O‘zbekiston | 22:55 / 22.03.2025
13464
14 daqiqa o‘qiladi

Tezlikni oshirishga ruxsat, Temu'ga taqiq va eksportga bojlar - hafta dayjesti

Markaziy bank inflatsiyadan xavotirda: sezilgan narx-navo oshishi 25 oylik maksimumga yetdi. Haydovchilar uchun jarima ballarining miqdori ochiqlandi: tezlikni sevadiganlar uchun “kompensatsiya” ham bor. Temu rasman O‘zbekistonga keldi, lekin baribir bloklandi. Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid shu va boshqa muhim voqealari – Kun.uz haftanomasida.

Jarima ballari: tafsilotlar ma’lum

Yo‘l harakati qoidabuzarlarini jarima ballari asosida baholashga oid hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi. Unda qaysi qoidabuzarlik uchun qancha jarima bali berish mo‘ljal qilinayotgani ko‘rsatilgan.

Shunday qilib, tezlikni ruxsat etilganidan 20, 40, 60 km/soatgacha va 60 km/soatdan ortiqqa oshirib yuborish mos ravishda 0,5, 1, 1,5 va 2 jarima baliga sabab bo‘ladi. Lekin bu qoida amaliyotda ishlamaydi, chunki jarima ballari faqat YPX xodimlari tuzgan bayonnomalar asosida hisoblanadi. Xodimlar tezlikni oshirgani uchun haydovchilarni to‘xtatmay qo‘yganiga esa ancha bo‘lgan.

Radar va kameralar orqali aniqlanadigan qoidabuzarliklar uchun ham jarima balli hisoblash uchun qaror loyihasida bitta shart ko‘rsatilgan: unga ko‘ra, avvaliga kamera yoki radarga tushgan qoidabuzarlikni aynan kim sodir etgan, ya’ni “rulda kim o‘tirgan” degan savolga javob beradigan mexanizm yaratilishi kerak. Bunaqa mexanizm qachon yaratiladi, yaratiladimi yoki yo‘qmi, bu savollarga hujjat loyihasida javob yo‘q.

Boshqa jihatlarga kelsak, eng kam jarima bali to‘xtash va to‘xtab qoidalarini buzganlik uchun belgilanishi kutilyapti: 0,3 ball. Qizil chiroqda o‘tib ketish va davlat raqam belgisini yechib olib harakatlanish 1 ball, quvib o‘tish qoidalarini buzish 1,5 ball, noqonuniy kortej bo‘lib harakatlanish va yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketish orqali avariyaviy xavfni yuzaga keltirish esa 2 ballik jarimaga sabab bo‘ladi.

Loyihaga ko‘ra, oxirgi 12 oyda qoida buzmagan haydovchilarni rag‘batlantirish uchun ularga birinchi jarima bali hisoblanmaydi. Haydovchi qanchadir ball to‘plaganidan keyin 6 oy davomida qoida buzmasdan yursa, to‘plagan balidan 2 ball ayirib tashlanadi. Agar 2 ball ayirib tashlanganidan keyin haydovchining hisobida jarima ballari qolmasa, unda hisob-kitob davri tugaydi va keyingi qoidabuzarlik sanasidan boshlab yangi davr boshlanadi. 12 oy ichida 12 ball to‘plab qo‘ygan haydovchilar kamida 6 oyga guvohnomasidan ayriladi. Qaror aprel oyida imzolanib, 1 maydan kuchga kirishi kutilmoqda.

Jarima ballari tizimi maksimal yumshoq va bezarar shaklga keltirilganiga qaramay, ko‘plab qoidabuzarlar shuni ham qabul qilolmayapti. Bu vaziyatda mas’ullar go‘yoki kompensatsiya sifatida, ularni xursand qiladigan boshqa bir yangilikni tayyorlab qo‘ygan: radarlar qayd etgan tezlikdan 5 emas, 10 km/soat chegirib tashlanishi kutilyapti.

O‘tgan hafta Vazirlar Mahkamasi bu haqdagi qonun loyihasini parlamentga kiritdi. Parlament matbuot xizmati esa hali ovozgayam qo‘yilmagan loyiha haqida, go‘yoki qabul qilib bo‘lingandek xabar tarqatdi. Qonunchilik palatasiga ko‘ra, bu qonun albatta qabul qilinadi va kuchga kiradi, shundan keyin, masalan, tezlik 60 km/soat bilan cheklangan joyda haydovchiga hozirgidek 65 tezlikdan boshlab emas, 70 tezlikdan boshlab jarima qo‘llanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston shaharlarida maksimal tezlik 70 dan 60 ga tushirilganiga hali 2 yil ham bo‘lmagandi. 2023 yil bahorida shaharlarda tezlik rejimi pasaytirilgach, bir necha oy ichida kamera o‘rnatilgan joylardagi avariyalar 30 foizga kamaygandi. Xo‘sh, jarimasiz chegara oshirilgach, buning natijasida ko‘payadigan avariyalar uchun mas’uliyatni kim zimmasiga oladi? Katta ehtimol bilan, hech kim.

Temu bloklandi, Uzum – bozor “ustuni”

O‘zbekistonda Temu marketpleysi oxir-oqibat baribir bloklandi. 20 martdan e’tiboran bu ilova va uning saytiga O‘zbekistondan turib VPN'siz kirib bo‘lmay qoldi. E’tiborlisi, bundan bir necha kun oldin Xitoy kompaniyasi rasmiylarning talablariga ko‘nib, O‘zbekistonda yuridik shaxs tashkil etgani ma’lum bo‘lgandi. Aftidan, mas’ul idoralar Temu bilan muzokaralarni bundan keyin ham kuch pozitsiyasidan turib davom ettirishga qaror qilgan.

Soliq qo‘mitasi bayonotida aytilishicha, Temu kompaniyasi yuridik shaxs – O‘zbekiston rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Ya’ni kompaniya belgilangan soliqlarni to‘lay boshlaydi va umuman, O‘zbekiston qonunlariga rioya qilib ishlashga majbur bo‘ladi. Lekin bu – Soliq qo‘mitasi va Istiqbolli loyihalar milliy agetligini qoniqtirmayapti. Ular Temu oldiga O‘zbekistonda norasmiy ishlagan davri uchun ham soliqlarni to‘lab qo‘yish majburiyatini qo‘ygan. Muzokaralar borayotgan vaqtda esa, 20 mart kuni Temu bloklab qo‘yildi.

Bu voqealar fonida, Uzum Market'ning marketpleyslar bozoridagi ustun mavqeyi rasman tan olindi. Raqobat qo‘mitasi bu haqda bergan xabarida Uzum'ning bozordagi ulushini ochiqlamagan. Hafta davomida, shuningdek, “Yandeks” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga o‘z marketpleysini ham olib kirishini e’lon qildi. “Market Yandex Go” kelasi oydan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga buyurtmalarni 1 kun ichida yetkazib bera boshlashi kutilmoqda.

Asosiy stavka ko‘tarildi

Oshib borayotgan inflyatsion risklar tufayli, Qozog‘istondan keyin O‘zbekiston Markaziy banki ham foiz stavkalarini ko‘tarishga majbur bo‘ldi. 20 mart kungi boshqaruv yig‘ilishida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz deb belgilashga qaror qilindi. Rasmiy izohga ko‘ra, bu qaror yuqori inflyatsion bosimlar, iqtisodiyotda talabning barqaror o‘sib borayotgani va inflyatsion kutilmalarning kuchaygani bilan bog‘liq. Markaziy bank o‘z relizida stavkalarni bundan keyin ham oshirib borishi ehtimolini istisno qilmagan. Eslatib o‘tamiz, asosiy stavka 17 foizga ko‘tarilgan 2022 yil martidan beri faqat pasayib kelayotgandi.

Oxirgi so‘rovlarga ko‘ra, fevral oyi yakunlari bilan sezilgan inflatsiya 15 foizdan oshgan. Bu – oxirgi 25 oydagi eng yuqori ko‘rsatkich. Toshkent shahrida sezilgan inflatsiya 19 foizga yetgan. Oxirgi paytlarda go‘sht, sut, energetika tovarlari, yog‘, dori-darmon, yo‘lkira narxlari sezilarli ko‘tarilgan. Infyalsion kutilmalar ham oshishda davom etyapti. Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, o‘tgan oyda aholining inflyatsion kutilmalari birdaniga 0,9 foiz bandiga yomonlashib, 15,3 foizni tashkil qilgan. Bu – 24 oylik maksimum. Aholi va tadbirkorlar eng ko‘p kommunal xarajatlarning oshishidan xavotir olyapti.

Birlamchi ehtiyojlarni qondirish borgan sari qimmatlashib borayotgani fonida, foydalanishda bo‘lgan avtomobillar narxi tushyapti. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti o‘rganishlariga ko‘ra, fevral oyida ikkilamchi bozorda Onix, Lacetti, Cobalt, Nexia, Spark va Damas – barchasi arzonlashgan. BYD va KIA'ning qator modellari narxlarida ham pasayish kuzatilgan. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining xabar berishicha, oxirgi 1 yilda minilgan mashinalar oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiy shartnomalar salkam 2 barobarga kamayib ketgan. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 1 apreldan boshlab avtomobil oldi-sotdisini rasmiylashtirish xarajatlari keskin qimmatlashtirilgan edi. Hozir 25 mln so‘mlik Matiz'ni o‘z nomiga o‘tkazish xaridorga salkam 5,5 mln so‘mga tushadi.

Kichik va o‘rta biznesga qo‘llov

O‘zbekistonda yuqori reytingga ega fermerlar imtiyozga ega bo‘ladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, fermerlarning tadbirkorlik reytingi hosildorlik, ishchi soni, mahsulot hajmi kabi mezonlar bo‘yicha alohida bo‘ladi va yuqori reytingga ega fermerlar uchun kreditni sug‘urtalash talabi bekor qilinadi. Ilg‘or fermerlar, shuningdek, yer solig‘ini 3 barobar, fermerlar kengashiga badalni 2 barobar kamroq to‘laydi. Bundan tashqari, paxta va g‘allada me’yordan ko‘p hosil olganlarga 25 foizgacha yerida chorva ozuqasi, sabzavot, dukkakli va boshqa ekinlarni almashlab ekishga ruxsat beriladi.

