Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chirchiqda 2019 yili «Obod mahalla» dasturiga tushgan mahalla qachon obod bo‘ladi? Ishlar chala tashlab ketilgan
2018 yil 27 iyundagi prezident qarori bilan «Obod mahalla» dasturi doirasida 2018–2019 yillarda qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan mahallalar ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi Madaniyat mahallasi ham ushbu dasturga kiritilgan.
Biroq mahalla faoli Ma'mur Choriyevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, dastur ijrosi ustidan tizimli nazorat o‘rnatilmagani, mablag‘lar o‘z vaqtida ajratilmagani sababli dasturda belgilangan ishlar o‘lda-jo‘lda tashlab qo‘yilgan.

«Mahallamizga ichimlik suvi tortib kelindi. Buning uchun katta rahmat. Biroq haligacha ko‘chamiz asfalt qilinmagan, yo‘llarimiz quvur tortilganda kavlanib, betartib ko‘milgani sababli o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib yotibdi.
Buning ustiga, dastur asosida ko‘chadagi simyog‘ochlarni yangilanishi kerak edi, ammo haligacha bu ish amalga oshirilmadi. Mas'ullarga qayta-qayta murojaatlarimizdan so‘ng simyog‘och uchun 15 ta ustunni olib kelib tashlab ketishdi. Ammo ularni o‘rnatadigan mard topilmayapti», deydi u.

Maqsuda Egamberdiyevaning aytishicha, Madaniyat mahallasining yuqori qismida harbiylar uchun qurilgan ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiya quvurlari ham ular yashaydigan ko‘chadan o‘tishi belgilangan. Biroq bu qurilish-montaj ishlari uchun o‘z vaqtida pul ajratilmayotgani bois Haqiqat ko‘chasini asfaltlash kechikib ketgan. Aholi bu ko‘chadan yozda tuproq, qishda loy kechib yurishga majbur bo‘lmoqda.
«Mahallamiz «Obod mahalla» dasturiga tushganda juda xursand bo‘lgandik. Biroq quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Ishlar bunchalik betartib bo‘lishini tasavvur ham qilmagandik. Hali mahallaga ichimlik suvi tortilmay turib yo‘lsozlar ko‘chamizni asfalt qilishga tushishdi. Ertaga suv tortiladigan bo‘lsa, yangi asfalt yana buzilib ketmasin, ikki marta xarajat bo‘lmasin deb Chirchiq shahrining sobiq hokimi Rashidovga murojaat qilib asfaltlash jarayonini to‘xtattirdik. Hokim o‘rinbosari Ashurov yordamida mahallamizga ichimlik suvi keltirildi.
Shundan so‘ng ko‘chamizdagi simyog‘ochlar yangilanishi, chiroqlar o‘rnatilishi kerak edi, ammo simyog‘ochlar o‘z vaqtida ajratilmagani bois bu ishlar qolib ketdi. Bundan tashqari, yo‘lsozlar endi asfaltlashni boshlashayotganda harbiylarning uylariga tortilgan kanalizatsiya quvurlari bizning ko‘chamizdan o‘tib, markaziy kanalizatsiya tizimiga ulanadigan bo‘lib qoldi. Ammo bu ish ham chala tashlab qo‘yilgani bois ko‘chamiz ta'mirlanmayapti, natijada yozda chang yutib, qishda loy kechib yashayapmiz», deydi Maqsuda Egamberdiyeva.

«Maktab o‘qituvchisiman. Har kuni shu yo‘ldan ishga borib, jamoa oldida uyalaman, sababi qishda oyoq kiyimim loyga, balchiqqa botib ishga boraman. Mashina yo‘lning oxirigacha borolmaydi. Tuproq, loy yo‘ldan yurishga majburmiz. Yozda ko‘chadan ko‘tarilgan chang uyga kirib qoladi, har kuni ikki-uch marta tozalasangiz ham tozalanmaganday bo‘lib turaveradi», deydi Yulduz Kamolova.
2,6 ming kishi yashaydigan Madaniyat mahallasiga ko‘p yillar raislik qilgan Inna Sheludkoning aytishicha, Haqiqat ko‘chasida yashovchilardan kimdir og‘ir bemor bo‘lib qolsa, yo‘l nosozligi tufayli bu yerga tez yordam mashinasi kelolmaydi. Yo‘qotiladigan ortiqcha har bir daqiqa esa bemor uchun hayot-mamot masalasi bo‘lishi mumkin. Pandemiya sharoitida bu har qachongidan ko‘ra dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, u yo‘lning nosozligi sababli bu yerga axlat yig‘uvchi mashinalar ham kirolmayotganini qo‘shimcha qildi.

Murojaatchilarning ta'kidlashicha, tuman hokimligining ko‘rsatmasi bilan mahalla raisi boshchiligida ko‘chaning bir qismi asfalt qilingan. Biroq kanalizatsiya quvurlari yotqizilishi munosabati bilan u qo‘porib tashlangan. Qayta asfaltlash uchun pul ajratiladimi-yo‘qmi, hozircha noma'lum.
Chirchiq shahar hokimi o‘rinbosari Bobir Davlatov Haqiqat ko‘chasini asfalt qilish, ko‘chadagi simyog‘ochlarni almashtirish rejada borligini aytdi. Hokim o‘rinbosari bu ishlarning ijrosi kechikayotganini «Obod mahalla» dasturini moliyalashtirish vaqtincha to‘xtatib turilgani bilan izohladi.

«Mahallamizda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar aslida 2019 yilga mo‘ljallangan. Prezident qarori bilan tasdiqlangan ilovalarda shunday ko‘rsatilgan. «Obod mahalla» dasturi uchun ajratilgan pullar ham 2019 yilda berilgan, 2020 yilga pul ajratilmagan, bilishimizcha.
O‘rtada pandemiya, kuchaytirilgan karantin choralari sababli ishlar kechiktirildi. Endi mablag‘ yo‘q deyishyapti. Xullas, hammasi o‘tar-ketar, o‘rtada kuyib qolayotgan biz bo‘lib qolyapmiz. Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Berilayotgan javoblardan qoniqayotganimiz yo‘q, bizga javob yozishmasin, muammomizni hal qilib berishsin», deydi Ma'mur Choriyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.


Aslida bu murojaat shu yilning 30 iyun kuni joyiga chiqib o‘rganilgan, shahar hokimining shu sohaga mas'ul o‘rinbosari Bobir Davlatov pul ajratilguncha ko‘cha shag‘al qilinishi va qolgan masalalar bosqichma-bosqich hal etilishiga va'da bergan edi.
Biroq murojaat mualliflariga ko‘ra, ushbu va'da bajarilmagan, muammolar haligacha to‘liq hal etilmagan. O‘sha paytda mazkur masalani o‘rgangan Bobir Davlatov bugungi kunda boshqa ishga o‘tkazilgan, uning o‘rniga Rustam Toshxo‘jayev tayinlangan. U Madaniyat mahallasidagi vaziyatdan qanchalik xabardor ekani bizga qorong‘i.
Kun.uz mazkur holat bo‘yicha Chirchiq shahar hokimligi va boshqa mas'ul idoralardan izoh kutib qoladi.
Jamshid Niyozov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Doniyor Yoqubov.
Mavzuga oid
19:51 / 02.04.2025
Chirchiqda janjal oqibatida bir kishi vafot etdi
22:37 / 10.03.2025
Chirchiqda sobiq texnikum binosi buzilib, o‘rnida Xitoy OTM filiali quriladi
22:35 / 30.01.2025
Chirchiqda yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil etgan shaxs ushlandi
21:11 / 09.01.2025