosan rivojlanayotgan mamlakatlar aholisiga yordam uchun yo‘naltiriladi. BMT bu uch yirik kompaniya kambag‘al davlatlarga 2,8 milliard dollar miqdorida soliq to‘lashi kerakligini aytmoqda. To‘lanmay qolgan 2,8 milliard dollar har yili Afrika, Osiyo va Janubiy Amerikaning 20 ta mamlakatidagi 729 010 nafar hamshira, 770 649 nafar doya yoki 879 899 boshlang‘ich maktab o‘qituvchisining ish haqini to‘lashga yetadi.

Facebook, Google va Microsoft Indoneziya, Braziliya, Nigeriya va Bangladeshga deyarli soliq to‘lamagan. Vaholanki, bu to‘rt mamlakatda umumiy 857 milliondan ortiq odam yashaydi.

«U yerlarda odamlar hamon eskirgan tizimlar uchun pul to‘lamoqda, bu esa Facebook, Google va Microsoft singari gigantlarga pandemiya paytida katta daromad qilishga imkon berdi. Chunki ular janubdagi xizmatlarini deyarli yangilashmagan», deydi BMT vakili.

Fevral oyida Facebook boshlig‘i Mark Tsukerberg chindan yirik kompaniyalar kam soliq to‘layotganini tan olgandi.

Ma'lumot uchun, Facebook 2019 yil davomida 70 milliard dollar foyda ko‘rgan. Kompaniyaning bozor narxi 2020 yil avvalida 633 milliarddan qimmatroqqa baholangan. Google ham dunyodagi kapitalizatsiyasi 1 trillion dollardan oshgan 5 kompaniyadan biri hisoblanadi. Microsoft bozor narxi esa 1,3 trilliondan qimmatroqqa baholangan va bu borada dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. Apple AQSh kompaniyalari orasida bozor narxi 2 trillion dollardan oshgan ilk korxonaga aylangan bo‘lsa, dunyoning eng qimmat kompaniyasi hamon Saudi Aramco bo‘lib turibdi. Bu neft korxonasining bozor narxi 7,7 trillion dollargacha ko‘tarilgan.

Mavzuga oid