Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Oilamga tuhmat qilib, meni ishdan haydashdi» - sobiq tergovchi adolat tiklanishidan umidvor
Otasi va ukasiga nisbatan uyushtirilgan tergov jarayoni adolatli o‘tkazilishini talab qilgan IIB tergovchisi tergov ishiga aralashganlikda ayblanib, qamoqqa tashlanadi. Sud instansiyalarida uzoq davom etgan kurashlardan so‘ng, oilaning barcha a'zolari oqlanadi. Shunga qaramay, tergovchi lavozimiga tiklanmayapti.
Hayotning past-u balandliklarida shunday pallalar ham bo‘ladiki, insonga nohaq ayblov qo‘yilishi, o‘zi aloqasi bo‘lmagan ishlarda ayblanishi mumkin. Eng yomoni bu ayblovlar kishiga ham moddiy, ham ma'naviy zarar keltirishi mumkin.
Qahramonimiz Murodbek Karimovning so‘zlarini tinglab, «Tuhmat balosidan asra» deb bejiz duo qilinmasligini yana bir bor esga oldik.
Ichki ishlar sobiq katta tergovchi mayor 2018 yilgacha Chilonzor tumani IIBda tergovchi lavozimida ishlab kelgan. 2017 yili otasi va ukasi noqonuniy valuta savdosi bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, javobgarlikka tortiladi.
Otasi va ukasiga nisbatan tadbir sun'iy uyushtirilganidan xabar topgan Murodbek tergov harakatlari noqonuniy bo‘lib o‘tayotgani haqida tegishli idoralarga arz qiladi.
«Otam va ukamga nisbatan nohaq ayblov ortidan meni ham ishdan haydashdi»
— 2017 yilda, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi statistika va ko‘rsatkichlarini yaxshilab olish niyatida guvohlarni yollab, soxta hujjatlar tuzgan holda otam va ukamga jinoyat ishi qo‘zg‘atadi. Jinoyat ishida hujjatlar va guvohlar soxtalashtirilgani uchun men Xorazm viloyati prokurori o‘rinbosariga qo‘ng‘iroq qilib, otam va ukamga nisbatan jinoyat ishi sun'iy tarzda uyushtirilganini aytdim.
Shundan so‘ng Xorazm viloyat prokuraturasi va departament xodimlari qasd olish maqsadida Ichki ishlar vazirligiga mening ustimdan xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha taqdimnoma kiritishdi.
Bu taqdimnomada «otasi va ukasiga nisbatan ochilgan jinoyat ishiga aralashdi, tergovchiga tazyiq o‘tkazdi», deb ko‘rsatilgan edi. Ya'ni men farzand sifatida otam va ukamga nisbatan jinoyat ishi noto‘g‘ri ekanini aytib, tergovchiga qo‘ng‘iroq qilganimga noto‘g‘ri tus berishdi.

Shundan so‘ng taqdimnomaga ko‘ra, menga nisbatan birinchi marta xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Lekin xizmat tekshiruvida biron bir holat o‘z tasdig‘ini topmadi. Shunday bo‘lsa-da, xizmat tekshiruvida jamoatchilik sudi berishdi. Vazirlik meni ichki ishlar tizimidan ishdan bo‘shatish bo‘yicha xulosa qildi.
2018 yil aprelda ishdan bo‘shatildim. Shu kunning o‘zida menga nisbatan Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi ham qo‘llanildi. Sud tomonidan menga axloq tuzatish ishlari tayinlandi.
2018 yil oktyabr oyida otam va ukamga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, oqlov hukmi o‘qildi.
O‘zimga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi esa 2020 yil 14 yanvarda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmi bilan JPKning 83-moddasi 2-qismi tartibida ish yuritishdan tugatildi.
Bu holatlar menga judayam kuchli zarba bo‘ldi. Ham moddiy, ham ma'naviy zarar ko‘rdim. Besh yarim oy vaqt davomida 1-sonli tergov hibsxonasida saqlandim.
Oqlanganimdan so‘ng men sudga ishga tiklash bo‘yicha murojaat qildim. Lekin sudga da'vo ariza kiritish muddati o‘tib ketgani vaj qilinib, da'vo talablarim rad etilmoqda. Lekin men oqlanmasimdan turib qanday qilib sudga murojaat qilishim mumkin edi?
Adolat tiklanadimi?
Murodbek Karimov adolat tiklanishidan umid qilmoqda. Otasi, ukasi va o‘zi sudda oqlandi. Lekin kimlardir bo‘lmagan ishni bo‘ldirishi, statistikasini yaxshilashi uchun uyushtirilgan «jinoyat» sabab ruhiy va ma'naviy azob tortgan Murodbek Karimov va uning oilasi adolat kutmoqda.
Nohaq ayblov, adolatsiz hukm tufayli yo‘qotilgan yillar qaytib kelmaydi. Lekin adolat tiklanishi insonga katta taskin bo‘lishi shubhasiz.
O‘ylaymizki, Ichki ishlar vazirligi, prokuratura va odil sud adolat tiklanishi uchun tashabbus ko‘rsatishadi. Toki yangi O‘zbekistondagi eskicha yondashuv sabab ro‘y bergan ko‘ngilsiz voqea bir oila a'zolarida, uning misolida esa minglab vatandoshlarda haqsizlik va ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otmasin.
Rahmatillo Isroilov
Mavzuga oid
23:56 / 20.05.2025
IIB xodimini pichoqlagan shaxsni qo‘lga olishda yordam bergan fuqaro 10 mln so‘m bilan taqdirlandi
20:24 / 19.05.2025
Toshkentda ruhiy kasal erkak ichki ishlar xodimini pichoqladi
10:06 / 21.04.2025
Buxoroda IIBning qator mulozimlari ishdan olindi
12:04 / 05.04.2025