O‘zbekiston | 14:05 / 02.12.2020
29130
12 daqiqa o‘qiladi

Huquqshunos Surayyo Rahmonova - sudga bosim, manfaatlar to‘qnashuvi va jamiyatning sudyaga munosabati haqida

Bosh prokuratura sobiq matbuot kotibi, yuridik fanlari doktori Surayyo Rahmonova Kun.uz’ga intervyu berib, sud-huquq sohasidagi o‘zgarish va kuzatilayotgan holatlarga munosabatini bildirdi. 

Sizni ko‘pchilik, keng jamoatchilik Bosh prokuratura matbuot xizmatiga rahbarlik qilganingizdan beri taniydi. Nima uchun Bosh prokuratura matbuot xizmatidan ketdingiz?

— Bu savolingizga javob berishda, shuni ta'kidlamoqchimanki, siz aytganingizdek, men, avvalo, olim insonman. Har qalay ta'limda va ilmda 15 yildan ortiq faoliyat yuritganman. Albatta, hodisa, voqealar, hayotdagi yo‘lingizda turli pozitsiyalarda ishlash, faoliyat yuritishga to‘g‘ri keladi. Shu nuqtayi nazardan prokuratura organlarida, xususan, matbuot xizmatida ishlash, tajribaga ega bo‘lish imkoniyati menda mavjud bo‘lgan. Lekin aytganingizdek, men uchun ilm va ta'lim sohasi ko‘proq yaqinroq va shu sohaga nega ketdingiz deb emas, men bu savolga ko‘proq o‘z sohamga qaytdim deb javob berishim mumkin. Chunki ta'lim va ilm sohasi, xususan, jinoyat ishlarini yurituvi borasidagi sohada ilmiy tadqiqot ishini olib borgan har bir olim mening nazarimda, mazkur ilmiy unvonni, ilmiy darajani faqatgina o‘zining shaxsiy ambitsiyalarini qondirish uchun emas, ilm sohasini rivojlantirish va olgan bilimini keyinchalik tarqatish uchun ham xizmat qilishi kerak. Bu sizga yuklatilgan muhim mas'uliyat.

Hozirda nimalar bilan bandsiz?

— Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida kafedra mudiri sifatida faoliyat yuritmoqdaman. Aynan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarni, sudyalik kadrlarini tayyorlash, jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalarning malakasini oshirish masalalari, shu sohada ta'lim bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish bilan bandman.

Hozir mening qarshimdagi suhbatdoshim juda ham yaxshi bir tajribaga ega. U odam, birinchidan, ilm sohasi vakili. Bir muddat Bosh prokuraturada ishladi. Hozir esa bevosita sudyalarga yaqinroq sohada ishlayapti. Shundan kelib chiqib, bir savol bermoqchiman. Bugungi kunda jamiyatda sudyalarning tutgan o‘rni qanday? Jamiyatning sudga bo‘lgan munosabati qanday? Siz buni qanday ko‘ryapsiz: kuzatuvlaringizdan xulosalar bormi?

— Mening nazarimda, bu savolingiz keng qamrovli. O‘ziga xos murakkab jihatlari bor. Chunki aynan prokuratura sohasida amaliyotda men uchun ham katta maktab, tajriba bo‘ldi. Chunki olim ilm bilan band inson, birdaniga amaliyot  sohasiga, keng qamrovli amaliyotni kuzatishga imkoniyati bo‘lishi katta yutuq. Bu tajribadan men albatta faxrlanaman. Hayot yo‘limdagi katta yutuq. Shu bilan birgalikda nazariya bilan amaliyotni o‘rtasida uzilish borligini bevosita faoliyatimda kuzatishga imkon bo‘ldi. Nima uchun?

Bugungi kunda aynan sud-tergov sohasida ilmda, fanda, jinoyat-protsessual huquqi nazariyasida biz deklaratsiya qiladigan juda katta protsessual institutlar, g‘oyalar, nazariyalar mavjud. Mana shu g‘oya va nazariyalarni deklaratsiya qilamiz, lekin amaliyotda hamisha ham bu institutlarning to‘liq ta'minlanishi, real ishlashini kuzatmaymiz. Chunki hozirgi kunda afsuski shunday tendensiya borki, amaliyotdagi muammolar, amaliyotda shakllangan nomaqbul tendensiyalarga qonunchilikni rivojlantirish tendensiyasini yoki bevosita ilmiy yondashuvni moslashtirishga urinishlar bor. Mening olim sifatidagi fikrim: bu umuman noto‘g‘ri yondashuv. Birinchi navbatda, amaliyot ilmga qarab intilishi kerak. Buning aksi bo‘lishi kerak emas. Ya'ni ilm amaliyotga qarab emas, ilmga qarab amaliyotga intilib, shu darajaga, marraga yetishga harakat qilishi kerak. Balki bu bugungi kunda murakkabdir, lekin shunga erishishimiz kerak.

Olim sifatidagi shaxsiy tajribamdan misol sifatida aytaman. Barchaga ma'lum bo‘lgan qo‘shimcha tergov instituti 2007 yilda aynan shu mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilganman. Qo‘shimcha tergov institutidan mutlaqo voz kechish va unga barham berish kerak, degan g‘oya bilan. O‘sha paytda ko‘pchilik qarshi chiqqan: amaliyot xodimlari ham, ilm vakillari ham. O‘z funksiyasini bajarayotgan institutdan voz kechish, uning o‘rniga nima tavsiya qilish mumkin, hech narsa uning o‘rnini bosa olmaydi, bu institut amaliyot uchun juda zarur, degan qattiq tanqidlarga uchraganman. Lekin shu pozitsiyamda qat'iy turganman: qo‘shimcha tergov institutidan voz kechish kerak. Bu institut jinoyat protsessida inson huquqlari manfaatlarini buzadi, ularga putur yetkazadi. Qarangki, 10 yildan keyin 2017 yilda bu institutdan butunlay voz kechildi. E'tibor bering, ilmning prognozi, g‘oyasi amaliyot uchun 5-10 yilda o‘zining ro‘yobini topyapti.

Bugungi kunda ham ko‘p masalalarda aynan sud amaliyotini kuzatishga imkoniyatim bor. Sud amaliyotida mavjud bo‘lgan muammolar, bo‘shliqlar masalasida ham boshqa yo‘limiz yo‘q. Shu sohada inson huquqlarini ta'minlashga qaratilgan institutlarni kiritishimiz zarur. Ular tashkiliy, idoraviy va boshqa qiyinchiliklarni olib kelishiga qaramasdan bu yo‘lda baribir shu marraga borishimiz kerak.

Bugun jamiyatda ko‘pincha hafsalasizlik deymizmi yoki sudlardan norozilikmi, ingliz tilida bir so‘z bilan disappointment deyiladi, shu narsa juda ko‘p uchrayapti. Sudning qaroridan deyarli ko‘pchilik norozi bo‘ladi yoki sudning u yoki bu harakatiga odamlar o‘zining salbiy munosabatda bo‘ladi. Bu qayerdan kelib chiqyapti?

— Bunga nafaqat protsessualist olim yoki huquqshunos sifatida, balki shu jamiyatning a'zosi, fuqarosi sifatida o‘z fikrimni bildirmoqchiman. Biz ko‘pincha sudga nisbatan aytganingizdek bepisandlik yoki qabul qilgan qaroridan hafsala pir bo‘lishi kayfiyatiga tushamiz. Chunki uzoq yillar davomida sud ham mana shu jamiyatning bir qismi, murakkab yo‘ldan o‘tgan soha sifatida unda ham ko‘p xatoliklar, faoliyatini amalga oshirishiga to‘sqinliklar bo‘lgan. Shu sharoitda shakllangan suddan biz bugungi kunda bir necha yillar davomida ochiqlashgan, shaffof bo‘lgan ochiq muloqotda ishlash rejimida bo‘lgan bugungi kundagi jamiyatimiz suddan xalqaro standartdagi, xorijiy davlatlar darajasidagi mustaqil sudning talabini qo‘yamiz. Lekin unutamizki, bunday talabni qo‘yishdan avval sud ana shu talabga javob beradigan sharoit, omillarni ham o‘zida namoyon qilishi kerak.

Bugungi kunda sud qarori chiqishida, yo ko‘p kuzatamiz: rezonansli sud jarayonlari. Bu mening shaxsiy kuzatuvim: hali sud qarori qabul qilinguniga qadar u hali muhokama bo‘layotgan, ishni mazmunan ko‘rayotgan paytda jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘ladi. Bu o‘z-o‘zidan jamoatchilikning sudga nisbatan bosimi deb ham aytishimiz mumkin. Shu ish yuzasidan ish ko‘rayotgan sudya muayyan bosim ostida ham qoladi. Lekin biz o‘zimizga savol bermaymizki, biz suddan mustaqil, butunlay adolatli va qonuniy qarorni kutyapmizmi, sudni ana shu yuksak pozitsiyada sudya ekanini, sud qarorini qabul qilayotgan, uning so‘zsiz ijro etilishi zarur bo‘lgan hujjatni qabul qilayotgan darajada hurmat qilishimiz kerak. Mana shuni unutib qoldiramiz.

Lekin jamoatchilikda ayrim odamlarda shunday fikr borki, sudyaga aynan jamoatchilikning bosimi bo‘lmasa, qonuniy qarorga erishish juda ham qiyin, degan fikr paydo bo‘lgan.

