O‘zbekiston | 11:43 / 25.11.2020
13171
5 daqiqa o‘qiladi

AES qurilishi uchun tanlangan maydon va vendor tashkilot bilan shartnoma. «O‘zatom» agentligi vakili bilan suhbat

Hozirgi paytda O‘zbekiston hududida qurilishi rejalashtirilayotgan AES qaysi bosqichda to‘xtab turibdi? Xalqaro hamkorlar bilan muzokaralar qay bosqichda davom etyapti? Umuman, qurilish maydonchasi bo‘yicha yana qanday ma'lumotlar ommaga ochiqlandi? Ushbu savollarga «O‘zatom» agentligi boshqarma boshlig‘i Shavkat Abdukomilov Kun.uz’ga bergan intervyusida munosabat bildirdi.

Shavkat Abdukomilov

— Oldingi ochiqlangan ma'lumotlar: o‘sha vaqtda biz ustuvor maydoncha va potensial maydonchalarni aniqlash bo‘yicha ishlar yakunlanganini aytib o‘tgan edik. Ya'ni Davlat geologiya qo‘mitasi va «O‘zgashkliti» davlat unitar korxonasi tomonidan biri Jizzax viloyatida, ikkinchisi Navoiy viloyatida muhandislik-qidiruv ishlari amalga oshirilgan edi. Ushbu qidiruv ishlari natijalari bo‘yicha 7ta potensial maydoncha aniqlangan bo‘lib, ular bir-biri bilan solishtirilgan edi. Solishtiruv natijasiga ko‘ra, Atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha davlat komissiyasi va «O‘zatom» agentligining ilmiy va ekspertlik kengashi qo‘shma yig‘inida barcha ekspertlar, olimlar, vazirlik, idoralarning mutaxassislari birgalikda ko‘rib chiqib, qaror qabul qilingan.

Jizzax viloyatining Forish tumanida joylashgan Tuzkon ko‘li yonidagi maydonchani ustuvor maydoncha qilib belgilash bo‘yicha qaror qabul qilingan. Buning belgilanish sababi – maydoncha MAGATE tomonidan hamda Rossiya federatsiyasining norma va qoidalari asosida O‘zbekistonda hali atom energetikasi maydonchasini aniqlash bo‘yicha norma, qoidalari mavjud emas. Hukumatlararo bitimga muvofiq, ushbu loyihani amalga oshirishda Rossiya Federatsiyasining normalaridan foydalanishga kelishib olingan. Shu sababli maydonchaning tanlovi MAGATEning tavsiyalari va Rossiya Federatsiyasining normalari bo‘yicha taqiqlaydigan omillar va salbiy omillar bo‘yicha baholangan.

Tanlangan maydoncha juda ham unikal. Dunyoda bunday maydoncha kam uchraydi. Taqiqlaydigan omillar yo‘q, ya'ni bu 9 ballik zilzila bo‘ladigan uchastkalar, faol bo‘linishlar bor bo‘lgan uchastkalar. Bunday omillar u yerda mavjud emas. Ikkinchisi, bu salbiy omillar. Bu – yerosti suvlarining nisbatan balandligi. 6 metrdan keyin suv chiqishi – bu muhandislik chora-tadbirlari bilan bemalol yechiladigan masala. Yerosti gruntlari suvlarini pasaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni bemalol amalga oshirish mumkin. Mana shu maydoncha raqobatchi bo‘lgan hamma boshqa maydonlardan ustuvor bo‘lgani uchun u ustuvor maydoncha deb belgilandi.

Lekin buning ustuvor maydoncha deb belgilanishi «bo‘ldi, tanlandi, bu oxirgi, yakuniy so‘z» degani emas. Ushbu sohadagi yadro va radiatsiya xavfsizligi uchun vakolatli va nazorat qiluvchi organ tomonidan ruxsatnoma berilganidan keyingina maydoncha tanlangan hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida bu organ Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi hisoblanadi. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi vakolatlari doirasida maydonchada amalga oshiriladigan muhandislik tadqiqot-qidiruv ishlari, AESning bo‘lajak loyihasi, AESning xavfsizligini asoslantiruvchi hujjati, undan tashqari, atrof-muhitga loyihaning qurilish va faoliyat davrida ta'sirini o‘rganish kiradi.

Aynan shu hujjat doirasida jamoatchilik eshittiruvlari natijalari bir material qilib, kiritiladi. Kiritilganidan keyin Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqilib, yakuniy xulosa beriladi. Agar ular tomonidan ruxsatnoma berilsa, maydoncha tanlangan, deb hisoblanadi. Bu maydonchada keyinchalik qurilish ishlarini amalga oshirish boshlanadi. Bu bizning maydoncha yo‘nalishidagi ishlar.

Bundan tashqari, pandemiya sharoitiga qaramasdan, O‘zbekiston Respublikasi va hamkor tashkilot, bo‘lajak vendor – texnologiya yetkazib beruvchi tashkilot tomonidan tuzilgan ishchi guruhlar o‘z ishini to‘xtatmadi. Barcha kontaktlar onlayn rejimga o‘tkazildi. Masofaviy shaklda shartnoma shartlarini muhokama qilish davom ettirilmoqda. Shartnoma moddalari bo‘yicha hozir intensiv shaklda muzokaralar olib borilmoqda. Shartnoma imzolashga tayyor bo‘lganidan so‘ng u imzolanadi. Hozirgi holat: bizda muzokaralar hali davom ettirilmoqda. Pozitsiyalar yaqinlashib, tushuncha hosil bo‘lib, shartnoma imzolashga tayyor bo‘lganida u imzolanadi.

Alisher Ro‘zioxunov
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid