Xalqaro missiya, AES qurilishi va rejalar. «O‘zatom» agentligi vakillari bilan suhbat
2021 yilda O‘zbekistonning milliy yadro infratuzilmasini ekspertlik missiyasidan o‘tkazish maqsadida xalqaro atom energiyasi agentligi mutaxassislari mamlakatga tashrif buyurishi kutilmoqda. Ana shu missiyadan oldin videokonferensaloqa tarzida yana bir missiya tashkil etildi. «O‘zatom» vakillari Shavkat Abdukomilov hamda Abbos Odilov ushbu missiya, atom energetikasi sohasidagi o‘zgarishlar haqida Kun.uz’ga intervyu berdi.
— Missiyaga tayyorgarliklar olib borilmoqda va missiyaoldi missiyasi o‘tkazilgani haqida ma'lumot mavjud. Bu voqealar keng ommaga nimani anglatadi? O‘zbekistonning yadro infratuzilmasini o‘rganish bo‘yicha xalqaro agentlik missiyasi - INIR oldi missiyasi o‘zi nima?
Agentlik boshqarma boshlig‘i Shavkat Abdukomilov:
— O‘zbekiston Respublikasi hududida ilk bor atom elektrostansiyasi qurilishi tufayli, Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) tomonidan yordam ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Asosiy yordamlardan biri bu – atom energetikasiga ilk bora qadam qo‘yayotgan mamlakatlarga ularda milliy yadro infratuzilma holatini baholashda ekspertlik yordamini ko‘rsatishdan iborat.
Bu ekspertlik yordami mamlakatning yadroviy infratuzilmasini 19ta turli yo‘nalishlari bo‘yicha baholashdan iborat. Asosiylarini sanab o‘tadigan bo‘lsak, milliy pozitsiyasi, yadroviy xavfsizlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, qonunchilikni takomillashtirish, yadroviy qurolni tarqatmaslik bo‘yicha kafolatlar, kadrlar tayyorlash masalasi, atom elektr stansiyasini qurish maydonchasini aniqlashdagi soha, energotizimning tayyorgarligi, sanoatning tayyorgarligi va boshqa masalalar. Mana shu 19ta yo‘nalish bo‘yicha qandaydir kamchiliklar bo‘lsa, keyinchalik bu katta mablag‘larga yoki boshqa salbiy oqibatlarga olib kelmasligi uchun, qaysi joyda qanday ishlar qilish kerak, qanday tadbirlarni amalga oshirish kerakligi bo‘yicha o‘zining ekspertlik bahosi va tavsiyalarini berishga mo‘ljallangan missiya. Asosiy maqsadi – shu.
Mana shu missiyani o‘tkazish uchun MAGATE o‘z mutaxassislari va xalqaro ekspertlarni jalb etadi. Bu juda ham katta jarayon. O‘zbekistonga kelib, buni o‘tkazish katta tadbir hisoblanadi. Buni o‘tkazishdan oldin ana shu ekspertlik missiyasini buyurtma qilgan mamlakat o‘zini o‘zi baholash hisobotini tayyorlab, 19ta yo‘nalish bo‘yicha har bir vazirlik, idora nima qilgan, shu kungacha qanday normativ hujjatlarga ega, bu yo‘nalishlardagi tizim qanday yo‘lga qo‘yilgani bo‘yicha o‘zini baholab, taqdim etadi.
— Mana shu INIR oldi missiyasini o‘tkazish, tashkil etish energetiklar, xususan, O‘zbekistondagi atom mutaxassislari uchun qanday ahamiyatga ega?
Shavkat Abdukomilov:
— Bu juda ham to‘g‘ri savol. Misol uchun, atom energetikasiga kirib kelayotgan yangi mamlakat o‘zida ilk marta qandaydir ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Birinchi ish bu – bo‘lajak vendor, texnologiyalarni yetkazib beruvchi mamlakat, tashkilotlar bilan shartnoma shartlarini muzokara qilib olish, undan tashqari, kelajakda atom elektr stansiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha jarayonlarda birinchi o‘rinda xavfsizlikni ta'minlash, ikkinchisi, zarur bo‘lgan qonunchilikni shunga tayyorlash ishlari. Shuningdek, bo‘lajak atom elektr stansiyasini boshqarish uchun kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Bularning hammasi, birinchi o‘rinda xavfsizlik, ikkinchi o‘rinda iqtisodiy tomoni bo‘yicha ahamiyati juda ham katta bo‘lgan masalalar hisoblanadi. Bu yerda biz faqat vendor bo‘lgan tashkilotdangina axborot olib, uning tavsiyalarini emas, balki butun jahondan, shu sohaga jalb etilgan, Rossiya texnologiyalarini yaxshi tushunadigan, atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni O‘zbekistonga taklif etamiz. Qaysi chora-tadbirlarni qachon amalga oshirish kerak, ba'zilarida kech qolishlar mavjud bo‘lsa, zudlik bilan uni bartaraf etish bo‘yicha ular o‘z tavsiyalarini berishadi.