— Bu fikrga men doim ham qo‘shilmayman. Chunki sudyaning bugungi kunda zimmasiga yuklatilgan mas'uliyat va yukni to‘g‘ri amalga oshirish uchun hozirgi kunda sudyalarimiz yetarli bilim, kasbiy malaka va yaxshi ma'nodagi qat'iyatga ega. Lekin biz sud qarori qabul qilinishidan avval yoki endi qabul qilinganda uni yanglish yoki noto‘g‘ri deb qabul qilish kayfiyati o‘zimiz talab qilayotgan mustaqil sud pozitsiyasiga zid. Ya'ni biz hozir shu jamiyatimizda mustaqil sudni talab qilyapmizmi, ana shu mustaqil sudni, aynan sudyani. Sud hokimiyati mustaqilligi, sud hokimiyati degani bir mavhum tushuncha emas. Sud hokimiyatining asosiy sub'yekti bu – sudya. U Oliy sudning sudyasi bo‘ladimi, tuman sudining sudyasi bo‘ladimi, har bir sudya O‘zbekiston Respublikasi nomidan qaror chiqaryaptimi, biz uni hurmat qilishimiz kerak. Unga so‘zsiz itoat qilishimiz kerak. Sudyaning o‘zi va qabul qilgan qarori qachonki biz uchun qadriyat bo‘lsa, ana o‘shanda biz mustaqil sud sari qadam qo‘ygan bo‘lamiz.

Sudlarning mustaqilligi to‘g‘risida biroz gaplasha boshladik. Sud mustaqil bo‘lishi kerak. Buni hamma tan oladi. Ko‘pchilik bu fikrga qo‘shiladi. Lekin ana shu mustaqillikni ta'minlovchi omillar qaysilar? Nima qilsa, sudlar mustaqil bo‘ladi?

— Bu juda ham muhim, strategik savol. Chunki hozir aytganimizdek, sudyadan, suddan xorijiy standartlar darajasidagi mustaqillikni talab qilamiz. Lekin ana shu mustaqillikni ta'minlab beruvchi omillarimiz yetarlimi, degan savolga javob bermaymiz. Nazarimda, bu yangi ochilgan soha emas yoki bu sohada velosiped ixtiro qilish zarurati yo‘q. Qabul qilingan, e'tirof etilgan xalqaro standartlar mavjud. Ya'ni sudning, sudyaning mustaqilligini ta'minlovchi eng muhim, bir qancha tarkibiy omillar mavjud.

Birinchisi, sudyaning ijtimoiy-iqtisodiy ta'minoti masalasi. Maoshi. Ya'ni xalqaro standartlar darajasidagi va sudyaning bevosita o‘z faoliyatini hech bir narsadan kuyinmasdan, o‘ylanmasdan amalga oshirish uchun imkon yaratadigan oylik maosh. Ya'ni nima haqida gapiryapman? Tasavvur qiling, sudya qanday sudya bo‘lishidan qat'i nazar: fuqarolik sohasidami, ma'muriy sohadami yoki jinoyat sohasidami. Ayniqsa jinoyat sohasida inson taqdirini hal qilayotgan sudya ishni mazmunan ko‘rayotganida barcha shaxsiy muammolardan xoli bo‘lishi kerak. Uy-ro‘zg‘or, maishiy masalalar. Ya'ni bugun olgan oylik maoshim ertaga menga, farzandlarim ta'limini to‘lashga yoki uy bilan bog‘liq xarajatlarni ta'minlashga yetarlimi yoki yo‘qmi va h.k boshqa maishiy masala, muammolar bilan boshi qotishi kerak emas. Sudya bularning hammasidan xoli bo‘lishi kerak. Bunday xoli bo‘lish rejimi qachon bo‘ladi? Qachonki unda xalqaro standartlar darajasidagi oylik maosh bo‘lsa.

Bundan tashqari, ijtimoiy ta'minot masalasi va ijtimoiy kafolatlar. Hozir e'tirof etilgan muayyan ijtimoiy kafolatlar paketi. Sudyaning namunali faoliyatni amalga oshirishini rag‘batlantiruvchi imkoniyatlar, kafolatlar ham bo‘lishi kerak. Bular unga rag‘bat. Ya'ni sudya hamisha yaxshi, to‘g‘ri va namunali ishlashdan manfaatdor bo‘lishi kerak. Bu sudyalar reytingi, sudyalar faoliyatiga baho berish jarayoni shaffofligi va inson omilidan mutlaqo xoli bo‘lganlik. Mana shularni olim sifatida sudyaning, sud hokimiyatining tarkibiy omillari, kafolatlari deb hisoblayman.

Suhbat davomida Surayyo Rahmonova sud qarorlarini qabul qilinishida yuz berayotgan tashqi aralashuv, sudyaga  nisbatan bosim, sud hokimiyatining jamiyatdagi o‘rni haqidagi mulohazalarini bildirgan. Intervyuni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid