Jamiyat | 10:00 / 21.11.2020
35580
9 daqiqa o‘qiladi

«Toshkent siti» o‘rnida bo‘lgan restoran uchun hamon kompensatsiya to‘lanmayapti. Bino buzilganiga 3 yil bo‘ldi

2017 yilda «Toshkent siti» qurilishi munosabati bilan buzilgan restoran uchun shahar hokimligi 14,8 mlrd so‘m kompensatsiyani to‘lab bermayapti. Sud qarori va ijro varaqasi esa MIBda «osilib» yotibdi. Toshkent shahar hokimligining 917 ta ko‘chmas mulkiga, transport vositalariga band solib qo‘yilgan. Ammo...

2017 yili poytaxt markazida «Toshkent siti» qurilishi munosabati bilan hududdagi ko‘plab bino-inshootlar buzib tashlangan edi.

Kun.uz'ga murojaat qilgan «Mehnat Agrofirmasi» MChJ mas'ullarining aytishicha, ularga tegishli bo‘lgan «Marmaris» restorani ham «siti» qurilishi munosabati bilan buzilgan.

Korxona yuristi Sanjar Muhammadjonovning aytishicha, restoran 2017 yilda, Toshkentning o‘sha vaqtdagi hokimi Rahmonbek Usmonovning shaxsan o‘zi va prokuratura xodimlari kelganidan so‘ng, hokimiyat vakillari tomonidan hech qanday to‘lov berilmasdan buzib tashlangan. Firma esa restoran ichidagi mebellar va idish-tovoqlarni olib chiqishga ulgurgan, xolos.

Furqat ko‘chasi 2-uy manzilida joylashgan restoran «Veritas» MChJ baholovchi tashkiloti tomonidan 14 mlrd 856 mln so‘mga, yetkazilgan zarar miqdori esa 2 mlrd 377 mln so‘mga baholanadi.

Restoran mulkdori yetkazilgan zararni qoplab berishni so‘rab, «Toshkent siti» direksiyasi, Shayxontohur tuman hokimligi, Toshkent shahar hokimiyati va uning huzuridagi Munitsipal aktivlarni boshqarish markaziga murojaatnoma va talabnomalar beradi.

Barcha murojaatlar e'tiborsiz qoldirilgach, «Mehnat Agrofirmasi» MChJ Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo arizasi kiritadi. 2020 yil 8 iyul kuni sud javobgar Toshkent shahar hokimiyati hisobidan «Mehnat Agrofirmasi» MChJ foydasiga 14 mlrd 856 mln so‘m kompensatsiya to‘lovi undirish haqida hal qiluv qarori chiqaradi.

E'tiborli jihati shu kunga qadar shahar hokimligi na qarordan norozi bo‘lib yuqori instansiyaga shikoyat kiritgan, na tadbirkorning pulini to‘lab bergan.

«Mehnat Agrofirmasi» MChJ yuristi Sanjar Muhammadjonovning aytishicha, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida» qonunning 30-moddasiga muvofiq, ijro hujjatining talablari ixtiyoriy ijro etilishi uchun belgilangan muddat [15 kun] tugagandan e'tiboran ko‘pi bilan 2 oy muddat ichida davlat ijrochisi tomonidan amalga oshirilishi va ijro etilishi kerak.

Lekin ish borasida 2020 yil 13 avgust kuni sudning hal qiluv qarorini qabul qilib olib, o‘sha kuni ijro ishini qo‘zg‘atish bo‘yicha qaror qabul qilgan Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar Chilonzor tumani bo‘limi esa oradan 3 oy o‘tgan bo‘lsa-da undiruvni ta'minlab bera olmayapti.

«Bugunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Bosh vazirning virtual qabulxonasiga, Moliya vazirligiga, Bosh prokuratura, Savdo-sanoat palatasiga, Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatga ham murojaat qildim. Lekin hech kim amaliy yordam berolmayapti», – deydi Sanjar Muhammadjonov.

Kun.uz so‘roviga binoan MIBning Chilonzor tuman bo‘limi davlat ijrochilari Odil Sadatov va Axrolxon Rustamxo‘jayevlar masala yuzasidan izoh berdi.

Ularning aytishicha, ijro ishi 13 avgust kuni MIBning Chilonzor tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va o‘sha kuniyoq Toshkent shahar hokimligiga nisbatan ijro ishi qo‘zg‘atilib, elektron tizim orqali hokimlikka yuborilgan. Hokimiyatga qarzdorlikni ixtiyoriy qoplash uchun 15 kun muddat berilgan.

«Ayni vaqtda Toshkent shahar hokimligiga nisbatan 150 dan ortiq mulkiy tusdagi ijro ishlari mavjud. Shunga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligining 917 ta ko‘chmas mulkiga tegishli tartibda band solib qo‘yilgan. Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga yuborgan so‘rovimiz asosida hokimlikning avtotransport vositalariga ham band solingan.

Aynan «Mehnat Agrofirmasi»ga keladigan bo‘lsak, Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi ushbu firma bino-inshootlarni olmasligi, kompensatsiyani pul ko‘rinishida olmoqchi ekani haqida jamg‘arma hududiy kuzatuv kengashi raisi Xotambek Shakirov nomiga xat jo‘natgan.

Masalan, o‘zim ham «Mehnat Agrofirmasi» yuristi bilan bog‘lanib, Munitsipal markazga borishni taklif qilgan edim. Markaz sizning 15 milliard so‘mlik qarzingizga teng qiymatlik bino-inshootlarni taklif qiladi, deganman. Shundan keyin yurist o‘ylab ko‘ray dedi; bir qancha vaqtdan so‘ng menga aloqaga chiqib bino-inshoot olmasligini, ularga pul mablag‘lari kerakligini aytdi.

23 oktyabrda Munitsipal markaz pul ko‘rinishida qarzini olmoqchi bo‘lgan undiruvchilarning barchasi qatori «Mehnat Agrofirmasi»ga ham pul ajratish bo‘yicha kuzatuv kengashiga xat bergan. Endi jamg‘armaga mablag‘ ajratilganidan keyin bularga ham pul ajratib beriladi», – deydi Odil Sadatov.

U «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 30-moddasida ijro etish muddati 2 oy qilib belgilangani haqida to‘xtaldi.

«Bu ikki oylik muddat degani shu muddatda undirib berishi shart degani emas. Ushbu qonunda muddatlarning uzilishi degan tushuncha ham bor. Masalan, hokimlikning 917 ta ko‘chmas mulki ro‘yxati shakllantirilgan, ularga ijro harakatlarini qaratish uchun bizda [MIBda] ishchi guruh tuzilgan. Bu guruh 917 ta obektni ko‘zdan kechirib chiqishi kerak, bu esa vaqtni oladi.

Ishchi guruhga Kadastr agentligidan va Munitsipal markazdan tegishli mutaxassis jalb qilish bo‘yicha qaror chiqarganmiz. Bularni jalb qilish va kelishish muddatlari undirish muddati bo‘lgan 2 oyga kirmaydi.

Ishchi guruh hozirda foydalanilmayotgan va bo‘sh turgan obektlarni ajratib olib, ularni auksionga qo‘yish orqali qarzdorlikni qoplashni rejalashtirgan. Ishchi guruh faoliyatini boshlagan, men o‘zim har kuni ular bilan bog‘lanib, ish qanday ketayotganini so‘rab turaman. Hozir undiruvchilarga faol tarzda qarzlarni to‘lash boshlangan, ushbu firmaga ham yaqin 1-2 oylarda pul to‘lab beriladi», – dedi MIB xodimi.

Odil Sadatov qarzdorning band solingan mulklari ijroga qaratilmasdan ish yopilguniga qadar turishi mumkinligini ma'lum qildi.

«Band solingan avtomobil yoki ko‘chmas mulkka nisbatan notarial harakatlarni amalga oshirish mumkin emas. MIB portal dasturi bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi qarzdormi, demak, qarzdorlik ishlarining barchasi yopilmagunga qadar, hokimlik mulklariga nisbatan notarial harakatlarni amalga oshira olmaydi. Chunki dasturda taqiqlar qo‘yilgan», – deydi davlat ijrochisi.

Sadatovning aytishicha, hokimlikning hisob raqamiga hozircha inkassa qo‘yilmagan.

«Bu borada Budjet kodeksiga muvofiq bir qancha aniqlik kiritish kerak bo‘lgan holatlar bor, buni ko‘rib chiqishimiz kerak. Hokimlik huzurida budjetdan moliyalashtiradigan bir qancha tashkilotlar va loyihalar masalasi ham bor...

Bundan tashqari, Toshkent shahar hokimligining qarzdorligiga doir ishlarimizning ko‘pligi ijro muddati cho‘zilishiga sabab bo‘lyapti», – qo‘shimcha qildi Odil Sadatov.

Ayni paytda, Toshkent shahar hokimligining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘limi mutaxassisi Saidmurod Boboxonovning ma'lum qilishicha, ushbu holat bahsli bo‘lib, «Marmaris» restorani davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzilmagan, balki uning hududi boshqa tadbirkorga berilgan. Shu sababli uning kompensatsiyasi o‘sha tadbirkordan undirib olingandan so‘ng to‘lanishi kerak.

Biz hokimlik vakiliga sudning hal qiluv qarori chiqib bo‘lgani, sudda Toshkent shahar hokimligi kompensatsiya miqdoriga e'tiroz bildirmaganini eslatdik. Bunga javoban, Boboxonov hokimlik sudning hal qiluv qarori ustidan yuqori turuvchi instansiyaga ham murojaat qilishi mumkinligini aytdi.

«Yoki MIB aytgan variant bo‘yicha, band solingan inshootlar sotilgach, jamg‘armadan to‘lab berilishi ham mumkin», – deya so‘zlarini yakunladi Toshkent shahar hokimligi mutaxassisi Saidmurod Boboxonov.

Eslatib o‘tamiz, 17 noyabr kuni prezident qarori bilan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga yangi direktor tayinlandi.

Shu kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sud hujjatlari ijrosi mavzusida majlis bo‘lib o‘tdi. Unda MIBga 4 millionga yaqin ijro hujjatlari kelib tushgani, shundan 1,2 milliontasi bajarilmagani tanqid qilindi.

Farrux Absattarov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid