Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Guljahon Yo‘ldoshevaning advokati bosh prokurordan tergov organi o‘zgartirilishini so‘ramoqda
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldoshevaning advokati jinoyat ish yuzasidan tergov xolis olib borilayotganiga shubha bilan qaramoqda va tergov organi o‘zgartirilishi kerakligini aytmoqda.
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori – viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi, 167-moddasi 3-qismi «a» bandi hamda 207-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llangan edi.
Olti farzandning onasi bo‘lmish G.Yo‘ldoshevaga nisbatan qo‘llangan mazkur ehtiyot chora ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilindi. Shifokor hibs etilganidan so‘ng Chirchiq shahar prokuraturasi OAVda chiqish qilib, dastlabki tergov hali boshlang‘ich bosqichda bo‘lganiga qaramasdan, G.Yo‘ldoshevani deyarli jinoyatchiga chiqargani olov ustiga yog‘ sepgandek bo‘ldi, «aybsizlik prezumpsiyasi» iborasi ko‘p marotaba tilga olindi.
Faqatgina yuqori mavqedagi shaxslarning holatga doir bildirgan munosabatlaridan keyin G.Yo‘ldoshevaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi uy qamog‘iga o‘zgartirildi. Ehtiroslar tindi. Oldinda tergov va sud.
Kuni kecha G.Yo‘ldoshevaning advokati Xushnud Ahrorov himoyasidagi shifokor ustidan tergov jarayoni amaldagi JPK moddalariga zid tarzda olib borilayotgani, huquqlari poymol etilayotgani haqida murojaat bilan chiqdi.
«Ushbu murojaatimga sabab, mening himoyam ostidagi G.Yo‘ldoshevaning huquq va manfaatlarini himoya qilishni boshlagan ilk chog‘imdanoq unga nisbatan e'lon qilingan ayblovlarning asossiz ekanligi haqida o‘z bayonotlarimda keltirgan edim. Hozirgi kunga qadar dastlabki tergov organi tomonidan himoyam ostidagi shaxs ishtirokida 6 marotaba yuzlashtirish harakatlari amalga oshirildi. Ammo Chirchiq shahar prokuraturasi tergovchisi Nurmatov yuzlashtirish protsessual harakatlarini Jinoyat protsessual kodeksi talablarini qo‘pol ravishda buzgan holda amalga oshirdi. Toki yuzlashtirilayotgan shaxslarning ko‘rsatuvlari ayblov uchun moslashtirilgan holda yozib borildi», – deydi advokat o‘z murojaatida.
Uning aytishicha, bu holatlar bo‘yicha uning va himoyasi ostidagining e'tirozlariga qaramasdan, tergovchi o‘z bilganidan qolmagan. Shu bilan bir qatorda, yuzlashtirishlar oralig‘ida advokat zarurat uchun tashqariga chiqqan chog‘ida tergovchi Nurmatov G.Yo‘ldoshevaga: «Men sizni ayblaganman, ayblamoqdaman, ayblayman va sizning aybdorligingizni isbotlab beraman», deb unga psixologik ta'sir o‘tkazgan.
Advokat tergovning xolis olib borilayotganiga shubha bilan qarab, ikki marta O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroridan tergov harakatlarini Chirchiq shahar va Toshkent viloyati prokuraturasi organlari yurituvidan olib, Bosh prokuraturaning ish yurituviga o‘tkazishni so‘ragan. Ammo «tergov organini o‘zgartirishga asoslar yetarli emas» degan javob olgan.
Advokat tergov organiga bo‘lgan ishonchsizlik asoslari keltirilgan uchinchi ariza ham yuborilganini aytib, dastlabki tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan amalga oshirilishini so‘ragan.
«So‘zimizning bir karra isboti sifatida, tergovchi Nurmatov tomonidan barcha yuzlashtirish harakatlari Jinoyat protsessual kodeksi 95-moddasi tartibida tasvirga olingan va ushbu videotasvirlar ishga tikilishi lozim. Tasvirga olingan yuzlashtirish harakatlarini ko‘rib chiqqan yuqori turuvchi prokuratura organi tergov organi xolisligi va beg‘arazligiga bo‘lgan shubhamiz nechog‘lik asosli ekanini ko‘rsatib beradi, degan umiddamiz», – deydi advokat.
Advokatning so‘zlariga Bosh prokuratura o‘z bahosini beradi, albatta. Biroq jamoatchilikning yodidan ko‘tarilib ulgurmagan ayrim hodisalar ketma-ketligiga e'tibor qaratishni lozim topdik.
Chirchiq shahar prokurori aybsizlik prezumpsiyasiga rioya etmay, OAV orqali chiqish qilib, qilmishlari tasdig‘ini topib ulgurmagan shaxsni jinoyatchi deb atadi. Bu esa, huquq sohasi vakillarining tanqid va e'tirozlariga sabab bo‘ldi. Ikki yoshga endi to‘lgan bolaning onasi qamoqqa olinishi esa jamoatchilikning jiddiy e'tirozlariga sabab bo‘ldi.
Keng doiradagi muhokamalardan so‘ng Senat raisi Tanzila Norboyeva, Senat qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov va Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevalar Yo‘ldoshevaga tanlangan ehtiyot chorasi qayta ko‘rib chiqilishi kerakligi haqida fikr bildirdilar. Yo‘ldoshevaning «jinoyatchi» va unga tanlangan ehtiyot chorasi adolatli ekaniga «ishonchi yuqori bo‘lgan» Chirchiq shahar prokurori yakunda o‘z qarorini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.
Qissadan hissa shuki, yozilmagan qonunlarga ko‘ra, tashqi ta'sirlar sabab o‘z qarorini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan shaxsning (xususan mansabdorning) keyinchalik o‘sha masalada xolis bo‘lishi nihoyatda mushkul. Shu bois tergovda xolislik va adolat to‘la ta'minlanishi, har qanday shubha-gumonlarga yo‘l berilmasligi uchun ham Bosh prokuratura tergovni jilla qursa boshqa tumanning ish yurituviga o‘tkazishi kerakligi – mantiq taqozo qilib turgan ochiq-oydin haqiqat.
Bu nega rad etilyapti – sirli savol.
Shokir Sharipov
Mavzuga oid
20:37 / 26.05.2025
Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari narxi oshiriladi
18:52 / 21.05.2025
Toshkent viloyatida uyida yo‘lbars boqib kelgan shaxs aniqlandi
10:12 / 15.05.2025
Toshkent viloyatida 13 ta tarixiy yodgorlikka zarar yetkazildi
14:50 / 13.05.2025