Jahon | 17:31 / 30.10.2020
21418
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonov Sardiniyaga 500 ming yevro xayriya qildi

Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, u 30 yildan buyon yozni har yili Sardiniyada o‘tkazadi. U 2018 yil sentyabrda Sardiniyaning Arsakena kommunasi faxriy fuqarosiga aylangan.

Foto: Bloomberg

USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun Italiyaning Sardiniya regioniga 500 ming yevro ajratdi. Bu haqda milliarderning Sardiniya prezidenti Kristian Solinasga yo‘llagan maktubiga asoslanib Tiscali nashri xabar berdi.

«Mening kamtarona hissam – bu Sardiniyada pandemiyadan jabrlanganlar va unga qarshi kurashayotganlar uchun qilishim mumkin bo‘lgan eng kichik yordam. Sardiniya hukumatiga bu ishda yordam berish uchun chin ko‘ngildan 500 ming yevro taqdim etaman. Bu pullarni vatandoshlaringizning salomatligi va hayotini himoya qilish bo‘yicha choralar ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun sarflashingizni so‘rayman», — deyiladi Usmonovning maktubida.

Usmonov Sardiniyada ko‘chmas mulkka ega. Biznesmen Forbes jurnaliga bergan intervyusida Sardiniyaga muntazam kelishini aytgandi. Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, u 30 yildan buyon yozni har yili Sardiniyada o‘tkazadi. U 2018 yil sentyabrda Sardiniyaning Arsakena kommunasi faxriy fuqarosiga aylangan.

L'Unione Sarda nashrining yozishicha, milliarder pandemiya boshlangan vaqtdayoq regionga koronavirusga qarshi kurashish uchun mablag‘ ajratgan.

Alisher Usmonov avvalroq Rossiya va O‘zbekistonga ham koronavirusga qarshi kurashish uchun mablag‘ ajratgandi.

Mavzuga oid