Jamiyat | 20:07 / 03.12.2024
3012
6 daqiqa o‘qiladi

“Qaror qabul qilishda nogironligi bor shaxslar ham ishtirok etishi shart” – O‘zbekistonda nogironlik muammolari haqida

3 dekabr – xalqaro nogironligi bor shaxslar kuni, bu sanada ularning muammolari haqida ko‘p va xo‘b gapiriladi. Nogironligi bor shaxslarning aytishicha, ular uchun bu kun bayram emas. Xo‘sh, ularning qanday muammolari bor, o‘zlari ko‘proq nima istashadi? Kun.uz shu savollar bilan ularga mikrofon tutdi.

Jamiyatga qo‘shilishni istaymiz”

Madina Po‘latova hozirda SMM menejeri bo‘lib ishlaydi. Uning fikricha, jamiyatga hozir ularni boricha qabul qilish madaniyati yetishmaydi.

Bizning jamiyatda nogironligi bor shaxslarni [boricha] qabul qilish madaniyati yetishmaydi. Biz buni bog‘chadan, maktabdan rivojlantirishni boshlashimiz kerak. Chunki katta yoshli odam nogironligi bor odam tushunchasini tushunishi o‘z-o‘zidan qiyinlashadi. Bolalikdan buni ko‘rib-bilib yursa, nogironligi bor shaxslarni qabul qilishi ham osonlashadi, ularning jamiyatga integratsiya bo‘lishi osonlashadi”, — deydi Madina Po‘latova.

Huquqshunos Mirsaid Muxtorov jamiyatdagi mavjud stereotiplarni sindirish kerak deb hisoblaydi.

Jamiyatning o‘zida stereotiplar bor. Nogironligi bor shaxslarni kasal odamlar deb hisoblashadi. Jamiyat nogironligi bo‘lgan shaxslarni to‘g‘ri tushunishi kerak. Bunda jamiyatga ta’siri bor shaxslar buning xato ekanligini tushuntirishi lozim. Har bir jamiyatda mashhurlar yoki ko‘pchilik e’tiboriga sazovor shaxslar tomonidan nogironlar huquqlarini targ‘ib qilish va to‘g‘ri tushuntirish jamiyatni sekin-asta o‘zgartiradi”, — deydi Mirsaid Muxtorov.

Abdurahmon Akramov O‘zbekiston nogironlar shashka federatsiyasi raisi o‘rinbosari. U nogironligi bor shaxslarning jamiyatga integratsiyasidagi asosiy to‘siq sifatida odamlarning nogironlik holatlari haqida to‘g‘ri ma’lumotga ega emasligida deb biladi.

Nogironligi bor shaxslarning jamiyatga qo‘shilib ketishi haqidagi targ‘ibotlar aksar hollarda ularning o‘zlari bilan amalga oshiriladi. Ha, ularning hammasida jamiyatga qo‘shilib ketish xohishi bor. Lekin men biror marta nogironligi yo‘q shaxslarni yig‘ib, bu borada targ‘ibot o‘tkazishganini ko‘rmaganman.

Asosiy to‘siq bu — nogironlik holatlari haqida to‘g‘ri ma’lumotga ega emaslikda. Agar aholining barcha qatlami nogironlik holatlari haqida yetarli tasavvurga ega bo‘lsa, jamiyatga qo‘shilib ketishimizda katta muammo bo‘lmaydi”, — deydi Abdurahmon Akramov.

“Bizga imtiyozlar kerak emas”

Huquqshunos Mirsaid Muxtorovning fikricha, sharoit yetarli bo‘lsa, imtiyozlarga o‘rin qolmaydi.

Odatda, imkoniyat sharoit bo‘lmaganidan yaratiladi. Sharoit yetarli bo‘lsa, imtiyozning hojati qolmaydi. Masalan, universitetlarda imkoniyati cheklangan talabalarga kirish imtiyozlarini yaratishimiz yaxshi, ammo shu imtiyozlarga yarasha resurslarni o‘zlashtirish uchun sharoitlar ham bo‘lishi kerak. Xuddi odatiy talabalarga o‘quv auditoriyalarida ular o‘zlashtira olishlari uchun yaratilgan sharoitlardek”, — deydi huquqshunos.

Madina Po‘latova ham nogironligi bor shaxslar uchun alohida imtiyozlar emas, balki ularning boshqalar bilan birdek turmush-tarzini kechirishi uchun sharoit yaratish kerak degan fikrni ilgari surdi.

“Yo‘q, bizga alohida imtiyozlar ajratish kerak emas, bizga sharoit kerak. Qolaversa, insonlarga yaxshilik qilish uchun, ularning holidan xabar olish uchun yil davomida alohida bir kunni kutish shart emas”, — deydi Madina.

Biz haqimizdagi qarorlar qabul qilinishida nogironligi bor shaxslar ishtirok etishi kerak”

Abdurahmon Akramovning ta’kidlashicha, nogironligi bor shaxslar haqida qarorlar qabul qilinishida ularning ishtiroki ta’minlanishi lozim.

Xalqimizda bir gap bor: “Tanasi boshqa dard bilmas”. Aksar hollarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilayotgan qarorlar jarayonida ularning o‘zi ishtirok etmasligi, aksincha, ma’lum bir tor doiralarda bu qarorlar qabul qilinishi ularning hayotini qiyinlashtiradi. Ular o‘zlariga nima kerakligini bildirish imkoniga ega bo‘lishi uchun, ularni tinglash kerak”, — deydi u.

3 dekabr biz uchun bayram emas”

Suhbatdoshlar 3 dekabr bayram sifatida emas, balki muammolar aytilishi, yechimlari izlanishi, taklif qilinishi kerak bo‘lgan kun sifatida ko‘rilishi lozimligini ta’kidlashdi.

Ushbu kunni bayram sifatida nishonlab, turli konsert dasturlari tashkil etish an’anasi keng tarqalgan. Bu sanani bayram sifatida nishonlash, xuddi narkotikka o‘xshaydi, vaqtinchalik komfort beradi. Ta’siri ketgandan keyin esa eski holatga qaytarib qo‘yadi. Aslida bu kunni muammolarni eshitib, ularni o‘rganib, yechimlar taklif qiladigan kun sifatida ko‘rishimiz kerak”, — deydi Mirsaid Muxtorov.

Intervyuni Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasi orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Gavhar Ziyodullayeva suhbatlashdi
Operator va montaj ustasi Sherzod Egamberdiyev

Mavzuga oid