Jamiyat | 15:04 / 19.11.2020
25438
4 daqiqa o‘qiladi

«Nogironlik – birinchi navbatda inson huquqlari masalasi» - Ziroat Mirziyoyeva inklyuziv ta'limga e'tiborni oshirishga chaqirdi

«Zamin» xalqaro jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva bolalar ta'limiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro veb-forumda nutq so‘zladi.

«Bolalarning ta'lim olish huquqi: pandemiya davridagi dolzarblik, bardavomlik va innovatsiyalar» mavzusidagi forum «Zamin» fondi va BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida, 20 noyabr – Jahon bolalar kuni arafasida tashkil etildi.

Ziroat Mirziyoyeva o‘z nutqida nogironligi bo‘lgan bolalar ta'limi achinarli ahvolda qolayotganini qayd etdi.

«YuNeSKO ma'lumotlariga ko‘ra, pandemiya tufayli hanuzgacha dunyodagi maktab o‘quvchilarining uchdan bir qismi an'anaviy ta'lim olish imkoniyatiga qayta olmayapti. Bu juda achinarli albatta. Ushbu muammo onlayn o‘quv kurslari orqali qisman hal qilinishiga erishilyapti. Lekin nogironligi bo‘lgan bolalar ta'limi masalasi hanuzgacha juda achinarli ahvolda qolmoqda.

Bugun fursatdan foydalanib, ushbu bolalarga ham boshqa bolalar kabi teng imkoniyat va sharoit yaratish, ularning barcha huquqlarini ta'minlash o‘ta muhim masala ekanini ta'kidlamoqchiman. Va nafaqat davlat idorasi mutassadilari, balki butun jamoatchilikni mazkur masalaga jiddiy mas'uliyat bilan qarashga chaqirib qolaman.

Chunki har bir bolaning o‘zligi bor. Bolalar har xil bo‘lganligi bilan ularning huquqlari teng bo‘lishi lozim. Shu sababli ta'lim jarayonlarida har bir bola uchun individual yondashuvni topish, hech bir o‘g‘il va qizni e'tibordan chetda qoldirmaslik zarur», – dedi u.

Fond raisi nogironlik tibbiy masala emas, birinchi navbatda inson huquqlari masalasi ekanini ta'kidladi.

«O‘tgan davrda bu sohada mustahkam huquqiy poydevor yaratildi, o‘nlab qonunlar qabul qilindi. Respublikamiz BMTning «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyasiga qo‘shildi va uning ratifikatsiya qilinishi ilk xalqaro hujjatlardan biri bo‘ldi.

Shu yilning 23 sentyabr kuni qabul qilingan yangi tahrirdagi «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunga ilk bora «inklyuziv ta'lim» tushunchasi kiritildi. Shuningdek, «Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida»gi qonunda ilk bor «nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik» tamoyili kiritildi.

Nogironlik endilikda tibbiy masala emas, balki birinchi navbatda inson huquqlari masalasi deya qonuniy e'tirof etildi.

Shuni ta'kidlash joizki, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun to‘siqlardan xoli va inklyuziv muhitni yaratish orqali ularning to‘liq va sifatli ta'lim olishini ta'minlash – bola huquqlarini amalga oshirishning samarali yo‘llaridan biridir», – dedi Ziroat Mirziyoyeva.

«Zamin» fondi rahbari nogironligi bo‘lgan bolalarning barcha bilan teng bo‘lishi va o‘z o‘rinlarini topishi uchun shart-sharoitlar yaratib berish fondning asosiy maqsadlaridan biri ekanini ta'kidladi. Uning qayd etishicha, fond eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun ta'limni rivojlantirish dasturini ishlab chiqqan va uning asosida «Zamin Education», «Inklyuziv ta'limni qo‘llash» loyihalari amalga oshirilmoqda.

Ziroat Mirziyoyeva o‘z so‘zida Jahon bolalar kuni arafasida bu kabi xalqaro forumni har yili o‘tkazishni taklif qildi.

«Jahon bolalar kuni munosabati bilan, dunyodagi barcha bolalar va ularning huquqlariga hurmat izhor etish maqsadida bugun soat 18:00dan boshlab O‘zbekistondagi tarixiy va zamonaviy binolar moviy rangda yoritiladi. Bu – bolalarimizga o‘z mehrimizni yana bir bor izhor qilishimizning ifodasidir», – dedi «Zamin» xalqaro jamoat fondi vasiylik kengashi raisi.

Mavzuga oid