Jamiyat | 15:28 / 19.12.2020
12396
10 daqiqa o‘qiladi

Issiqlik manbai: Unutilgan soha va bundan jabr ko‘rayotgan Samarqand aholisi

Agar bugun hech bo‘lmaganda yirik shaharlarda markazlashgan issiqlik tizimi (otopleniye) saqlanib qolganida edi, tabiiy gaz va elektr ta'minoti bunchalik ko‘p muammolar girdobida qolmagan bo‘lardi. Odamlarni «sovuqda qanday jon saqlar ekanmiz?» degan savol kamroq qiynardi.

Hozirda bizda isitish tizimining o‘zi yo‘q desak taajjublanishingiz mumkin. Ammo faktlarga murojaat qilsak, amalda deyarli shunday bo‘lib chiqmoqda. Misol uchun, Samarqand shahrida bugun mingdan ziyod ko‘p qavatli uylarning faqat 54tasiga issiqlik beriladi, xolos. Kattaqo‘rg‘on shahrida shu ham yo‘q. Boshqa viloyatlardagi ayrim shaharlarda ham xuddi shu muammo.

Bu yilgi kuz-qish mavsumida tegishli tashkilotlarning barchasiga eng ko‘p murojaatlar isitish bo‘yicha bo‘layotgani aniq. Oilasini sovuqdan asrash masalasi har ikki xonadon sohibidan birining og‘ir muammosiga aylandiki, muammo Senat va prezident tiliga tushdi.

Mutasaddilar gaz va elektr ta'minotidagi uzilish va yetishmovchiliklar sababi haqda juda ko‘p fikrlarni aytishmoqda. Biroq bu yetishmovchiliklarning asosiy sabablaridan biri — deyarli barcha shaharlarda markazlashgan issiqlik tizimi ishdan chiqqani bilan bog‘liq.

Elektr tarmoqlari mas'ullaridan uzilishlar haqda so‘rasangiz «Agar iste'molchilar elektrdan faqat yoritish va maishiy jihozlarni ishlatish uchun foydalansa, u hammaga yetadi», deydi. Tabiiy gaz tarmog‘ida ham shunga o‘xshash fikrlar bir necha marta bildirildi: «Gaz aslida faqat ovqat pishirish va choy qaynatish uchun...». Aslida bu gaplarda ham jon bor, ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda tabiiy gaz pechlari bilan uyni isitish xavfli. Texnik tomondan mumkin ham emas. Ammo issiqlik ta'minotining o‘zi bo‘lmagach, xalqda boshqa tanlovning o‘zi qolmadi.

Darvoqe, aynan isitish tizimi yo‘qligi uchun ham kunda-kunora qaysidir hududdagi xonadonda butun bir oila a'zolari is gazidan zaharlanib vafot etgani haqda eshityapmiz. Chunki yuqorida aytilganidek, uylar aslida issiqlik tarmog‘i orqali isitilishi kerak (edi).

Gaz va elektr yetishmasligi haqda har safar savol berilganda mutasaddilar bunga javoban oldingi yillardagiga qaraganda ko‘proq tabiiy gaz va elektr berilayotganini aytishadi. