Jahon | 15:56 / 08.11.2020
93350
17 daqiqa o‘qiladi

Donald Tramp - AQShning unutilmas prezidenti. Uning prezidentlik davridan 30 surat

AQShda teng kuchlar ostida kechgan prezidentlik saylovida amaldagi prezident Donald Tramp yutqazdi va Oq uyni tark etadigan bo‘ldi. Meduza nashri uning prezidentlik yillaridan yodda qolgan suratlarni to‘pladi.

Donald Tramp — AQShning 45-prezidenti. 2016 yil 9 noyabrida u  saylovlardagi g‘alabadan keyin o‘z tarafdorlari qurshovida. Tramp barcha prognozlarni yo‘qqa chiqargan holda saylovoldi kampaniyasida favoritlik qilgan demokratlar nomzodi Hillari Klintonni ortda qoldirgandi.

Chip Somodevilla / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA

2017 yilning 20 yanvarida Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishgandi. Vashingtondagi inauguratsiya marosimida u «Amerika siyosatida yangi era boshlangani» haqida gapirgandi. Tramp o‘z nutqini shunday yakunlagan: «Biz Amerikani yana kuchli qilamiz, biz Amerikani yana boy qilamiz, biz Amerika bilan yana faxrlana boshlaymiz, biz Amerikani yana xavfsiz qilamiz». Keyin o‘z saylovoldi kampaniyasi shiorini takrorlagandi: «Biz Amerikani yana buyuk qilamiz».

Scott Olson / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA

Donald Tramp 2017 yil 28 yanvarida, AQSh prezidenti sifatida ish boshlaganidan bir hafta o‘tib Oq uydagi Oval kabinetda o‘tirgan holda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Uning yonida — Oq uy apparati rahbari Rayns Pribus, vitse-prezident Maykl Pens, prezident maslahatchisi Stiv Bennon, Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser va prezidentning xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Maykl Flinn bor edi. Tramp prezidentlik muddatining katta qismini 2016 yilgi saylovlarda g‘alaba qozonish uchun Rossiya bilan kelishuv tuzgani haqidagi ayblovlarga qarshi kurash bilan o‘tkazdi. Maxsus prokuror Robert Myuller rahbarlik qilgan rasmiy tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, bunday kelishuv uchun isbot topilmagan. Shu bilan birga, Myullerning komissiyasi Rossiya Amerika saylovlariga aralashgani va uning natijasiga ta'sir ko‘rsatishga uringani haqida xulosa bergan.

Drew Angerer / Getty Images

2017 yil martida Donald Tramp Vashingtonda Amerika yuk tashuvchilar assotsiatsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashadi. Bu yillik pul aylanmasi 725 milliard dollarga baholanadigan va AQShga mahsulotlarning 70 foizini yetkazib berishni ta'minlaydigan yirik sanoat hisoblanadi. Uchrashuvda tibbiy sug‘urta masalalari ham muhokama qilingan. Uchrashuv avvalida Tramp Oq uydagi o‘tloqzorda turgan yuk mashina kabinasiga chiqib, bir necha marta rulni aylantirgan va signal bergan holda suratga tushgandi.

Carlos Barria / Reuters / Scanpix / LETA

2017 yil 1 iyunida Donald Tramp AQSh iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqishini e'lon qilgandi — bu kelishuv global isishga qarshi kurash va atrof-muhitga chiqarilayotgan is gazi miqdorini kamaytirishni nazarda tutadi. Tramp bu kelishuv Amerika iqtisodiyotiga haddan tashqari ko‘p zarar keltirishini aytib o‘tgandi. 2012 yilda, prezidentlikka saylanishidan to‘rt yil avval Tramp global isish konsepsiyasini AQSh sanoatiga zarba berish uchun xitoyliklar o‘ylab topganini aytgandi. Prezident bo‘lgach Tramp iqlim o‘zgarishlarini tan ola boshladi, ammo bu faqat inson faoliyati tufayli ro‘y berayotganiga shubha bildirdi.

