O‘zbekiston | 19:53 / 09.11.2020
57151
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari prezidentga 4ta taklif bilan chiqdi

Emlash hamshiralari tizimga qaytarilishi, shifoxonalarda bolalar va kattalar bloklari ajratilishi kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni sog‘liqni saqlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan selektorda vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonovadan tizimdagi muammolar haqida so‘radi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Bositxonova prezident savoliga javoban quyidagi 4ta asosiy taklifni bildirdi va ular davlat rahbari tomonidan ma'qullandi:

1. Shifoxonalarda kattalar va bolalar blokini ajratish. «Markaziy va oilaviy poliklinikalarda kattalar va bolalarning bitta xonada hamda bitta shifokor tomonidan umumiy holda qabul qilinishi turli muammolarga sabab bo‘lib kelmoqda», – deydi vazir o‘rinbosari.

2. Emlash hamshiralari shtatini tiklash. «O‘tgan yillar davomida tibbiyot tizimidagi qilingan ayrim noto‘g‘ri islohotlar natijasida poliklinikalardagi emlash hamshiralari shtati qisqartirib tashlandi yoki umuman yo‘q qilindi. Vaksinatsiya masalasi va millat salomatligini saqlash qanchalik muhimligini inobatga olgan holda, poliklinikalarda emlash hamshiralari shtatini tiklab, ambulator tizimga qaytarish lozim».

3. Yangi kardiorevmatologiya shifoxonasini qurish. «Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi Bolalar kardiorevmatologiya shifoxonasining bugungi kun talablariga umuman javob bermay qolgani, shifoxonadagi o‘rinlar sonining davolanuvchilar sonidan bir necha barobar kamligi bois, zamonaviy va ko‘p o‘rinli kardiorevmatologiya shifoxonasiga ehtiyoj sezilmoqda».

4. Yangi Laringit markazini qurish. «Toshkent shahridagi Laringit markazi shifoxonasida har yili 11 mingdan ortiq bemor davolanadi. Ammo shifoxona binosining o‘ta eskirgani hamda davolash jihozlarining yetishmasligi bemorlarning haqli va doimiy e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shularni inobatga olgan holda, shifoxona o‘rnida yangidan Laringit markazi qurish maqsadga muvofiq».

Davlat rahbari ushbu takliflarni qo‘llab-quvvatladi va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Vazir o‘rinbosari yig‘ilishdan keyin Kun.uz muxbiri bilan suhbatda, boshqa davlat organlaridan o‘z takliflari bo‘yicha amaliy ish kutishini va bu borada ijro mexanizmi ishlab ketsa, tizimda yechilmay kelayotgan ko‘plab muammolar hal qilinishini ta'kidlab o‘tdi.

Mavzuga oid