Davlat rahbari boshqa bir yig‘ilishda soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamagani uchun fermerlarga hisoblangan jami 1 trln so‘mlik penyalardan voz kechilishini e’lon qildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, kichik va o‘rta tadbirkorlarga e’tibor yangi darajaga chiqadi. Bu yil kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 120 trillion so‘m resurs ajratiladi, buncha mablag‘ avval hech qachon ajratilmagan, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan normativ hujjatlar qabul qilishga 3 yillik moratoriy e’lon qilinadigan bo‘ldi. Kichik biznesni tugatishni osonlashtirish uchun, oxirgi 3 yillik aylanmasi 10 mlrd so‘mdan oshmagan, soliqdan qarzi yo‘q korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv o‘tkazilmasligi belgilandi. “Birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etilib, ilk marta ma’muriy huquqbuzarlik qilgan tadbirkor javobgarlikdan ozod qilinadi. Bu bilan yangi ish boshlagan tadbirkorlar birinchi xato uchun “javobgarlikdan sug‘urtalangan” bo‘ladi, dedi prezident.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

“Tashabbusli budjet”ning 1-mavsum g‘olib loyihalari e’lon qilindi. Bu mavsumda yakkabog‘liklarning faolligi ancha e’tiborli: eng ko‘p ovoz to‘plagan 12 ta loyihaning barchasi Qashqadaryoning shu tumanidagi mahallalarga tegishli bo‘ldi. Ohangaron shahridan qo‘yilgan loyiha esa eng kam – atigi 26 ta ovoz bilan g‘olib bo‘lgan. Bu safar “Tashabbus budjet”da respublika bo‘ylab 10 mln 450 ming kishi qatnashdi. Bu soliq to‘lovchilar o‘z ovozlari bilan 3,2 trln so‘m budjet pulini qayerga sarflashni belgilab berishdi. Eslatib o‘tamiz, bu mavsumda bitta loyihaning maksimal qiymati 1,5 mlrd so‘m deb belgilangan edi.

Jahon savdo tashkilotiga a’zolik yo‘lida yana bir farmon imzolandi. Hujjat bilan, savdo qoidalarini xalqaro taomillarga moslashtirish uchun, eksport bojlari joriy etilmoqda. 1 iyuldan boshlab 86 turdagi tovarlarni eksport qiluvchilar boj to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu yangi bojlar bir qator holatlarda bekor qilinayotgan yig‘imlarning o‘rnini egallaydi. Eksport boji miqdori, masalan, tabiiy gaz va chorva mollari uchun 20 foiz, don mahsulotlari uchun 30 foiz, mineral o‘g‘itlar uchun 10 foiz deb belgilandi. Deyarli taqiqqa teng 100 foizlik boj kiritiladigan mahsulotlar qatoriga paxta chigiti va tolasi hamda metallolom kiritilgan.

Toshkentda firibgarlar tashkil etgan koll-markaz aniqlandi. Poytaxt IIB xabariga ko‘ra, bir guruh shaxslar Mirzo Ulug‘bek tumanida bitta uyni ijaraga olib, u yerda koll-markaz ochgan va odamlarga telefon qilib, ularni aldab, mol-mulklarini talon-toroj qilish bilan shug‘ullanib kelgan. Jinoiy guruhda 2 kishi tashkilotchi, qariyb 20 kishi operator bo‘lib ishlagan. Ularning qo‘lida kamida 15 mingta vatandoshning telefon raqami va shaxsga doir ma’lumotlari bo‘lgan. Tezkor tadbirda mana shu ma’lumotlar va 35 ta telefon, shuningdek, giyohvandlik moddalari ashyoviy dalil sifatida olingan. Ma’lumot uchun, o‘zbekistonliklarga telefon qilib, kartasidan pul o‘g‘irlash bilan shug‘ullanuvchi guruhlar bungacha asosan Rossiyada aniqlanayotgan edi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita noqonuniy ishlayotgan “umrachi” turfirmalarga qarshi ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, oxirgi ikki oyda litsenziya olmasdan faoliyat yuritgani uchun 31 ta firmaga nisbatan firibgarlik moddasi bilan jinoyat ishlari ochilgan. 19 ta turfirma esa litsenziyalovchi organ tomonidan 75 mln so‘mdan jarimaga tortilgan. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 1 mln dollarlik zaxira va boshqa talablarni o‘z ichiga oluvchi Umra litsenziyasi joriy etilgach, bu yangi chig‘iriqdan 12 tagina kompaniya o‘ta olgan edi. O‘tgan hafta Din ishlari bo‘yicha qo‘mita litsenziya uchun talabgorlardan yana arizalar qabul qilishni boshlagan.

Mavzuga oid