Saul Loeb / AFP / Scanpix / LETA

2017 yil 7 iyulida Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Hamburgda G20 sammiti doirasida muzokara o‘tkazadi. Bu ushbu ikki prezidentning ilk yuzma-yuz uchrashuvi edi. Tramp va Putin Suriya va Ukrainadagi mojarolarni, shuningdek, Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashuvi bo‘yicha masalani muhokama qilishgan. Uchrashuvda qanday kelishuvlarga erishilgani haqida matbuotda hech qanday xabar e'lon qilinmagan.

Carlos Barria / Reuters / Scanpix / LETA

2017 yil iyulida Donald Tramp AQShning Birinchi jahon urushiga kirganining 100 yilligi nishonlangan vaqtga to‘g‘ri kelgan Fransiyadagi harbiy paradda ishtirok etadi. U rafiqasi Melaniya bilan birga Yelisey maydonida Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning qo‘lini siqqan holda suratga tushadi. Tramp o‘ziga xos qo‘l berib so‘rashish uslubi bilan ko‘plab siyosatchilarni qiynagan. Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bilan muzokaralar chog‘ida u bir necha marta o‘ziga tortgandi. 2017 yil mayida Bryusselda Tramp Makron bilan yana uchrashadi va uning qo‘lini qattiq siqib, barmoqlarini og‘ritib qo‘ygandi.

Christophe Archambault / AFP / Scanpix / LETA

2017 yil 21 avgustida Donald Tramp Oq uy balkonida Melaniya va o‘g‘li Berron bilan quyosh tutilishini kuzatadi. Avvaliga Tramp quyoshga ochiq ko‘zlari bilan boqmoqchi bo‘ladi, ammo keyin maxsus himoya ko‘zoynagini taqishga ko‘ndirishadi.

Kevin Lamarque / Reuters / Scanpix / LETA

2017 yil oktyabri boshida Donald Tramp «Mariya» to‘fonidan jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Puerto-Rikoga keladi. U puerto-rikoliklarga «Mariya» 2005 yildagi «Katrina» kabi talafotli emasligini aytadi. Keyin atrofidagilarga qog‘oz salfetkalar to‘plamlarini irg‘ita boshlaydi.

Mandel Ngan / AFP / Scanpix / LETA

2017 yil noyabrida Donald Tramp Manilada o‘tkazilgan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari assotsiatsiyasi (ASeAN) sammitida ishtirok etadi. Rasmiy suratga tushish marosimida ishtirokchilar o‘ng va chap tomonidagilarning qo‘llaridan tutishgan. Ushbu suratda asosiy ikki qahramon — Tramp va Rossiyaning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Dmitriy Medvedev.

Jim Watson / AFP / Scanpix / LETA

Donald Tramp va Germaniya kansleri Angela Merkel 2018 yil 9 iyunida Kvebekdagi G7 sammitining boshqa ishtirokchilari davrasida. Bu fotosurat keng mashhurlikka erishgandi va memlarga aylangandi.

Jesco Denzel / Bundesregierung / AFP / Scanpix / LETA

2018 yilning iyulida Buyuk Britaniyaga tashrifi vaqtida Donald Tramp qirolicha Yelizaveta II bilan uchrashgan. Qirolicha uni Vindzor qal'asida qabul qilgan. Qirollik gvardiyasining faxriy qorovuli ishtirokidagi qabul marosimidan keyin Tramp va Yelizaveta choyxo‘rlik uchun yo‘l olishgan. Tashrif yakunlangach Tramp britan qirolichasini — «fantastik inson» deb ta'riflagandi.

Matt Dunham / PA / Scanpix / LETA

2018 yil 12 iyulida Donald Tramp Buyuk Britaniyaga to‘rt kunlik tashrifini boshlagandi. Birinchi kunda u Britaniyaning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Tereza Mey va qator tadbirkorlar bilan birga Oksford yaqinidagi Blenheym saroyida tushlik qilgandi. Tashrifdan oldin Tramp The Sun tabloidi uchun intervyu bergan (intervyu 13 iyul kuni e'lon qilingan), unda Tereza Meyning Buyuk Britaniyani Yevroittifoqdan olib chiqish rejasini tanqid qilib, mamlakatga Boris Jonson «a'lo darajada bosh vazir bo‘lishi mumkinligi» haqida gapirgandi. Bir yil o‘tib Jonson chindan ham hukumatni boshqara boshlaydi — Brexit bo‘yicha muvaffaqiyatsizlik tufayli Tereza Mey iste'foga chiqqandi.

Will Oliver / AFP / Scanpix / LETA

2018 yil oktyabrida Donald Tramp Oq uyda Kane Uestni qabul qilgan, reper prezidentning oldiga umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan gangster Larri Guverni afv etishni so‘rab kelgandi.

Ron Sachs / CNP / AdMedia / Sipa / Scanpix / LETA

2018 yil 7 noyabridagi matbuot anjumani vaqtida Donald Tramp CNN jurnalisti Jim Akosta bilan tortishib qoladi. Jurnalist unga muhojirlar haqida savol bergan, prezident nega Markaziy Amerikadan keluvchilardan keladigan xavfni bo‘rttirib ko‘rsatishini so‘ragan, bu esa prezidentga yoqmagan, jarayon o‘zaro aytishuvga aylanib ketgandi. Shundan so‘ng Akosta akkreditatsiyadan mahrum etiladi, bunga u Oq uy matbuot kotibi Sara Xakabi undan mikrofonni olib qo‘ymoqchi bo‘lganida unga qo‘pollik qilgani sabab sifatida keltiriladi.

Jonathan Ernst / Reuters / Scanpix / LETA

2019 yil 5 fevralida AQSh prezidenti Donald Tramp «Mamlakatdagi vaziyat haqida» murojaat qiladi. Bu fotografiyada u bilan birga — vitse-prezident Maykl Pens va Vakillar Palatasi spikeri, demokrat Nensi Pelosi.

Doug Mills / Reuters / Scanpix / LETA

2019 yil martida Donald Tramp Oq uyda Shimoliy Dakotadan bo‘lgan, chempionlikka erishgan talabalar futbol jamoasini qabul qiladi. Ularni mehmon qilish uchun «Makdonalds» va boshqalardan fastfud sotib olinadi. Bundan bir yarim oy oldin ham Tramp boshqa talabalar jamoasini qabul qilgandi.

Leah Millis / Reuters / Scanpix / LETA

2019 yil martida Donald Tramp Isroilning Jo‘lan tepaliklari — Isroil 1967 yildagi olti kunlik urush chog‘ida egallab olgan Suriya bilan chegaradagi hudud ustidan suverenitetini tan olgani to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi. U bu haqdagi deklaratsiyani Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuvi chog‘ida imzolagandi. Undan avvalroq Tramp Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olgan va Amerika elchixonasini Tel-Avivdan shu shaharga ko‘chirgandi.

RS / MPI / Capital Pictures / Scanpix / LETA

2019 yil 30 iyunda Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan uchrashdi. Uchrashuv KXDR va Janubiy Koreya chegarasidagi harbiylardan xoli hududda o‘tkazildi. Uchrashuv tomonlari demarkatsiya chizig‘ining ikki tarafida turib, bir-birining qo‘lini siqqan, keyin Tramp Kim Chen In taklifiga ko‘ra chiziqdan o‘tgandi. Shu vaqtgacha amerikalik prezidentlarning hech biri Shimoliy Koreya hududiga kirmagandi.