Talab etilgan darajaga olib chiqqanda biz kelajakda stansiyamiz ishlashi uchun xavfsiz infratuzilma tashkil etilgani, barcha jarayonlar mantiqiy uzviylikda amalga oshirilgani, qonunchilikda zarur bo‘lgan barcha narsalar bajarilganiga ishonch hosil qilishimiz mumkin bo‘ladi. Keyinchalik texnologiyalar yetkazib beruvchi tashkilot bilan muloqotlar, shartnoma shartlarini muhokama qilishda bo‘lishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarning oldi olingan bo‘ladi. Bu hozir amalga oshirilmasa, keyinchalik qandaydir chiqimlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni oldindan bilib, ularni bartaraf qilib, loyihani hozirdan to‘g‘ri yo‘lga, iqtisodiy samarador yo‘nalishda olib ketishga muvaffaq bo‘lamiz. Asosiy maqsad shundan iborat.
— Mana shu milliy yadroviy tizimimizni, infratuzilmalarini tadqiq qilishni maqsad qilayotgan, kutilayotgan missiyaning beriladigan bahosi, undagi natijalar O‘zbekiston uchun qanday huquqiy kuchga ega bo‘ladi? O‘zbekiston bu narsalarga, albatta bo‘ysunish yoki ularni bajarish majburiyatini oladimi?
Agentlik boshqarma boshlig‘i Abbos Odilov:
— INIR missiyasi holatida O‘zbekiston bilan MAGATEning o‘rtasida majburiyat bo‘lmaydi. MAGATEga 1994 yildan beri a'zomiz. A'zolik davrida ular bizga nafaqat yadro energetika yo‘nalishi bo‘yicha, boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham ko‘p yordam beradi. Misol uchun, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va shunga o‘xshagan boshqa yo‘nalishlarda katta yordam beradi. «O‘zatom» tashkil topganidan beri davlat rahbarining atom energetikasini rivojlantirish maqsadida qilgan birinchi qadamlarining mevasi biz bo‘lsak, shu mevani chiroyli qilib o‘stirib berishda ular yordam beradi. U yoki bunga majbursan, demaydi. MAGATE bilan O‘zbekiston o‘rtasida majburiyat yo‘q. To‘g‘ri, a'zolik majburiyati, shunga o‘xshagan majburiyatlarimiz bor. Ularning asosiy maqsadi – bizga yordam berish.
Bu dunyo miqyosida rivojlanayotgan soha. Biz bu narsaga endi kirib keldik. To‘g‘ri, bizda oldindan bo‘lgan, tadqiqot reaktori bor. Bu sohada bizda tajriba bor, yo‘q emas. Lekin dunyo miqyosidagi tajriba bizga ziyon qilmaydi.
Shavkat Abdukomilov:
— O‘zbekiston Respublikasi ushbu missiyani o‘zi buyurtma qilib, iltimos qilib so‘ragan. O‘z vaqtida, 2019 yilda hukumat tomonidan MAGATEga mana shu missiyani O‘zbekistonda o‘tkazib berish bo‘yicha murojaat bo‘lgan. MAGATEning 30ga yaqin ana shunday ekspertlik missiyalari va konsalting xizmatlari mavjud. Shulardan biri bu – INIR missiyasi. Bu INIR missiyasining o‘tkazilishi davlatning buyurtmasi, iltimosiga ko‘ra o‘tkazib beriladi. Uning natijasida MAGATE tomonidan tavsiyalar beriladi. Bu tavsiyalarni mamlakat oladi va bajaradimi yoki bajarmaydimi, bu mamlakatning o‘zining ishi. Lekin ular tavsiya berganidan keyin bu haqiqatan mamlakat uchun kerak bo‘lgani sababli ham shunday tavsiyalar beriladi. Buni amalga oshirish mamlakatning o‘ziga bog‘liq. Menimcha, har bir tavsiyasi, agar talabi bo‘ladigan bo‘lsa, har bir talabi hammasi qondiriladi. Bu yerda yuz foiz MAGATE tomonidan ishlab chiqilgan normativ qoidalar, ularning tavsiyalari asosida biz o‘z loyihamizni amalga oshiramiz. Buni biz oldindan aytib qo‘yishimiz kerak.
Bundan tashqari, MAGATEning majburiyat yuklaydigan missiyasi bor. Misol uchun, bu yadro qurolini tarqatmaslik bilan bog‘liq bo‘lgan missiyadir, ya'ni yadroviy materiallarning hisobi va auditi masalasi. Undagi talablar majburiy. Bu yerdagi talablar talab emas, tavsiyalar. Lekin shu tavsiyalarni O‘zbekiston Respublikasi yuz foiz, to‘liq amalga oshiradi. Mana shu missiya natijasi bo‘yicha imzolanadigan chora-tadbirlar rejasini to‘liq amalga oshirib, buning ham alohida hisobotini beramiz.
INIR missiyasining natijasi keyinchalik MAGATEning rasmiy saytida e'lon qilinadi. Bu respublikani boshqa mamlakatlar oldida yadroviy energetika dasturini qanchalik shaffof, ochiq shaklda amalga oshirayotganini ko‘rsatadi. Ixtiyoriy ekspert, ixtiyoriy xohlovchi MAGATE saytiga kirib, respublikamizdagi yadroviy infratuzilmani rivojlanganlik holati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Suhbatni to‘liq Youtube orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
11:40 / 19.10.2024
Yaponiyada birinchi marta 50 yildan ortiq ishlayotgan AES reaktori faoliyatiga ruxsat berildi
20:20 / 16.10.2024
AES direksiyasi rahbari: Ishlatilgan yadro yoqilg‘isi Rossiyaga olib ketiladi
15:00 / 14.10.2024
Fransiya radioaktiv chiqindilarni qozon va vilkalarga aylantirishni rejalashtirmoqda
20:57 / 08.10.2024