Jamiyat | 10:03 / 05.12.2020
8846
5 daqiqa o‘qiladi

Yakkabog‘dagi «snos»: Mulki buzilib, haligacha kompensatsiya ololmay kelayotgan fuqarolar bor

Kun.uz tahririyatiga Yakkabog‘ tumanida hokimning sobiq o‘rinbosari Mansur To‘ymayevga o‘t qo‘yilgani bilan el og‘izga tushgan joydan yana murojaat kelib tushdi. Muxbirlar vaziyatni o‘rganish, murojaatchilarga mikrofon tutish maqsadida vaziyat yuz bergan joyda bo‘ldi.

 

Barchaning og‘zida bitta gap: shu yil boshidan boshlab o‘z kuchini yo‘qotgan, biroq buza-buzlar chog‘ida amalda bo‘lgan hukumatning 2006 yil №97-sonli qaroriga nega amal qilinmagan? Nega buzilgan joylar uchun kompensatsiya hanuz to‘lanmayapti?

Nurbek Beknazarovning hikoya qilishicha, ota-bobolari 60 yildan buyon istiqomat qilib kelayotgan uyining bir qismi buzilgan. Piyodalar yo‘lkasi qurish uchun ko‘chaga joy ochilgan. U buzilgan joy uchun kompensatsiya berilmaganidan shikoyat qildi. Boz ustiga, u eski imoratlar buzilgach, ochilib qolgan joyni ko‘chadan to‘sish uchun muvaqqat devor ko‘targanida ishchi guruh xodimlaridan dakki eshitganidan hayratda.

Buza-buzlar natijasida oilaviy tadbirkorlik – somsapazlik bilan shug‘ullanayotgan Muhayyo Mustafoyeva ham yo‘l hisobiga buzilgan somsaxona uchun tovon puli va yer uchastkasi va'da qilinganiga qaramasdan, haligacha na kompensatsiya va na yer berilganini ta'kidladi.

Nafisa Sobirovaning esa tikuvchilik sexi buldozer g‘ildiraklari ostida qoldi. «Mahalladagi besh nafar qizni ishli qilib turuvdim», deydi u. Pishiq g‘ishtdan tiklangan imoratning hattoki g‘ishtlari ham egalariga berilmasdan, chiqindiga chiqarib tashlangan. Ayni paytda ularning foydasiga sud qarorlari ham chiqqan. Lekin sud qarori ijro etilmayapti.

Shahnoza Sodiqova oila a'zolari bilan faoliyat ko‘rsatib turgan do‘koni ham buzilib, ko‘cha kengaytirilib, o‘rnidan piyodalar yo‘lagi tushgan va do‘kon 5 metr ichkariga olingan. Davlat ehtiyojlari uchun olingan joy evaziga na qo‘shimcha yer maydoni, na tovon puli to‘langan.

Odamlarga mikrofon tutayotganimizni ko‘rib, o‘z arzini bayon qilib ketgan Mukarram Qosimova ham faoliyat ko‘rsatib turgan do‘konlari evaziga hali biror so‘m ololmaganini aytib o‘tdi.

Yakkabog‘ posyolkasi markazidan o‘tuvchi kanal ustida qurilgan do‘konlari buzilgan tadbirkorlar Sarvar Ergashev va Boynazar Berdiyev ham o‘z dardini hikoya qilishdi. Ularning ham ro‘zg‘or tebratish uchun qurgan do‘konlari buzilgan. S.Ergashev chopa-chop bilan do‘kon evaziga yer olingani, biroq kompensatsiya berilmaganini ta'kidlab o‘tdi.

Ayni paytda shaharcha obod qilingan, markaziy avtoyo‘l kengaytirilgan, piyodalar yo‘lakchasi barpo etilgan. Kanal usti ochilgan, narigi yoqda bozorcha barpo etilmoqda. O‘zini bozorcha egasi deb tanishtirgan odam, avvaliga murojaatchilarni so‘kib, haqorat qilib, ishimizga xalaqit berdi. «Siz qanday qilib yerni qo‘lga kiritgansiz?» degan savolimizga 12 million so‘mga auksion orqali tuman zaxirasidagi yerni xarid qilganini aytdi.

E'tibor bering: Zaxiradagi yer auksion orqali 12 million so‘mga sotilgan. Bu aksion Yakkabog‘da halol o‘tkazildimikan, degan savol ham kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Chunki eng gavjum joyda bozorcha barpo etilayotgan yerning narxi 12 million so‘mdan qimmat turishi aniq. Agar Yakkabog‘da auksion halol tashkillashtirilganida bozorcha uchun sotilgan yer pulidan «ikki yildan buyon kompensatsiya ololmayapmiz», deb zir yugurib yurgan fuqarolarning barchasini rozi qilsa bo‘lar edi-ku?!

Bu orada buza-buzlarga bosh-qosh bo‘lgan Mansur To‘ymayevga chora ko‘rildi. Tumanda ikki hokim almashdi. Muammo esa hal bo‘lmasdan tumanning hozirgi rahbarining gardaniga kelib tushmoqda. Ko‘ramiz, ular bu muammoni yechish uchun qanday yo‘l tutishar ekan.

Bu yerda tuman mutasaddilarining vaziyat yuzasidan munosabati ham bo‘lishi mumkin edi. Biroq o‘sha kuni Yakkabog‘ tumani hokimligi mutasaddilari bilan uchrashishning imkonini qila olmadik. Ular selektor yig‘ilishdan hadeganda chiqishmadi. Endi vaziyat yuzasidan ularning rasmiy munosabatini kutamiz.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid