Light | 18:04 / 11.12.2020
100860
2 daqiqa o‘qiladi

Koreyalik talaba ishlatilgan tibbiy niqoblardan mebel yasamoqda

Bitta taburetka yasash uchun nechta maska kerak? 1500ta, deb javob beryapti koreyalik Kim Ha Neul. Bu yigit haqida Reuters hikoya qiladi. 

Asosi polipropilen bo‘lgan bir martalik yuz niqoblarining chiqitlaridan bezor bo‘lgan mebel dizayneri ularni eritib taburetkalar yasayapti. U taburetkalarga «Stack and Stack» deb nom berdi.

«Platmassa qayta ishlansa, nega plastmassadan qilingan niqoblarni qayta ishlash mumkinmas ekan?» – deydi 23 yashar dizayner.

Iyun oyida Kim o‘zi tahsil oladigan Kayvon san'at va dizayn universitetida niqob to‘plash uchun quti qo‘ydi. O‘shandan beri u 10 mingta niqob to‘pladi, fabrikadan esa yana bir tonnadan ortiq yaroqsiz niqoblarni oldi.

Koronavirus yuqtirib olish ehtimolini kamaytirish uchun, Kim niqoblarni kamida 4 kun omborda saqlaydi. Keyin rezina bandlarni olib tashlab, niqoblar matosini 300 darajada qizdirib eritadi.

Pirovardida Kim balandligi 45 sm bo‘lgan oq, pushti, havorang va qora niqoblardan tayyorlangan uch oyoqli taburetkalarni bitiruv kechasida namoyish qildi.

Foto: REUTERS

Endi Kim stul, stol kabi boshqa mebel buyumlari ishlab chiqarishni mo‘ljallab turibdi. U, shuningdek, hukumat va xususiy kompaniyalarni alohida qutilarda yig‘ilgan niqoblarni qayta ishlashga chaqirmoqda.

Sentyabrning o‘zida, hukumat bergan ma'lumotga ko‘ra, Janubiy Koreyada bir milliard niqob ishlab chiqarilgan.

Kimning taburetkalari hali savdoga chiqarilmagan bo‘lsa-da, kursdoshlari uning topqirligi va taburetkalarning g‘aroyib dizayniga tan berib bo‘lishdi.

Mavzuga oid