O‘zbekiston | 10:36 / 20.11.2020
8531
2 daqiqa o‘qiladi

EIZ ishtirokchilarining soliq imtiyozlari 2020 yil 1 aprelgacha amal qilishi belgilandi - Mubin Mirzayev

Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekistonda faoliyat olib boruvchi erkin iqtisodiy zona ishtirokchilarining soliq imtiyozlari shu yilning 1 apreliga qadar amal qilishini bildirdi. Avvalroq, imtiyozlar yil boshidan o‘z kuchini yo‘qotgani tufayli tadbirkorlarga soliq talabnomalari yuborilgandi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev erkin iqtisodiy zona ishtirokchilarining soliq solishdan bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirish sharti bilan berilgan QQS imtiyozlari shu yilning 1 apreliga qadar amal qilishini bildirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Soliq kodeksi yangi tahrirda qabul qilinishi sababli ushbu imtiyozlar bekor qilindi. Imtiyozlarning o‘z kuchini yo‘qotishi kodeks qabul qilinishi (2020 yil 1 yanvar – tahr.) bilan amal qiladimi yoki yo‘qmi? Moliya vazirligi bilan kelishib, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozlar 2020 yil 1 aprelga qadar amal qilinishi inobatga olinmoqda. Bu masala yuzasidan vazirlik va qo‘mitaning qo‘shma xati hududlarga tez orada yuboriladi», — dedi DSQ raisining birinchi o‘rinbosari Mirzayev.

Mubin Mirzayevning ta'kidlashicha, ayni paytda soliq organlari tomonidan imtiyozlar bekor qilinishi natijasida 1 yanvardan soliq solinishi haqidagi tadbirkorlik sub'yektlariga yuborilgan talabnomalar chaqirib olinadi.

2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 473-moddasiga muvofiq, erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga faqat mol-mulk solig‘idan, yer solig‘idan va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod qilish tarzida soliq imtiyozlari berilgan.

Shuningdek, Soliq kodeksining 75-moddasida «QQS bo‘yicha imtiyozlar, shu jumladan, tovarlar O‘zbekiston hududiga olib kirilishida (importida) soliq solishdan bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirish sharti bilan berilishi mumkin emasligi» hamda 266-moddasida barcha soliq to‘lovchilar «budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasini aniqlashda faqat to‘langan soliq summalarini hisobga olishi» belgilandi.

Mavzuga oid