O‘zbekiston | 12:27 / 31.10.2020
82271
6 daqiqa o‘qiladi

«UzAuto Motors» ishida sud qarori qabul qilindi

30 oktabr kuni «UzAuto Motors» ishi bo‘yicha sudning hal qiluv qarori qabul qilindi. Jamoatchilik ushbu qarordan taajjubini bildirmadi. Sud majlisi esa yanada qiziqarli muhokamaga boy o‘tdi. 

Toshkent shahar ma'muriy sudida «UzAuto Motors» AJning O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilayotgan sud jarayoni davom etdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, kompaniya tijorat siriga oid, shuningdek, sudga taqdim etilgan maxfiy hujjatlar muhokamasi yopiq sud tartibida o‘tkazilgandan so‘ng, sud yana ochiq majlisda muhokamani davom ettirdi.

Sardor Otamuradov

Dastlab Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakili Sardor Otamuradov sudga iltimosnoma bilan murojaat qilib, mazkur ishning yakuniy natijasidan manfaatdor iste'molchilar hamda «Azim avtomotive» MChJni mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida sudga jalb qilishni so‘radi. Prokuror iltimosnomani qo‘llab-quvvatlab, javobgar iltimosini qanoatlantirishni so‘radi. Ammo sudya G‘olib Davlatov iltimosnomani rad etdi. 

Shu orada sudga noma'lum shaxs kirib kelib,  «UzAuto Motors» ishida guvoh sifatida chaqirilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sud kotibi telefon qo‘ng‘irog‘i orqali uni guvohlikka chaqirgan. U qo‘lida bo‘lgan qog‘ozni sudyaga topshirdi. Sudya Davlatov qog‘oz bilan tanishib chiqqach, ushbu shaxsni sud majlisini kuzatib o‘tirishi mumkinligini tushuntirdi, ammo u zalni tark etdi. 

Keyinroq sudya G‘olib Davlatov zalga kirib kelgan kishining shaxsiga aniqlik kiritib, u «UzAuto Motors»ga murojaat qilgani, javobdan norozi bo‘lgan taqdirda yuqori turuvchi organga murojaat etishi mumkinligi bayon etilgan xatni sudyaga taqdim etganini bildirdi. 

Nargiza Otaxonova

Sardor Otamuradov sudga ikkinchi iltimosnoma bilan murojaat qilib, unda «UzAuto Motors» AJ vakili Nargiza Otaxonovaning tuhmat va haqoratdan iborat bo‘lgan xatti-harakatlariga qonuniy baho berishni so‘radi. Ya'ni sudning o‘tgan ikkinchi yig‘ilishida Otaxonova nutq irod etib, so‘zlarida qo‘mitaning ma'lumoti soxta ekanini bildirgandi. Otamurodov aynan shu Nargiza Otaxonovaning so‘zi yuzasidan sudya huquqiy baho berib o‘tishi shartligini eslatdi. Mazkur iltimosnoma yuzasidan taraflar fikri so‘ralgach, sudning yakuniy hal qiluv qarori e'lon qilinganda tushuntirish berilishi ma'lum qilindi. Yakunda esa Otamurodovga ushbu masala yuzasidan asoslantiruvchi dalil va isbotlar bilan huquq-tartibot organlariga murojaat etishi tushuntirildi.

Shundan so‘ng, taraflarning asosiy shikoyat arizasi yuzasidan fikrlari tinglanib, muzokara so‘ziga kirishildi. Dastlab muzokara so‘zida arizachi «UzAuto Motors» vakillari Laziz Erdonayev va Rustam Shaymardonov o‘z fikrlarini bildirdi.

Shundan so‘ng muzokara so‘zida javobgar vakillari Bekzod Ummatov, Ulug‘bek Davlatov, Sherzod Shadmonqulov va Sardor Otamuradov o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Erkin Vohidov

Ishda ishtirok etuvchi Toshkent shahar prokurori yordamchisi E. Vohidovning ish yuzasidan shikoyat arizasini qanoatlantirish haqidagi muzokara so‘zi tinglandi. Unda prokuror quyidagi fikrni bildirdi: 

«Men quyidagi fikrga keldim, ya'ni qo‘mita «UzAuto Motors» faoliyati yuzasidan tekshiruv o‘tkazib, o‘rnatilgan tartibda natijasi yuzasidan hukumatga axborot berishi lozim edi. 

Qo‘mita o‘rnatilgan tartibda tegishli ruxsatni olib, kompaniya faoliyatida tekshiruv o‘tkazgan. Lekin tekshirish davrida qo‘mita vakillari «UzAuto Motors»ning moliyaviy faoliyatiga kirishgan.  Bundan tashqari, aniq hisob-kitoblarga tayanmagan holda, taxminiy raqamlar bilan qaror qabul qilgan. Ushbu qaror qabul qilinishida esa hukumat tasdiqlagan tegishli nizom talablariga to‘liq rioya qilinmagani sudda o‘z isbotini topgan, deb hisoblayman. Kompaniyaning arizasini qanoatlantirishingizni so‘rayman», — dedi u.

Shundan so‘ng sud hal qiluv qarori qabul qilish uchun maslahatxonaga kirdi.

Toshkent shahar ma'muriy sudining 2020 yil 30 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan, arizachi «UzAuto Motors» AJning javobgar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga nisbatan Maxsus komissiyasining 21/31-sonli ish bo‘yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat arizasi qanoatlantirildi. Shundan so‘ng Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishi bo‘yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarori haqiqiy emas, deb topildi. 

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasidan arizachi «UzAuto Motors» AJ foydasiga shikoyat keltirishda to‘langan davlat boji 2 230 000 so‘m va 20 000 so‘m pochta xarajatlari undirish belgilandi. Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan qonun hujjatlari talablari buzilganligi holati yuzasidan xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan munosabat bildirildi.

Mavzuga oid