Jamiyat | 14:59 / 10.04.2025
12498
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda kasb kasaliga chalinib, mehnat huquqlari buzilgan o‘qituvchiga 337 mln so‘m undirib berildi

Sergelidagi maktablardan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan D.M.ga kasb kasalligi bo‘yicha to‘lanishi kerak bo‘lgan zarar to‘lovlari to‘lanmay kelgan. Sud o‘qituvchi foydasiga Sergeli tuman MMTBdan 337 mln so‘m mablag‘ undirish to‘g‘risida qaror chiqargan.

Foto: E1.ru

Toshkent shahar Sergeli tumani maktablaridan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan D.M.ga 337 mln so‘m undirib berildi. Bu haqda Kun.uz’ga O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, o‘qituvchi Kasaba uyushmalari federatsiyasiga 2024 yil kasb kasalligiga chalingani va unga zarar to‘lovlari to‘lanmay kelayotgani borasida murojaat qilgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar Sergeli tuman Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining (TIEK) 2024 yil 2 apreldagi ma’lumotnomasiga ko‘ra, uning kasb kasalligi bo‘yicha nogironlik guruhi uchinchi, kasbiy mehnat layoqati yo‘qotilgani darajasi 40 foiz bo‘lib, kasbiy mehnat layoqati yo‘qotilgani darajasi 30.04.2025 yilgacha, qayta ko‘rikdan o‘tish sanasi 02.04.2025 yil deb belgilangan (kasbiy mehnat layoqatini yo‘qotganligi darajasi TIEK tomonidan belgilanadi va 1 yil muddatga beriladi. Bu muddat 30 aprelda tugashi kerak bo‘lgan, biroq 2 aprelda ahvoli yaxshilanganmi yoki yo‘qligini aniqlash uchun qayta ko‘rik belgilangan – tahr.).

Biroq unga kasb kasalligi bo‘yicha to‘lanishi kerak bo‘lgan zarar to‘lovlari to‘lanmay kelgan.

“Murojaat O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, D.M.ga 2024 yil aprel oyidan (2025 yil yanvargacha) uning o‘rtacha oylik ish haqining 40 foizi miqdoridagi kasb kasalligi tufayli sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonni qoplash uchun oylik to‘lovlar to‘lanmagan. Bundan tashqari, bu to‘lovlar 2025 yil yanvar oyidan noto‘g‘ri hisob-kitob qilingan holda to‘lab kelingan hamda biryo‘la to‘lanadigan bir martalik tovon pullari Sergeli tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan amalga oshirilmagan”, - deyiladi xabarda.

Mehnat kodeksiga muvofiq, ish beruvchi xodimning mehnatda mayib bo‘lishi va (yoki) kasb kasalligi tufayli hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplashi shart. Qonun talabidan kelib chiqib, Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi 2024 yil 5 dekabr kuni ish beruvchiga tegishli ko‘rsatma kiritgan. Biroq ish beruvchi ko‘rsatma talablarini o‘z vaqtida bajarmagan. Shundan so‘ng kengash mutaxassislari tomonidan Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha Sergeli tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan.

2025 yil 25 martdagi sud hal qiluv qaroriga ko‘ra, da’vo qisman qanoatlantirildi. Unga ko‘ra da’vogar D.M.ga javobgar Sergeli tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidan 19 275 204 so‘m zarar, 48 188 011 so‘m biryo‘la to‘lanadigan nafaqa, to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmagani uchun 268 706 187 so‘m 13 tiyin kompensatsiya, 1 000 000 so‘m ma’naviy zarar hamda 37 500 so‘m pochta xarajatlari undirib berildi.

Mavzuga oid