«Tanqidlar bo‘lmoqda, ammo ularga javob yo‘q» - senator ayrim davlat organlarining OAVga e'tiborsizligi haqida
Ayrim vazirlik, idora va hokimliklar OAVdagi materiallarga o‘z vaqtida munosabat bildirmayapti, dedi senator Mahmud Parpiyev 20 noyabrdagi yalpi majlisda. U ba'zi hollarda davlat organlari faqat o‘ziga yaqin OAVnigina matbuot anjumanlaridan boxabar qilayotganini tanqid qildi.
«Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunning bajarilishi Oliy Majlisi Senatining 9-yalpi majlisida ko‘rib chiqildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Senator Mahmud Parpiyev qilingan ishlar qatorida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ham sanadi.
«2020 yilning o‘tgan davrida hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarni (majlis, uchrashuv, matbuot anjumanlari va hokazo) o‘tkazish hamda OAVni xabardor qilish tartibi ishlab chiqilmagan. Oqibatda OAV vakillari bu tadbirlardan bexabar qolgan.
Ikkinchidan, hokimiyat va boshqaruv organlarida faqat o‘ziga yaqin OAVni xabardor qilish holatlari yuzaga kelgan.
Mahalliy hokimliklar qabul qilayotgan qaror loyihalarining nafaqat aholi o‘rtasida, balki OAV vakillari o‘rtasida ham muhokamasi tashkil etilmagan», – dedi Mahmud Parpiyev.
Senator bu borada hududlar misolida axborot xizmatlari faoliyati tahlili va vazirliklarning OAV murojaatlarini e'tiborsiz qoldirayotgani bo‘yicha ham gapirgan.
«G‘allaorol, Chust, Namangan, Farg‘ona, Oltiariq hamda Pastdarg‘om tumanlari hokimliklarining veb-saytlarida «Fuqarolarning murojaatlari» bo‘yicha rukn umuman tashkil etilmagan.
O‘rganilgan hududlarda aholini qiynayotgan mavjud muammolar biror marta hokimiyat organlarining veb-saytlari va boshqa axborot manbalarida yoritilmagan.
OAV yuborgan murojaatlarga hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan o‘z vaqtida munosabat bildirilmagan. Xususan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish (176 ta), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash (140 ta), Sog‘liqni saqlash (132 ta), Bandlik va mehnat munosabatlari (47 ta), Oliy va o‘rta maxsus ta'lim (39 ta) vazirliklari, Oliy sud (59 ta), «O‘zbekneftegaz» (19 ta), «O‘zavtosanoat» (15 ta) aksiyadorlik jamiyatlari, Toshkent shahar hokimligi (325 ta), Samarqand (78 ta), Toshkent (78 ta) va Xorazm (31 ta) viloyatlari hokimliklari jami 1139 ta murojaatlarga javob bermagan.
Qonunga ko‘ra, hokimiyat va boshqaruv organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirilgan faoliyatga oid ma'lumotlar yangilab borilmagan. Ayrim ruknlarga esa ma'lumotlar umuman joylashtirilmagan.
5 ta davlat organi va tashkilotining rasmiy veb-saytlari mavjud emas», – dedi u.
Qayd etilishicha, o‘rganilgan hokimiyat va boshqaruv organlari mutasaddilari tomonidan axborot taqdim etish uchun mansabdor shaxs belgilanmagan, faoliyat ochiqligini buzgan mansabdor shaxslarga esa chora ko‘rish mexanizmi yo‘q.
Parpiyev bu borada tahlil qilingan 113 nafar matbuot kotibidan 12 nafarining (11 foiz) ish natijalari yuqori, 55 nafari (47 foiz) o‘rta darajada baholangan bo‘lsa, 20 nafari (18 foiz) qoniqarli, 26 nafarining (23 foiz) faoliyati past darajada deb topilganini ta'kidladi.
«Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirilgan axborot-ma'lumot materiallarda imloviy hamda grammatik xatolar saqlanib qolgan.
Shuningdek, turli ijtimoiy tarmoqlar, guruhlar, kanallar va internet sahifalarida muammolar jismoniy shaxslar tomonidan turli mish-mishlar va bo‘rttirilgan, asoslanmagan tarzda tarqatilmoqda. Bu esa aholi o‘rtasida tushunmovchilik va noroziliklarning keskin ortib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Ayrim vazirlik, idoralar va hokimliklar OAV orqali murojaatlarga o‘z vaqtida munosabat bildirmay kelmoqda. Tanqidlar bo‘lmoqda, ammo ularga javob yo‘q. Bunday holatlar, afsuski, vazirliklarning obro‘sini tushirishga olib kelib, odamlarda islohotlar taqdiriga ishonchsizlik kayfiyatini keltirib chiqarishi mumkin.
O‘rganishlar natijasida aniqlangan muammo va kamchiliklar tizimli ekanini hamda ularning yechimi tub o‘zgarishlarni talab qilishini ko‘rsatadi», – dedi Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmud Parpiyev.
Majlisda aniqlangan kamchilik va muammolarni hal qilish bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Mavzuga oid
15:48 / 20.11.2024
Senat qo‘mitalariga raislar saylandi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
12:40 / 19.11.2024
2025 yilda tuman va shaharlar budjetlari 1,5 barobarga oshadi
12:27 / 19.11.2024