Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mustaqillikning dastlabki yillarida yopilib ketgan minglab masjidlarning taqdiri nima bo‘ladi?
10 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistonning diniy erkinlik bo‘yicha «Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati»dan chiqarilishi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonda mustaqillikka erishish arafasida va mustaqillikdan keyingi 5-10 yil davomida hozirgidan ko‘ra ko‘proq masjidlar bo‘lgan. Ularning aksariyati keyinchalik yopilib ketgan. Masalan, hozir ko‘chmas mulklar auksionga qo‘yilgan saytlarga kirib ko‘rilsa, ikki yuzdan ortiq masjid maydonlari sotuvga qo‘yilganini ko‘rish mumkin.
Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov tadbirda bu binolarning masjid sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilib, dindorlarga qaytarib berilishi borasidagi savolga javob qaytardi.
“Bu juda katta mavzu, haqiqatan ham juda ko‘p murojaatlar bor. Bir narsani to‘g‘ri tushunishni xohlardik, hech kim masjidni ochish yoki yopish bilan obro‘ topaman yoki shu orqali nimagadir erishaman degan xayolda emas.
Mustaqillikning ilk yillarida 5,5 mingdan 7 mingtagacha masjid deb foydalanilgan binolar bo‘lgan. Ularning aniq hisobi yo‘q edi, 90 foizi talabga javob bermasdi: qo‘lbola qilib qurilgan, hech qanday hujjati yo‘q va kimning hisobida turishi ham noma'lum. Lekin shunday bo‘lsa ham 1996 yildan boshlab [ro‘yxatga olish uchun] harakat boshlandi, 2001 yilda sarhisob qilindi. Shundan so‘ng ham 2011 yilgacha hech qanday hujjatga ega bo‘lmagan, masjid sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan binolarimiz bo‘lgan. «Marhamat ro‘yxatdan o‘tkazinglar, endi diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha tartib bo‘lyapti», - deyilgan. Juda ko‘p shaharlar, tuman va qishloqlarda masjid hujjatlarini tayyorlab olib kelishgan, hech qanday to‘siq bo‘lmagan. Muayyan vaqtgacha imkon berildi, yana cho‘zib berildi”, - dedi u.
Muzaffar Komilovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda eng avvalo xavfsizlik nuqtayi nazaridan, ya'ni binoning xavfsizligi, joylashuvi, talabga javob berishi, zilzilaga bardoshliligi o‘rganiladi.
“Ularning ko‘pchiligi juda yomon ahvolda qolgan, ayrimlariga esa ehtiyoj yo‘q, ya'ni keyingi ko‘chada masjid bor. Masalan [ba'zilari] muhtasham qilib qurilgan va katta mablag‘ sarflangan, lekin unga hech kim ruxsat ham bermagan, o‘zlari ham ruxsat olishmagan. Mayli, ular ham ochib berilar, lekin tahlillarga ko‘ra, uning yonidagi masjid hali to‘lgani yo‘q. O‘zi 5 mahal namozda 1-2 saf odam bo‘lmasdan endi bu masjidni ham ochish masalasida o‘rganib chiqilgandan keyin savollar paydo bo‘ladi: “masjidning moliyaviy ta'minoti qanday? O‘sha diniy tashkilot xodimlari maosh bilan ta'minlanadimi? Masjidning kommunal xizmatlariga to‘lovlar ta'minlanadimi?” Oxiri masjid «Vaqf»ga yuk bo‘ladi. Bugungi kunda 550 dan ortiq masjidlar «Vaqf»ning zimmasida yotibdi, ularda tushum yo‘q. Hech kimning masjidni berkitib, ruxsat bermaysan degan joyi yo‘q, talabga qarab hammasini o‘rganib chiqib, ochib beriladi” – dedi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiysi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning 2 dekabr holatiga O‘zbekistondagi masjidlar soni 2079 taga yetdi
Mavzuga oid
15:42 / 05.04.2025
“Derazani ochishim bilan tahoratxona portlab ketdi”: Izboskandagi masjiddan reportaj
18:08 / 04.04.2025
«Profilaktik tadbirlarni to‘g‘ri tushunishingizni so‘raymiz» – Musulmonlar idorasi masjidlardagi texnik nazorat ishlari haqida
23:19 / 31.03.2025
Andijonda masjidda gaz portladi. Asosiy ma’lumotlar
22:12 / 31.03.2025