O‘qituvchilarning ming dollarlik maosh orzusi va “asfaltdan muhimroq” festivallar - hafta dayjesti
5 ta yirik kompaniya soliq to‘lashni keskin kamaytirdi: davlat budjeti kamida 66 ta maktab qurishga yetadigan pulsiz qoldi. Ming dollar olayotgan o‘qituvchilar nechta: ta’lim vaziri va uning o‘rinbosari ikki xil ma’lumotni aytdi. Ozodbek Nazarbekovdan yana bir shov-shuvli bayonot: madaniy festivallar ko‘chani asfalt qilishdan muhimroqmi? Haftaning muhim mavzulari – Kun.uz dayjestida.
“Festivallar o‘tkazish ko‘chani asfalt qilishdan muhimroq” — Ozodbek Nazarbekov
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov yana muhokamalar markazida. Muhokama mavzusi ham o‘sha-o‘sha: davlat budjeti. Amaldor oxirgi vaqtlarda soni anchagina ko‘paygan madaniy festivallar nega kerakligini tushuntirib, bunday tadbirlarni o‘tkazish ko‘chani asfalt qilishdan muhimroqligini aytdi.
“Xalqaro maydondagi beqarorliklar va boshqaruv imkoniyatlari qanaqadir qora kuchlarda ekani bugun ko‘rinib turibdi, buni butun dunyo ko‘ryapti. Biz mana shunday davrda o‘zimizning qadriyatlarimiz, madaniyatimizni mahkam tutgan va butun dunyoni shu pozitsiyaga chorlagan holda bunday illatlar yoki tahdidlarga qarshi tura olamiz.
“Sizlar ko‘p savol berasizlar bizga: “Maqom” festivali qilyapsizlar, “Baxshichilik”, “Hunarmandlar” festivallari qilyapsizlar, bular kerakmi, kerakmasmi, undan ko‘ra asfalt qilgan yaxshimasmi, degan millionta har xil fikrlar bor. Kechirsizlaru, hozir bu muammo bitta ko‘chani asfalt qilgandan ko‘ra muhimroq. Chunki inson madaniyatiga tahdid bostirib kelyapti, shuning uchun bunaqa festivallarga 3−5 mlrd so‘m ishlatish, menimcha, inson kelajagini asrab qolishda juda muhim”, – dedi Nazarbekov.
Madaniyat vazirligi turli festivallar o‘tkazish, har xil portallar yaratish, “Ovoz” loyihasi va boshqa xarajatlari sabab oxirgi vaqtlarda budjet pullarini sovurayotganlikda eng ko‘p ayblanadigan tashkilotlardan biriga aylangan. Vazirning navbatdagi chiqishi ham tarmoqlarda minglab salbiy izohlar bilan qarshi olindi, mem suratlar ham tayyorlandi. Suratlarda loy kechib maktabga ketayotgan bolalar Ozodbek Nazarbekovga “rahmat” aytayotgani, bolasini loy ko‘chadan o‘tkazib qo‘yayotgan ota unga nega bu yer asfalt qilinmayotganini tushuntirayotgani aks etgan.
Maktab o‘qituvchilarining 1,1 foizi ming dollar maosh olayotgani aytildi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rahbarlari va’da qilingan ming dollarlik oylik o‘qituvchilarning aksariyati uchun haligacha orzu bo‘lib qolayotganiga izoh berdi. Yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin matbuot anjumani o‘tkazgan vazir Hilola Umarova, jurnalistlarning bu haqdagi savoliga javoban, oyliklar oshirilishi kutilgan darajada bo‘lmayotganining sabablariga to‘xtalmadi, faqat qilingan va qilinayotgan ishlar haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident topshirig‘i asosida toifasi yuqori o‘qituvchilarning maoshini oshirish masalasi ko‘rib chiqilyapti. Hozirgi paytda har xil ustamalar yo‘lga qo‘yilgani va vazir jamg‘armasi tashkil etilgani hisobiga, maktablarda ming dollar va undan yuqori miqdorda maosh olayotgan o‘qituvchilar soni 6 mingdan oshgan, dedi Hilola Umarova.
