Iqtisodiyot | 17:47 / 18.11.2020
8213
3 daqiqa o‘qiladi

2020 yilda talon-toroj qilish jinoyatlari sababli davlat budjetiga 260 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan – Bosh prokuratura

Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bo‘lim boshlig‘i Farhod Ochilov budjet mablag‘larining talon-toroj qilinishi holatlari statistikasini keltirdi.

«Departament organlari tomonidan joriy yilning 10 oyida o‘tkazilgan manzilli tezkor tadbirlar natijasida davlat boshqaruvi organlari, ta'lim, sog‘liqni saqlash, bank-moliya, yoqilg‘i-energetika, qurilish sohalarida jami 436ta holatda budjet mablag‘larini talon-toroj qilish jinoyatlari fosh etilib, davlat budjetiga 260 mlrd so‘mdan ortiq miqdorda zarar yetkazilgani aniqlangan.

Shu bilan birga, budjet tashkilotlari bilan bog‘liq sub'yektlar hisobida olinadigan bo‘lsa, mansab vakolatini suiiste'mol qilish hamda soxtakorlikka yo‘l qo‘yish bilan bog‘liq 89ta jinoyatga chek qo‘yilgan. Jumladan, bu jinoyatlarning 120tasi, ya'ni bu davlat boshqaruvi sohasi – hokimiyat, soliq, kadastr, mahalla va boshqalar hisobiga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, 98tasi ta'lim, 69tasi bank va moliya tashkilotlari, 48tasi sog‘liqni saqlash, 30tasi yoqilg‘i energetika, 24tasi davlat sanitariya, 9tasi bozorlar va savdo komplekslari (bu yerda ham davlat manfaati bor, davlat ulushi borligi uchun ular ham hisobga olinadi) va 127ta holatda boshqa davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazilgani bilan bog‘liq holatlar inobatga olingan.

Budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan qurilish sohasidagi jinoyatlar ham fosh etilyapti. Ushbu yo‘nalishda 187ta jinoyat fosh etilib, qariyb 60 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan.

Xuddi shunday manzilli dasturga kiritilgan ijtimoiy soha obektlarini qurish va rekonstruksiya qilishda budjet mablag‘larining talon-toroj qilinishi bilan bog‘liq 39ta jinoyat fosh etilgan», dedi Farhod Ochilov «Davlat xaridlari: ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash, tizimni takomillashtirishning dolzarb jihatlari» mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Mavzuga oid