AQSh elchixonasi: Andrey o‘zining demokratik tamoyillariga bo‘lgan sadoqati bilan ko‘pchilikni ilhomlantirgan
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi koronavirusdan vafot etgan turkolog olim Andrey Kubatin o‘limi yuzasidan bayonot tarqatdi.

Foto : KUN.UZ
AQSh elchixonasi shu yilning 29 oktabr kunida koronavirusdan vafot etgan o‘zbekistonlik olim Andrey Kubatin va uning adolat uchun bosib o‘tgan yo‘lini 2 noyabr kuni e'lon qilingan bayonotida yodga oldi.
«AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi yaqinda qamoqdan ozod etilgan siyosiy mahbus va hurmatli olim Andrey Kubatinning 29 oktabr kuni 36 yoshida vafot etgani munosabati bilan uning oilasi, do‘stlari, hamkasblari va talabalariga chuqur hamdardlik bildiradi. Biz u va uning oilasi bilan tanishish sharafiga muyassar bo‘lgan edik.
Kovidga qarshi kurashda mag‘lub bo‘lishdan oldin, Andrey o‘zining demokratik tamoyillariga bo‘lgan sadoqati, shuningdek o‘zining fundamental huquqlari buzilgan chog‘da adolatni himoya qilishda ko‘rsatgan shaxsiy jasorati bilan ko‘pchilikni ilhomlantirdi. Uni taniganlar yoki uning taqdiri to‘g‘risida bilganlar uning ushbu huquqlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri va samarali kurashishga bo‘lgan qat'iyatidan ta'sirlandilar. U ozodlik va adolat sari intilayotganlarning barchasiga namuna edi», — deyiladi bayonotda.
Kubatin 2019 yil dekabrdan buyon O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazida faoliyat yuritib kelayotgandi.
2019 yil 26 sentabr kuni Toshkent viloyati sudida Kubatinning ishi qayta ko‘rib chiqilgan va olim to‘liq oqlanib, sud zalidan ozod etilgandi. Toshkent davlat sharqshunoslik institutining katta o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan yosh olim 2017 yili Jinoyat kodeksining 157-moddasi («Davlatga xoinlik qilish») nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanib hibsga olingandi. O‘sha yili Kubatinga nisbatan 11 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
Kubatin va uning turmush o‘rtog‘i, olima Feruza Jumaniyozova Kun.uz'ga intervyu berib, qiziqarli suhbat davomida hayotlarining ommaga ma'lum bo‘lmagan qirralari, ilm va olim tiynati, tarixchi olimni qiynagan muammolar, shuningdek, ilmiy faoliyatlari haqida so‘zlab berishgan.
Mavzuga oid

18:43 / 16.08.2024
Toshkentda AQSh elchixonasi eski xizmat avtomobillari auksioni qoldirildi

22:18 / 15.08.2023
Soxta hujjatlar uchun grin-karta bekor qilinadi - AQSh elchixonasi

13:12 / 03.01.2023
AQSh elchixonasi Meksika orqali Amerikaga noqonuniy kirmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi

11:34 / 22.09.2022