«Psixologlar ular bilan ishlaganida vaziyat boshqacha bo‘lardi». Namanganda o‘zini yoqib yuborgan ayol voqeasiga munosabat bildirildi
Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Feruza Eshmatova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Namanganda majburiy ijro vaqtida o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘lgan ayol voqeasi yuzasidan munosabat bildirdi.
Qo‘mita rasmiysining aytishicha, bu jarayonda mahalla faollari bilan birga psixologlarni jalb qilish vaziyatni o‘zgartirishi mumkin edi. Qolaversa, aksariyat xotin-qizlar huquqlarining buzilishi ular o‘z huquqlarini bilmasligi oqibatida ham kelib chiqmoqda.
«Namanganda bo‘lgan noxush holatni biz ham o‘rgandik. Hozirda jarayon qanday bo‘lgani bo‘yicha tergov harakatlari olib borilyapti. Lekin baribir o‘sha yerdagi mas'ullarning ham mas'uliyatini ozgina kuchaytirish kerak bo‘ladi. Biz har doim aytamiz, bu kabi vaziyatlarda psixologlar ham yaxshi harakat qilishlari kerak! Mana shunday muammolar bor ekan, psixologlarni jalb qilish lozim. Agarda psixologlar ular bilan ishlaganida vaziyat anchagina boshqa tomonga o‘zgargan bo‘lardi. Mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan birgalikda ishlash kerak edi.
Xotin-qizlarimizning tadbirkorlikdan, chiqarilayotgan qonunlardan, ularga yaratilayotgan imkoniyatlardan xabardorligi past. Ular bilan ishlashimiz, huquqlaridan xabardorligini oshirishimiz kerak.
To‘g‘ri, bu yo‘nalishda vazirliklar, Senat, Qonunchilik palatasi va boshqa tashkilotlar ishlayapti. Lekin baribir oldimizda bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalar ko‘p.
Umuman olganda, ayollar huquqlarining buzilishi aynan bexabarlik oqibatida kelib chiqmoqda. Ko‘p mavzular ijtimoiy tarmoqlar, televideniye orqali ochiq-oydin muhokama qilinyapti. Buning natijasida aytilgan muammolar senatorlar tomonidan o‘sha joyga borib o‘rganilyapti. Lekin baribir hali oldimizda turgan muammolar ko‘p», dedi qo‘mita raisi.
Shuningdek, Feruza Eshmatova ta'lim va bir necha sohalarda xotin-qizlar qamrovi kamligi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonga birinchi galda ota-onalar mas'uldir.
«Hamma narsani tarbiyadan boshlashimiz kerak. Uyda, maktabda, bog‘chada ham, umuman bola tug‘ilganidayoq shuni o‘rgatishimiz kerakki, qiz farzand ham, o‘g‘il ham bir xil huquq va imkoniyatlarga ega. Ayniqsa, qizlarning ta'limiga katta e'tibor qaratishimiz kerak. Ularning oliy ta'limga qamrovini ko‘paytirishimiz, kitobga qiziqishini kuchaytirishimiz lozim. Farzandini o‘qish va bilimga yo‘naltirishga ota-ona mas'ul hisoblanadi.
Hozir O‘zbekistonda qizlarning oliy ta'limga qamrovi o‘g‘il bolalarnikiga nisbatan kam. To‘g‘ri, pedagogika va til yo‘nalishlarida ko‘proqdir, tibbiyotda ham bor. Lekin axborot texnologiyalari, yurisprudensiya, neft-gaz, energetika sohalarida xotin-qizlarimiz soni kam», deb ta'kidladi Feruza Eshmatova.
Mavzuga oid
16:53 / 22.11.2024
Namanganda 4 kishini Britaniyaga ishga yuborish evaziga 12 ming dollar olgan shaxs ushlandi
16:34 / 18.11.2024
“Manzil”: Dengiz sathidan 3000 metr balandlikdagi ko‘l – Arashan buloqqa sayohat
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
21:11 / 11.11.2024