Muammo shundaki, 6 ming nafar o‘qituvchi – tizimdagi jami o‘qituvchilarning atigi 1,1 foizini tashkil etadi. Lekin hatto shu raqamni ham tekshirish kerakka o‘xshaydi. Chunki vazir o‘z nutqida “ming dollar va undan yuqori maosh olayotganlar soni 6 mingdan ziyod” degan bo‘lsa, uning moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Temur Komilov “6 mingga yaqin o‘qituvchi 10 mln so‘mdan ko‘proq” maosh olayotganini aytdi. 10 mln so‘m va ming dollar o‘rtasida yaxshigina farq paydo bo‘lganiga esa ancha bo‘lgan.
Komilovning so‘zlariga ko‘ra, hozir maktablardagi o‘qituvchilarning qariyb yarmi – 250 mingga yaqini 3 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha maosh olyapti. Oyliklarni 1 mln so‘mga oshirish uchun yiliga 7 trln so‘mdan ko‘p pul kerak. “Hamma birdek ming dollar oylik oladi degan narsa – utopiya”, dedi vazir o‘rinbosari.
Bir qator davlat korxonalari soliq to‘lovlarini keskin kamaytirdi
Oyliklarni oshirishga budjetda pul yo‘qligi aytilgan haftada, yirik energetika korxonalari soliq to‘lashni keskin kamaytirgani ma’lum bo‘ldi. 7 oylik yakunlariga ko‘ra, soliq tushumlari “O‘zbekneftgaz”da 24 foizga, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 42 foizga, “Issiqlik elektr stansiyalari”da esa 2,2 barobarga kamayib ketgan. O‘zbekistondagi eng katta gaz konlaridan birini boshqaruvchi “Uz-Kor Gas Chemical” kompaniyasi esa soliq to‘lovlarini 3,2 barobarga kamaytirgan.
Soliq qo‘mitasi e’lon qilgan top-20talik ro‘yxatdan “Uzbekistan GTL” zavodi chiqib ketgani ham e’tiborga loyiq. Mavjud ma’lumotlardan kelib chiqilsa, Qashqadaryoda qurilgan mega zavod soliq to‘lovlarini kamida 1,5 barobarga kamaytirgani oydinlashadi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq GTL zavodi dizel ishlab chiqarishni boshlaganidan keyin O‘zbekistonga dizel importi kamayish o‘rniga, 7 barobarga oshgani ma’lum bo‘lgandi.
Yoqilg‘i-energetika sohasidagi bu kompaniyalar qatorida, “O‘zmetkombinat” ham soliq to‘lovlarini 33 foizga kamaytirgan. Agar sanab o‘tilgan shu beshta davlat korxonasi hech bo‘lmasa o‘tgan yilgi darajada soliq to‘laganida edi, 7 oy davomida budjetga 1,3 trillion so‘m ko‘proq pul tushgan bo‘lardi. Yuqorida aytganimiz matbuot anjumanida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov bergan ma’lumotga ko‘ra, 660 o‘rinli bitta maktab qurilishi 19,5 mlrd so‘mga tushadi. Shundan kelib chiqilsa, davlatning 5 ta yirik kompaniyasi 7 oy davomida to‘lamagan soliqlarni pul yo‘qligi uchun qurilmagan 66 ta maktabga tenglashtirishimiz mumkin.
Aytib o‘tganimiz yirik korxonalar soliq to‘lovlarini necha bunchalik keskin kamaytirib yuborgani aniq emas, bu borada rasmiy izohga zarurat bor. Ular bilan birga, xususiylashtirilgan “Qizilqumsement” va ishonchli boshqaruvga berilgan “O‘zbekko‘mir” ham eng ko‘p soliq to‘lovchilar ro‘yxatidan chiqib ketgani e’tiborga molik. Shularga qaramay, ishlab chiqarish sohasidagi o‘n minglab korxonalarning umumiy soliq tushumlari 6,4 foizga o‘sgan. Bu degani, yirik korxonalar to‘lamayotgan soliqlarning yuki o‘rta va kichik korxonalarning gardaniga tushyapti.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz avvalroq energetika sohasidagi boshqa bir gigant kompaniya – “O‘ztransgaz” soliq to‘lovlarini 6 barobarga kamaytirib yuborganiga e’tibor qaratgan edi. Shuningdek, o‘tgan yili “O‘zbekneftgaz”ning sof foydasi salkam 5 barobarga kamaygan, kompaniyaning xalqaro reytingi pasayib, prognoz salbiyga o‘zgartirilgandi.
Humo'ni sotib olishga Uzum va Kaspi da’vogarmi?
O‘zbekistonning eng yirik soliq to‘lovchilaridan yana biri bu hafta jamoatchilik diqqat markaziga tushdi. 8 oy oldin Humo to‘lov tizimi xususiylashtirilmaydi deb bayonot bergan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi o‘tgan oyda uni sotish jarayonlarini boshlagan edi. Ma’lum bo‘lishicha, agentlik saytida berilgan e’lonning o‘zbekcha va ruscha versiyalarida investorlardan arizalar qabul qilishning oxirgi kuni 22 avgust, ingliz tilidagi e’londa esa 30 avgust deb ko‘rsatilgan. Iqtisodchi Otabek Bakirov bunga e’tibor qaratishi ortidan, inglizcha e’londa ham sana 22 avgust deb o‘zgartirib qo‘yilgan. Bu esa shu kuni arizalar qabul qilish to‘xtatilganini anglatadi. Bakirovning yozishicha, kamida uchta xorijiy talabgor Humo'ni sotib olish uchun ariza topshira olmagan, bu esa o‘zbekistonliklar yana bir shubhali xususiylashtirishga guvoh bo‘lishi mumkinligidan darak beradi.
Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, Humo to‘lov tizimi O‘zbekistondagi uncha-muncha bankdan qimmatroq turadi. Kompaniyaning birinchi yarim yillikdagi sof foydasi 1,5 barobarga ko‘payib, 70 mlrd so‘mdan oshgan. Spot.uz nashri suhbatlashgan ekspertlar Humo'ning minimal narxini 60-80 mln dollarga baholamoqda.
Ariza topshira olmay qolganlar qatorida Qozog‘istonning Kaspi fintex kompaniyasi ham bor-yo‘qligi ma’lum emas. Kompaniya asoschisi va rahbari Mixail Lomtadze 27 avgust kuni “Forbes Qozog‘iston” nashrida qilgan chiqishida Humo'ni xususiylashtirish bo‘yicha konsultant Deloitte'ga tegishli xat yuborilganini ma’lum qildi.
Kaspi – Qozog‘istondagi eng muvaffaqiyatli, gigant bizneslardan biri. Aksiyalari Amerikaning NASDAQ birjasida sotiladi. 2020 yilda IPO o‘tkazib, naq 21 mlrd dollarga baholangan va Markaziy Osiyodagi birinchi “unicorn” deb e’tirof etilgandi. Kompaniyaning juda tez o‘sayotgan O‘zbekiston fintex bozoriga kirib kelishi avvaldan taxmin qilingan edi, chunki Qozog‘istonning moliyaviy xizmatlar va marketpleyslar bozori to‘liq egallab bo‘lingan, o‘sish va kengayish uchun ichki bozorda imkoniyat qolmagan. Shunday sharoitda Kaspi'ning Humo'ni sotib olgan holda O‘zbekistonda paydo bo‘lishi bozorda ancha jiddiy o‘yinchi paydo bo‘lganini anglatadi.
Qozoq gigantining bu qiziqishi Humo'ni ko‘z ostiga olgan mahalliy investorlarni xursand qilmayotgani aniq. Ijtimoiy tarmoqlarda milliy to‘lov tizimining xorij kompaniyasi qo‘liga o‘tishi xavfli degan mazmundagi postlar tarqatildi. Humo'ni sotib olishga asosiy da’vogarlardan biri Uzum ekotizimi ekani aytilyapti. O‘z navbatida, ekspertlar Humo'ning o‘z bankiga ega Uzum ixtiyoriga o‘tishi banklararo raqobatga putur yetkazishi mumkinligidan xavotirda.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Mustaqillik bayrami arafasida bir necha yuz o‘zbekistonlik davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Bir qator hukumat a’zolari, viloyatlar hokimlari va boshqa taniqli siyosatchilar ham shular jumlasidan. Ular orasida energetika vaziri, ekologiya vaziri, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori, Soliq qo‘mitasi raisi, Surxondaryo va Andijon viloyatlari hokimlari kabi oxirgi vaqtlarda jamoatchilik tanqidiga nishon bo‘lgan amaldorlar ham bor.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar qatorida Parij olimpiadasi sovrindorlari ham bor. Mukofotlarni topshirish marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev keyingi olimpiadada endi top-o‘ntalikka kirishni maqsad qilish kerakligini aytdi. Hafta davomida, shuningdek, Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligi tomonidan sovrindor sportchilarga navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi.
Yengil atletikachi Asila Mirzayorova Paralimpiada rekordini yangilab, O‘zbekistonga ilk oltin medalni olib berdi. T11 klassida uzunlikka sakrash dasturida ishtirok etgan sportchi avvaliga 5,22 metr natija ko‘rsatib, rekord o‘rnatgan bo‘lsa, keyingi sakrashda 5,24 metr natija bilan o‘z rekordini o‘zi yangiladi. Shu kuni yadro uloqtirishda Qudratulla Ma’rufxo‘jayev ham oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shanba kungi bahslardan oldin O‘zbekiston 2 tadan oltin, kumush va bronza – jami 6 ta medal bilan umumjamo hisobida 8-o‘rinni egallab turibdi.
Boyning bolasi jinoyat qilsa – sho‘xlik, kambag‘alning bolasi sho‘xlik qilsa – jinoyat, deganlari bejiz emas. Namanganda sud hokimning o‘g‘liga boshqacha, oddiy fuqaroga boshqacha munosabatda bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, Pop tumani hokimining o‘g‘li fermer xo‘jaligi rahbari sifatida 200 mln so‘mdan oshiq elektr tokini o‘g‘rilagani uchun qamoqqa olinib, 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, lekin keyinroq viloyat sudi uni qamoqdan ozod qilgan. Ayni shu sud shunday ishda Jinoyat kodeksining bir xil moddasi bilan ayblangan oddiy fuqaroning apellyatsiya shikoyatini rad etib, unga 2,5 yillik qamoq jazosini o‘zgarishsiz qoldirdi.
Rossiya O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini maksimal darajada ko‘paytirgan. Bu haqda “Gazprom” raisi Aleksey Miller ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “O‘rta Osiyo – Markaz” quvuri orqali gaz uzatishning texnik imkoniyatidan maksimal darajada foydalanilmoqda. O‘zbekistonga hozirgi gaz uzatish hajmlarimiz o‘tgan yili qish vaqtidagi hajmlar bilan teng, dedi Miller. Ma’lum qilinishicha, yanvar-avgust oylarida Rossiya Markaziy Osiyoga yetkazib bergan gaz hajmi 2 barobarga ko‘paygan.
Mavzuga oid
22:05 / 23.11.2024
DXX raisining ishdan olinishi, Andijonda Boburga “hujum” va tugagan saylov - hafta dayjesti
12:27 / 22.11.2024
Bir qator yirik soliq to‘lovchilarning davlat budjetidagi ulushi qisqaradi
12:40 / 19.11.2024
2025 yilda tuman va shaharlar budjetlari 1,5 barobarga oshadi
14:37 / 18.11.2024