Jamiyat | 22:53 / 25.11.2020
31051
3 daqiqa o‘qiladi

Kontraktdagi talabalar uchun 400 mln so‘mlik ta'lim granti e'lon qilindi

O‘zbekistonda ilk marotaba talabalar uchun ta'lim grantlari hamda stipendiyalar e'lon qilishga mo‘ljallangan www.metsenat.uz loyihasi ishga tushdi.

Bir guruh jamoatchilik faollarining tashabbusi bilan tashkil qilingan loyihadan maqsad – O‘zbekistondagi metsenatlarni jalb qilgan holda ehtiyojmand va iqtidorli talabalarning to‘lov-kontraktini to‘lashga yordam berish, shuningdek, stipendiyalar e'lon qilishdan iborat.

Loyiha muallifi Xushnudbek Xudayberdiyevning aytishicha, Metsenat.uz – ijtimoiy loyiha bo‘lib, undan hech qanday tijoriy maqsad ko‘zlanmagan.

Saytning ishlash prinsipi oddiy: saytda talabalar ro‘yxatdan o‘tib, o‘zlari haqidagi ma'lumotlarni kiritishadi va metsenatlar tomonidan e'lon qilingan grant yoki stipendiyalarga onlayn ariza topshirishadi.

Loyiha ishga tushgach, shu kunning o‘zidayoq ilk metsenatlar saytda talabalar uchun grantini joylashtirdi: Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi va «Mehrli qo‘llar» xayriya fondi to‘lov-shartnoma mablag‘larini to‘lashga muhtoj talabalar uchun 400 mln so‘mlik ta'lim granti dasturini e'lon qildi.

Bunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan OTMlarda (chet el OTMlarining O‘zbekistondagi filiallari bundan mustasno) kunduzgi ta'lim (bakalavr bosqichi)da to‘lov-shartnoma asosida ta'lim olayotgan (super-kontrakt bundan mustasno) chin yetim, nogiron, ota-onasi (har ikkalasi) ota-onalik huquqidan mahrum etilgan, mehribonlik uyida tarbiyalangan, boquvchisini yo‘qotgan va 30 yoshdan oshmagan talabalar qatnasha oladi.

G‘olib bo‘lgan talabalarning 2020/21 o‘quv yili uchun stipendiyasiz hisoblangan to‘lov-shartnoma mablag‘ining 50 foizigacha bo‘lgan qismi homiylik mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi.

Grantda ishtirok etish uchun arizalar 10 dekabrgacha www.metsenat.uz sayti orqali qabul qilinadi.

G‘oliblarni Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi, «Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi» NNT, blogerlar, jamoatchilik vakillaridan iborat Ekspertlar kyengashi aniqlab beradi.

Ma'lumot o‘rnida, Kun.uz sayti – Metsenat.uz loyihasining rasmiy axborot hamkori hisoblanadi. Tahririyat yurtimizdagi barcha korxona, tashkilot, kompaniyalar hamda saxovatpesha tadbirkorlarni ilm-fanga, ta'limga beminnat homiylik qilishga chorlab qoladi.

Mavzuga oid