O‘zbekiston | 23:29 / 10.11.2020
5670
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zatom» Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik missiyasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda

2021 yilda O‘zbekistonning yadro infratuzilmasini o‘rganish bo‘yicha xalqaro agentlik missiyasi (INIR) o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda INIR-oldi missiya tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi nomidan kiritilgan o‘z-o‘zini baholash hisobotini muhokama qilish va tegishli takliflarni berish maqsadida, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (XAEA) bilan kelishuvlarga asosan 9-12 noyabr kunlari Integratsiyalashgan atom infratuzilmalari tahlili (INIR) oldi missiyasi (pre-INIR mission) videokonferens aloqa tarzida o‘tkazilmoqda.

Foto: O‘zatom

«O‘zatom» agentligining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 2021 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasining yadro infratuzilmasini o‘rganish bo‘yicha xalqaro agentlikning INIR-missiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

«Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik bilan o‘zaro o‘rnatilayotgan hamkorlik, bu birinchi o‘rinda, atom energetikasi rivojlangan yoki rivojlanayotgan mamlakatlarning tajribasini o‘rganish va tatbiq qilishdan iboratdir. Bu kabi o‘rganishlarda agentlikning keng imkoniyatlaridan foydalanib 2021 yil tashkilot missiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu missiyaga oid hisobot agentlikka kiritilgan bo‘lib, XAEA ekspertlari tomonidan ko‘rib chiqildi hamda tegishli taklif va mulohazalar berildi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, Energetika vaziri o‘rinbosari  Sherzod Xo‘jayev atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha ekspertlarni jalb qilgan holda o‘rganishlar olib borilayotgani haqida ma'lumot bergandi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning oktabr oyida Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari Vladimir Putin hamda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasiga start berishgan edi.

AES quriladigan maydon sifatida Jizzax viloyati Tuzkon ko‘li yaqinidagi maydonlardan biri tanlab olindi.

Xalqaro atom energiyasi agentligining mustaqil hukumatlararo tashkilot sifatidagi faoliyati — atomdan tinchlik yo‘lida foydalanish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. O‘zbekiston mazkur tashkilot bilan ilmiy-texnik hamkorlik doirasida atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish bo‘yicha ko‘plab loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

2019 yil sentyabrida «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachev korporatsiya yil oxiriga qadar AES qurilishi bo‘yicha asosiy shartnomani imzolash hamda 2020 yil avvalidan stansiya qurilishi bo‘yicha maydonchada ishlar boshlanishi rejalashtirilayotgani haqida aytgandi.

Mavzuga oid