O‘zbekiston | 14:20 / 28.11.2020
12845
4 daqiqa o‘qiladi

«Bizda bunday ma'lumot yo‘q» – IIV vakili Andijon bozorlarida pichoqlarning to‘mtoqlashtirilishi haqida

27 noyabr kuni AOKAda Ichki ishlar vazirligi va Oliy sud vakillari ishtirokida «Jamoat xavfsizligini ta'minlashga doir qonun hujjatlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun mazmun-mohiyatiga doir matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda ushbu qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks fuqaroviy qurolni, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurganlik uchun javobgarlik nazarda tutuvchi 185-2-moddasi bilan to‘ldirilgani, unga ko‘ra, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda, jamoat joylarida ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ma'lum qilingan.

Ichki ishlar vazirligi PPX va JTSBB bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Davron Qosimov 2020 yil 28 yanvar kuni Andijon o‘tkazilgan «Tig‘» profilaktik tadbirlari doirasida bozorlar va savdo majmualaridagi fuqarolarning pichoq va boshqa sovuq qurol turidagi ashyolari uch qismining to‘mtoqlashtirilishiga oid savolga izoh berdi.

“Haqiqatdan «Tig‘» tadbiri o‘tkazilgan, to‘g‘ri. Lekin, ularni [sovuq qurol turidagi ashyolarni] uchini dumaloq qilingani haqida bizda ma'lumot yo‘q. Biz unday ma'lumotga ega emasmiz.

Davron Qosimov

Bizda huquqbuzarlik va jinoyatlarni oldini olish uchun tig‘ tadbiri o‘tkaziladi. Asosan tungi klublar, ta'lim muassasalari va jamoat joylarida voyaga yetmaganlar orasidagi shunday huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan. Bozorlarda bu tadbir o‘tkazilmaydi, chunki bozor ichidagi faoliyat ayni pichoq yoki shunga o‘xshash ashyolar bilan bog‘liq. Menimcha, agar bozorlarda o‘tkazilsa mantiqsiz bo‘lsa kerak. Kosiblar va hunarmandlarning kasbi ham ayni shu kabi ashyolarni tayyorlashga qaratilgan” – deya podpolkovnik Davron Qosimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shu yilning 28 yanvar kuni Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati tomonidan “Andijonda «Tig‘» profilaktik tadbirlari doirasida 350 dan ortiq pichoqlar to‘mtoqlashtirildi” sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Xabarda Andijon shahrida tig‘li predmetlar yordamida sodir etilishi mumkin bo‘lgan og‘ir turdagi jinoyatlarni barvaqt oldini olish yuzasidan Andijon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan bir qator profilaktik ishlar amalga oshirilgani yozilgan.

“Xususan, Andijon shahri, Yorboshi MFYda joylashgan «Jahon buyum bozori» hududiga xizmatga biriktirilgan xodimlar bozor, savdo majmualarida o‘tkir tig‘li jismlar orqali sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni oldini olish yuzasidan profilaktik tushuntiruv ishlarini olib bormoqdalar. O‘tkazilgan tadbirlar davomida bozorlarda ochiq muomalada bo‘lgan va kasbi koriga ko‘ra tig‘li predmetlarni to‘mtoq holda foydalanishi mumkin bo‘lgan 350 dan ortiq pichoqlarning uchlari to‘mtoq holatga keltirildi.

Xuddi shu kabi profilaktik tushuntiruv ishlari Andijon shahrining Bobur MFY hududida joylashgan «Eski shahar dehqon bozori» hududida ham o‘tkazilib, o‘tkir tig‘li jismlar to‘mtoq holatga keltirilyapti. Bundan tashqari o‘tkazilayotgan «Tun» tadbirlari davomida bemaqsad yurgan shaxslarning yonidan 18 ta tig‘li predmetlar olindi. Jinoyatlarni barvaqt oldini olish yuzasidan olib borilayotgan bu kabi profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda”, – deyilgan xabarda.

Shuningdek, ushbu xabar Kun.uz saytida va O‘zbekistondagi deyarli barcha internet nashrlarida IIV matbuot xizmatiga asoslanib chop etilgan.

Mavzuga oid