O‘zbekiston | 22:10 / 09.12.2020
8691
6 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz muxbiri korrupsiyaga qarshi kurash mavzusidagi tanlovda sovrindor bo‘ldi

Kun.uz sayti muxbiri Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda «Eng yaxshi jurnalistik surishtiruv» nominatsiyasida sovrindor bo‘ldi.

Bugun, 9 dekabr kuni Toshkent shahridagi «Hilton» mehmonxonasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashabbusi bilan «Antikorrupsiya haftaligi» yakunlariga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi va haftalik doirasida tashkil etilgan «Korrupsiyani birgalikda yengamiz!» tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi hamda «Mintaqaviy muloqot» xalqaro nodavlat tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan tanlovda qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar mukofotlandi.

Jumladan, Kun.uz muxbiri Jamshid Niyozov tomonidan tanlovga taqdim etilgan maqolalar hakamlar tomonidan «Eng yaxshi jurnalistik surishtiruv» nominatsiyasi bo‘yicha 2-o‘ringa munosib deb topildi. Bu nominatsiyada jurnalist va Davletov.uz kanali muallifi Qobil Xidirov birinchi o‘rinni egalladi, uchinchi o‘rinni «Samarkandskiy vestnik» gazetasi muxbiri Anastasiya Pavlenko qo‘lga kiritdi.

Gazeta.uz nashri «Korrupsiyaga qarshi targ‘ibotda eng faol ommaviy axborot vositalari» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi, ikkinchi o‘rin MY5 telekanaliga berildi.

«Eng yaxshi jurnalistik surishtiruv» nominatsiyasi bo‘yicha:

1- o‘rin – Qobil Xidirov, Davletovuz telegram kanali asoschisi;

2-o‘rin – Jamshid Niyozov, Kun.uz muxbiri;

3-o‘rin – Anastasiya Pavlenko, «Samarkandskiy vestnik gazetasi» muxbiri.

«Eng yaxshi ijtimoiy videorolik uchun» nominatsiyasi bo‘yicha:

1-o‘rin – Nurmuhammed Jumagulov, mustaqil ijodkor;

2-o‘rin – Yerpolat Orakbayev, Qoraqalpoq davlat universiteti yuridik fakulteti 4-kurs talabasi;

3-o‘rin – Jamoliddin Qalandarov.

«Ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi uchun» nominatsiyasi bo‘yicha:

1-o‘rin – Otabek Bakirov, bakiroo telegram kanali asoschisi;

2- o‘rin – Zafarbek Solijonov, bloger;

3-o‘rin – Fotima Jo‘rayeva, feysbukning faol foydalanuvchisi.

«Eng yaxshi insho»

(OTM talabalari o‘rtasida)

1-o‘rin – Nilufar Oripova, Jizzax davlat pedagogika instituti O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti talabasi;

2-o‘rin – Dildora Imomova, Jizzax politexnika universiteti Arxitektura va qurilish fakulteti talabasi;

3-o‘rin – Yorqinjon Hayitboyev, Guliston davlat universiteti filologiya fakulteti 1-kurs talabasi.

«Eng yaxshi insho»

(maktab o‘quvchilari o‘rtasida)

1-o‘rin – Saltanat Temirxonova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qanliko‘l tumani, 16-sonli maktab, 11-sinf o‘quvchisi;

2-o‘rin – Moxinur Rajabova, Xorazm viloyati, Xazorasp tumani,

45-sonli umumta'lim maktabi, 9-sinf o‘quvchisi;

3-o‘rin – Barnoxon Odilova, Andijon viloyati, Andijon tumani, 10-sonli IDUMI 11-sinf o‘quvchisi.

«Korrupsiyaga qarshi eng faol targ‘ibot olib borgan OAV»

«Gazeta.uz» tahririyati;

«Mening yurtim» telekanali.

«Eng faol nodavlat notijorat tashkiloti»

«Istiqbolli avlod» NNT.

«So‘nggi paytlarda agentlik tanlov o‘tkazishdan ko‘ra, javobgarlikka torsa yoki amaliy ishini ko‘rsatsa bo‘lmaydimi degan gaplarni eshityapmiz. Bunday tajriba butun dunyoda bor. Korrupsiyaga qarshi kurashish uchun, avvalo, oddiy fuqaroda unga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish kerak. Buni shakllantirishning yo‘llaridan biri shu kabi tanlovlarda fuqarolarning ushbu illatga nafratini ko‘rsatib berishdir. 

Afsuski, oldingi yillarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni to‘la shakllantira olmagandik. Odamlarimizda bu korrupsiyaviy holatlar odatiy narsa degan fikr paydo bo‘lgan edi. Maqsadimiz – mana shu tanlovlarni o‘tkazish orqali ushbu muammoga loqayd bo‘lmaganlarning fikrini boshqa fuqarolarga yetkazib berish. Oldinlari korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabat ko‘proq kattalarda, huquqiy madaniyati shakllangan odamlarda kuzatilgan bo‘lsa, hozir maktab o‘quvchilari ham yoshligidan mana shu murosasiz munosabatni shakllanganidan dalolat beradi.

Agentlikning maqsadi – hammani korrupsiyaga qarshi harakatlantirish.

Davlat idoralarida ochiq eshiklar kuni o‘tkazilyapti. Buni ham rasmiyatchilik deyishyapti. Bu ham davlat idoralari o‘zining ochiqligini, shaffofligini va jurnalistlarga javob berishga tayyorligini bildiradi. Afsuski, mana shu ochiq eshiklar va antikorrupsiya kunlarini o‘tkazganimizda ko‘rdikki, bunga ko‘plab vazirliklar tayyor emas.

Hali korrupsiyaga qarshi islohotlarga tayyor bo‘lmagan vazirlik va idoralar ham bor. Shuning uchun biz buni davom ettiramiz. Kelgusi yillarda ham bu haftaliklarni o‘tkazamiz. Tanlov nominatsiyalarini ko‘paytiramiz. Ochiq eshiklar kunida vazirlik va idoralar ko‘lamini kengaytiramiz», dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov.

Tadbirda qayd etilishicha, 9 dekabr — Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro kuni munosabati bilan qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan «Antikorrupsiya haftaligi» doirasida respublika bo‘ylab 20dan ortiq yirik tadbir, anjuman va uchrashuv tashkil etilgan.

Haftalik davomida UNICEF xalqaro tashkiloti ko‘magida yoshlar orasida «U-report» platformasi orqali «Korrupsiya haqida nima deya olasiz?» mavzusida onlayn so‘rov o‘tkazilib, unda respublikaning barcha hududlaridan 15 mingdan ziyod respondentlar ishtirok etgan. Shuningdek, Samarqand va Buxoro viloyatlarining chekka hududlarida, Toshkent shahridagi umumta'lim muassasalarida huquqiy savodxonlik va korrupsiyaga nisbatan murosasizlik bo‘yicha maxsus darslar o‘tkazilgan.

Mavzuga oid