Jamiyat | 11:41 / 20.09.2024
11105
2 daqiqa o‘qiladi

Dashtobod temiryo‘l stansiyasi boshlig‘i pora olgan vaqtida ushlandi

Mazkur mansabdor shaxs muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan sudlangani aytilmoqda.

“Temiryo‘linfratuzilma” AJning Jizzax viloyati Zomin tumanida joylashgan Dashtobod stansiyasi boshlig‘i pora olayotganda qo‘lga olingan.

Ma’lum qilinishicha, Dashtobod stansiyasi boshlig‘i salmoqli pul evaziga MChJlardan biri tomonidan Tojikistondan O‘zbekistonga olib kelinadigan ko‘mir ortilgan 100 ta yuk vagonni tanishlari orqali bojxona ko‘rigidan navbatsiz o‘tkazib berish bo‘yicha kelishgan.

U stansiyada yukni tushirish jarayonida vagonlar belgilangan vaqtdan ortiq turib qolgan taqdirda temiryo‘l jarimasini qo‘llamaslik hamda yuk belgilangan vaqtda tushirib olingani bo‘yicha hujjatni rasmiylashtirib berish evaziga MChJ vakilidan har bir vagon uchun 100 dollar talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda stansiya boshlig‘i 40 ta vagon uchun 4 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Qayd etilishicha, mazkur mansabdor shaxs muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan sudlangan va o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.

Mavzuga oid