Jamiyat | 15:12 / 04.11.2020
11771
3 daqiqa o‘qiladi

172 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalarini O‘zbekiston hududidan olib o‘tishga chek qo‘yildi

Davlat bojxona qo‘mitasi Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi «Sariosiyo» temir yo‘l chegara-bojxona posti xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati hamda Chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi giyohvand moddalarni respublika hududidan qonunga xilof tarzda olib o‘tishga bo‘lgan urinishni fosh etishdi.

«Qo‘shni davlatdan kirib kelgan va respublikamizdan tranzit tarzida o‘tayotgan yuk poyezdi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, vagonlardan birining shubhali skaner tasvirlari bojxona xodimlarining e'tiborini tortdi.

Mazkur vagon kinologiya xodimlarining xizmat itlari yordamida chuqurlashtirilgan bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, vagonning ostki qismida maxsus xufiyona joylar tayyorlangani aniqlandi.

Ushbu xufiyona joylar belgilangan tartibda ochib ko‘rilganida esa, ularning ichiga qora rangli sellofan paketlarga skotchlangan holda 23 dona 5 litrlik sig‘imga ega yelim idishlar yashirilgani fosh bo‘ldi.

Yelim idishlarning 4tasiga oq rangli o‘tkir hidli 11 kg 987 gr og‘irlikdagi geroin, 2 kg 592 gr gashish hamda 19 dona yelim idishlarga jigarrang tusdagi o‘tkir hidli 81 kg 348 gr hajmdagi gashish moyi solingan ekan.

Shundan so‘ng viloyat bojxonachilari Davlat xavfsizlik xizmati, Chegara qo‘shinlari hamda ichki ishlar xodimlari tomonidan tezkor tadbir davom ettirilib, «Darband» temir yo‘l stansiyasida mazkur poyezd tarkibida bo‘lgan yana bir vagon tekshiruvdan o‘tkazildi.

Natijada, ushbu vagonning ostki qismida ham temir listlar yordamida tayyorlangan maxsus xufiyona joyda qora rangli sellofan paketlarga skotch bilan o‘ralgan jami 21 dona 5 litr hajmli polietilen idishlar yashirilgani va ularning ichida 30 kg 648 gr «Gashish» giyohvandlik vositasi hamda 45 kg 906 gr «Gashish moyi» giyohvandlik vositasi mavjudligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida qariyb 172,5 kg og‘irlikdagi giyohvand vositalari respublikamiz hududidan yashirin ravishda o‘tkazilishiga chek qo‘yildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli tergov organlariga yuborildi.

Bojxona sohasiga eng ilg‘or zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etgan holda «raqamli bojxona»ga o‘tish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, shu kabi qonunbuzarlik holatlarining oldini olish maqsadida respublikamiz bojxona postlari yuk avtotransport vositalari, temir yo‘l poyezdi va vagonlarini nazorat-rentgendan o‘tkazishga mo‘ljallangan jami 19ta inspeksion ko‘rik majmualari bilan ta'minlangan», deyiladi DBQ axborot xizmati Kun.uz saytiga taqdim etgan ma'lumotda.

Mavzuga oid