O‘zbekiston | 13:51 / 30.11.2020
45714
2 daqiqa o‘qiladi

Antiseptik vositalarning zararli xususiyatlari aytildi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti yetakchi ilmiy xodimi Haydar Yunusov antiseptik va dezinfeksiyalovchi vositalarning zararli xususiyatlari haqida gapirdi. 

Olimning Kun.uz muxbiriga bergan intervyuda aytishicha, mazkur vositalar tarkibidagi xlor va spirt birikmalari inson tanasiga turli shakllarda ta'sir qiladi. 

Haydar Yunusov

«Bugungi kunda antiseptik va dezinfeksiyalovchi vositalar respublikaga chet eldan import asosida kirib keladi. Ular spirt, xlor va uning birikmalaridan tashkil topgan. 

Xlorning inson organizmi uchun juda ham zararli tomonlari bor.  Masalan, u allergiya beruvchi xususiyatga ega. Yana nafas yo‘llariga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi. 

Antiseptiklar tarkibida spirt bo‘lgani uchun qo‘lni tez quritadi va yoriqchalar paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu ham noxush vaziyatlarni keltirib chiqaradi», dedi ilmiy xodim.

Haydar Yunusovning so‘zlariga ko‘ra, institut olimlari yangi turdagi antiseptik vositalar yaratgan. Ma'lum bo‘lishicha, mazkur vositalarda xlor moddasi mavjud emas. 

«Bizlar nanotexnologiyalar qo‘llash bilan polimerda kumush nanozarralarini shakllantirib, ular asosida dezinfeksiyalovchi va antiseptik xususiyatiga ega vositani yaratdik. Ushbu vositani ishlab chiqarishga ruxsatnoma ham oldik. 

Mazkur vosita maktab, bog‘cha, transport vositalari va umuman jamoat joylarini dezinfeksiya qilishda yaxshi samara beradi. Tarkibida xlor yo‘q. Buni ishlab chiqishda mahalliy sellyuloza efiridan foydalandik», – dedi institut xodimi.

Mavzuga oid