Kevin Lamarque / Reuters / Scanpix / LETA

2019 yil 25 sentyabrida Donald Tramp ilk marta Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi — bu uchrashuv BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh assambleyasida ro‘y berdi. Uchrashuvdan avvalroq, 2019 yil iyulida Tramp telefon orqali muloqot chog‘ida Zelenskiydan 2020 yilgi saylovdagi bo‘lajak raqibi Jo Baydenning o‘g‘li Hanter Baydenga nisbatan korrupsion mojaro bo‘yicha ishni qaytadan boshlashni so‘ragani ma'lum bo‘lgan. Hanter Bayden muqaddam Ukrainadagi gaz qazib chiqaruvchi Burisma kompaniyasida ishlagan. Trampning bu iltimosi Zelenskiyga bosim o‘tkazish va siyosiy raqibini obro‘sizlantirish uchun o‘z hokimiyatini suiiste'mol qilish sifatida baholangan.

Saul Loeb / AFP / Scanpix / LETA

2019 yil noyabridagi jurnalistlar bilan uchrashuv vaqtida Donald Tramp ehtiyotsizlik qilishi oqibatida uning qo‘lidagi qog‘oz suratga tushib qolgandi. Bloknotda shunday yozilgandi: «Men hech narsa istamayman. Men hech narsa istamayman. Hech qanaqa quid pro quo kerak emas. Zelenskiyga to‘g‘ri ish tutish kerakligini aytinglar. Bu AQSh prezidentining so‘nggi so‘zi». «Quid pro quo» — bu «sizdan ugina, bizdan bugina» demakdir. Ikki yil avvalroq Amerika mediasida Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiydan Jo Baydenning o‘g‘li, Ukrainada gaz qazib chiqaruvchi Burisma kompaniyasi direktorlari kengashiga kirgan Hanterga qarshi ishni qaytadan ochishni talab qilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Xabarlarda Tramp Amerikaning Ukrainaga yordam ko‘rsatishi ushbu tekshiruvga bog‘liqligini aytgani aytilgandi.

RS / MPI / Capital Pictures / Scanpix / LETA

Donald Trampning soch turmagi — uning obrazining ajralmas qismidir. 2019 yil dekabrida olingan bu surat u «Endryus» harbiy-havo bazasiga tashrif buyurganida olingan, ba'zida prezidentga shamol xalal beradi. O‘z chiqishlaridan birida Tramp hazilomuz tarzda bor kuchi bilan boshining kal qismini yashirishga urinishi haqida gapirgandi. U parik taqib yurishi haqidagi gaplarni inkor etgan.

Kevin Wolf / AP / Scanpix / LETA

Donald Tramp ko‘rinishi yaxshi bo‘lishi uchun soch turmagi haqida ko‘p qayg‘uradi. Ko‘plab fotosuratlarda — masalan, 2020 yil 7 fevralida Oq uy o‘tloqzorida olingan bunisida — AQSh prezidenti maxsus vositalardan foydalanganini ko‘rish mumkin.

Al Drago / Bloomberg / Getty Images

2020 yil fevralida Donald Tramp Oq uyda o‘z tarafdorlaridan biri guruhi, jumladan, afroamerikaliklar bilan ko‘rishgan va ular bilan birga ibodat qilgandi. Tez-tez irqchilikda ayblanadigan Tramp uchrashuvda afroamerikaliklar uning ma'muriyati tufayli ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy imkoniyatlar haqida gapirgandi. Undan biroz oldinroq Tramp tvitterdagi sahifasida afroamerikaliklar uchun AQShning istalgan prezidentidan ko‘proq ish qilganini aytib o‘tgandi.

