Jamiyat | 13:04 / 16.11.2020
8959
7 daqiqa o‘qiladi

Urganch shahrida aholi sport maydonchasi va novvoyxona buzilayotganidan norozi

Urganch shahrining «Mustaqillik» mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolar o‘zlari yashayotgan ko‘p qavatli uylar oldida qurilish ishlari boshlangani, natijada sport maydonchasi va novvoyxona buzilayotganidan norozi bo‘lishmoqda. Tadbirkor esa qonun o‘zining tomonida ekanini ta'kidlab, qurilishni davom ettiryapti.

2020 yil 20 mart kuni Urganch shahar hokimligining 406q-qaroriga asosan, «Hamkor Construction SZJ»ga Al-Xorazmiy va Samarqand ko‘chalari tutashgan hududdagi qurilishi tugallanmagan sport maydonchasi va novvoyxona binosini buzib olib, o‘rnida ko‘p qavatli turar joy binosini qurishga ruxsat berilgan.

Shu yilning yozida ushbu hududda qurilish ishlari boshlandi. Ammo bu holat atrofdagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi odamlarning keskin noroziligini keltirib chiqardi. Ular qurilishning to‘xtatilishini, sport maydonchasi va nonvoyxonani esa saqlab qolishni talab qila boshlashadi. Natijada, quruvchi va aholi o‘rtasidagi ziddiyat kelib chiqadi. Hatto, vaziyatga bir necha marta huquq-tartibot idoralari xodimlari ham aralashishiga to‘g‘ri kelgan. Mojaro hal bo‘lmagach, viloyat va shahar rahbarlari aholi bilan uchrashib, «bu joyda hech qanday qurilish bo‘lmasligi»ni va'da qilib, odamlarni tinchlantirishgan.

2020 yil 7 iyul kuni Urganch shahar hokimligi qurilish uchun ruxsat berilgan 467q-sonli qarorini «aholining keskin noroziligini keltirib chiqargani» sababi bilan bekor qiladi. Bu haqda yangi 967q-sonli qaror ham chiqqan.

Ammo «Hamkor Construction SZJ» MChJ bu qarordan norozi bo‘lib, sudga shikoyat arizasini beradi. 14 sentyabr kuni Urganch shahar ma'muriy sudi bu arizani qanoatlantirib, Urganch shahar hokimligining 967q-qarorini bekor qiladi. Sud shahar hokimligi o‘z qarorini chiqarishda «Hamkor Construction SZJ» MChJni ogohlantirmagani, uning fikrini eshitmaganini, bundan tashqari, «Mustaqillik» mahallasi fuqarolar yig‘ini bayonnomasi borligini, unda bir necha fuqaro hududda qurilish uchun rozilik bildirib imzo qo‘yganini qayd etgan.

Darhaqiqat, «Mustaqillik» mahallasida 7 iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasini «qurilish ishlari boshlanishiga qarshi emasmiz», deb 23 kishi imzolagan. Ushbu hujjat sudga taqdim etilgan.

Hozirgi vaqtda «Hamkor Construction SZJ» MChJ qurilishi tugallanmagan sport maydonchasi o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurilishini boshlab yubordi. Bundan norozi bo‘lgan aholi esa turli tashkilot va idoralarga ketma-ket shikoyat xatlarini yubormoqda.

«2014 yilda shu hudud obod qilindi. Sport maydonchasi, novvoyxona, mahalla guzari qurilishini va'da qilishdi. Bolalarimiz shu maydonchada futbol, tennis o‘ynab kelishardi. Bu maydoncha nega buzildi, nima uchun bunga ruxsat berildi. Endi bolalarimiz qayerda o‘ynaydi?», deydi 68 yoshli pensioner Tatyana Kobzar.

«Mustaqillik» mahallasi fuqarolar yig‘inida majlis o‘tkazilib, 23 kishi qurilishga rozilik berib, bayonnomani imzolabdi. Ammo nega bizni, norozi bo‘lib turganlarni yig‘ilishga chaqirishmadi? Biz qurilishga rozilik bermaganmiz. Bizni hech kim yig‘ilishga chaqirmadi», dedi 60 yoshli Galina Shamuratova.

Qayd etish joizki, O‘zbekistonda aholi yashash joylarida qurilish ishlarini olib borish Shaharsozlik kodeksi bilan tartibga solinadi. Uning 4-moddasi yettinchi qismiga ko‘ra, agar shaharsozlik faoliyati jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga zid bo‘lsa, bunday faoliyat tugatilishi kerak deyilgan. Bu moddaga kengroq sharh beradigan bo‘lsak, har qanday qurilish ishlari loyihalashtirilishi va boshlanishidan oldin, shu hududdagi fuqarolar, korxona va tashkilotlarning manfaatlariga zid emasligi tekshirilishi, ularning roziligi olinishi shart hisoblanadi.

«Hamkor Construction SZJ» MChJ rahbari Javlon Narmetov yer o‘ziga tegishli ekanini va qonun ham o‘z tomonida ekanini ta'kidlab, qurilishni davom ettirishini ma'lum qildi.

«2018 yilda bu yerni «Qilich Baqqol Qurilish Invest» MChJdan sotib olganman. Qonun bo‘yicha yer meniki, mulk daxlsizligi ham ta'minlanishi shart. Sud ham mening haq ekanimni tasdiqladi. Bu yerda qurilish boshlanishiga rozilik bildirib, 23 kishi bayonnomani imzolagan. Mahallada 6 ming fuqaro yashaydi. Ularning har biridan rozilik olishning iloji yo‘q. Qurilish uchun barcha hujjatlarni tayyorlaganman», dedi u.

Hozirgi vaqtda aholi va quruvchi o‘rtasidagi ziddiyat yanada keskinlashgan va o‘zaro ayblovlar darajasiga o‘tib ketgan. Norozi fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarda rahbarlar nomiga murojaatlar qilishmoqda, turli idoralarga ketma-ket shikoyat xatlarini yuborishmoqda. Ularning so‘nggisiga 44 kishi imzo chekkan.

So‘nggi paytlarda ko‘p qavatli uylar oldidagi maydonchalar, dam olish hududlari, «yashil orollar» – bo‘sh turgan joy deb talqin qilinib, turli qurilish obektlari uchun ajratilmoqda. Afsuski, ko‘p qavatli uylar orasida har xil binolar qurilib, kundan kunga «nafas olgani joy qolmayapti». Bunday yerlarni qurilish uchun ajratish jarayonida aholining fikri o‘rganilmayapti, hisobga olinmayapti. Natijada, ko‘plab ziddiyatlar, noroziliklar kelib chiqmoqda. Biz o‘rgangan voqea bunga yaqqol misoldir.

Yana bir narsa hayron qoldiradi. 14 sentyabr kuni Urganch shahar ma'muriy sudi mahkamasida bu masala ko‘rib chiqilganida, norozi bo‘lib turgan aholidan hech kim chaqirilmagan. Nega sudda ulardan norozilik sababi bir og‘iz so‘ralmadi? Aksincha, mahalladagi 23 kishi imzolagan, «hamma rozi» qabilidagi hujjat taqdim qilindi? Nima uchun mahalliy idoralar ijtimoiy tajanglikni yumshatish choralarini ko‘rmayapti?

Urganch shahar hokimligiga bu ziddiyat qanday hal qilinishi rejalashtirilayotgani, aholining talabiga qanday munosabat bo‘lishi, sudning qarori ustidan apellyatsiya beriladimi yoki yo‘qmi degan savollarni berdik. Ammo, hozircha hokimlik tomonidan hech qanday javob bo‘lmadi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid