O‘zbekiston | 20:55 / 16.12.2020
4748
2 daqiqa o‘qiladi

«Bir million o‘zbek dasturchisi» loyihasi 1 yil ichida 21 ming nafar dasturchi tayyorladi - Abdulla Aripov

Bugun, 16 dekabr kuni «Bir million o‘zbek dasturchilari» loyihasining 1 yillik sarhisobga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Arxiv foto: Abdulla Aripov loyihaning ochilish marosimida / 2019 yil noyabr

Tadbirda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Birlashgan Arab Amirliklari hukumat va kelajak ishlari vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergaviy ham qatnashdi.

Abdulla Aripov o‘z so‘zida «Bir million o‘zbek dasturchilari» loyihasi O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish uchun drayverga aylanishi kerakligini ta'kidladi.

«Shu maqsadda ta'limning barcha bosqichlarida ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha maxsus davlat dasturlari tasdiqlandi.

Toshkent shahrida 2019 yil 21 noyabrda axborot texnologiyalari sohasida bepul ta'lim olish imkonini beruvchi «Bir million o‘zbek dasturchilari» loyihasining ochilish marosimini mamnuniyat bilan eslaymiz. Loyihaning samarali bajarilishi natijasida ko‘plab yoshlarimizning kompyuter dasturlashga qiziqishi sezilarli ortdi.

Bugungi kunda 120 mingdan ortiq yoshlar platformada ro‘yxatdan o‘tib ta'lim olmoqdalar. Ularning 21 ming nafari platformadagi kurslarni muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikatlarga ega bo‘lgan», – dedi Abdulla Aripov.

Qayd etilishicha, 2000dan ortiq umumta'lim maktablarida kompyuter dasturlashni o‘qitish loyiha kurslariga binoan tashkil etilgan. Shu maqsadda 2500dan ziyod maktab informatika o‘qituvchilari malaka oshirish kurslaridan o‘tgan.

Loyiha «Raqamli O‘zbekiston 2030» strategiyasiga ham kiritilgan. Yaqin 2 yilda dasturlashni o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlar soni 500 ming nafardan oshishi kutilyapti.

Ma'lum qilinishicha, loyiha doirasida yuqori darajali dasturlash uchun 150ta grant, o‘rganuvchilar uchun pul mukofotlari, 100 ming dollar tanlovlar mukofot jamg‘armasiga yo‘naltirilgan.

Ma'lumot uchun, dasturchilarni bunday masofaviy o‘qitish loyihasi ilk marta BAAda «One Million Arab Coders» nomi bilan boshlangan. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil mart oyida BAAga rasmiy tashrifi doirasida axborot texnologiyalari sohasida ham hamkorlik kelishuviga erishilgan edi.

Mavzuga oid