Chip Somodevilla / Getty Images

2020 yil 28 mayida Donald Tramp ijtimoiy tarmoqlarni tartibga solish to‘g‘risidagi farmonini imzoladi, hujjat kommunikatsiya sohasidagi xulq-atvor qoidalari haqidagi moddalardan biriga qarshi qaratilgan. Bu modda internet-kompaniyalarni ijtimoiy foydalanuvchilar kontentini nazorat qilish mas'uliyatidan ozod etadi. Trampning bu farmoni Twitter bilan ziddiyat ortidan qabul qilingan, o‘shanda Twitter prezidentning bir necha postlarida yozilgan ma'lumot ishonchli emasligi va uni tekshirib ko‘rish lozimligini bildiruvchi maxsus belgi qo‘ygandi. Tramp Twitter rahbariyatini siyosiy tarafkashlikda va so‘z erkinligini buzishda ayblagandi.

Doug Mills-Pool/Getty Images

2020 yil 1 iyunida tushirilgan bu suratda Donald Tramp qo‘lida Injil tutgan holda Oq uyga tutashib ketgan Lafayyet maydonida joylashgan avliyo Ioann cherkovida olingan. May oyida afroamerikalik Jorj Floyd politsiyachilar tomonidan o‘ldirilgach Lafayyet maydonida ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgandi. Tramp bu namoyishchilarni tarqatish uchun kuch qo‘llashga ruxsat bergan.

Brendan Smialowski / AFP / Scanpix / LETA

2020 yil iyunida Donald Tramp Meksika bilan devorni ko‘zdan kechirdi, u saylovoldi kampaniyasi davrida noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurash uchun shunday devor qurishni va'da qilgandi. O‘tgan yillar davomida Tramp bu va'dasini qisman bajara oldi, xolos. Qurilish ishlari katta xarajat talab qilar, bunday xarajat esa Kongress tomonidan tasdiqlanishi talab etilardi. 2018 yilda bu masaladagi ziddiyat tufayli Tramp AQSh budjetini tasdiqlashdan bosh tortdi, natijada bu hukumat ko‘p vaqt mobaynida ishlamay, rekord darajadagi shatdaun kuzatilishiga olib keldi.

Saul Loeb / AFP / Scanpix / LETA

2020 yil iyulida Donald Tramp Janubiy Dakotadagi Rashmor tog‘iga keldi, bu yerda AQShning turli davrlardagi prezidentlari Jorj Vashington, Tomas Jyefferson, Teodor Ruzvelt va Avraam Linkolnning haykallaridan barelef qilingan. The New York Times gazetasi va CNN telekanali Tramp 2019 yilda o‘z yordamchilari orqali barelefga o‘zining ham portretini qo‘shishga harakat qilgani haqida xabarlar tarqatdi. Prezidentning o‘zi bu ma'lumotni feyk deb atagan.

Alex Brandon / AP / Scanpix / LETA

2020 yil oktyabrida, prezidentlik saylovi kuniga bir oy vaqt qolganida Donald Tramp kovidga chalindi. U bir necha kunni gospitalda o‘tkazdi, keyin Oq uyga qaytdi. Amerikaliklar Trampni koronavirus epidemiyasi Qo‘shma Shtatlar uchun bu qadar katta zarar yetkazishida asosiy aybdor sifatida ko‘rishmoqda, mamlakat bahordan buyon koronavirusdan zararlanish va o‘lim darajasi bo‘yicha dunyo reytingida birinchi o‘rinda. Epidemiya boshlangan vaqtda prezident kasallik xavfini bo‘rttirib ko‘rsatishayotganini aytib, uni jiddiy qabul qilmagandi.

Nicholas Kamm / AFP / Scanpix / LETA

2020 yil 18 oktyabrida saylovoldi kampaniyasi vaqtida Donald Tramp Nevada shtatining Karson-Siti shahrida tarafdorlari bilan uchrashib, ular bilan birga raqs tushdi. Nevada byulletenlar sanalishi ko‘p vaqt olib, natijalar kechikkan shtatlardan biri bo‘ldi — Tramp va Bayden bu yerda deyarli teng ovoz oldi.

Mandel Ngan / AFP / Scanpix / LETA

Mavzuga oid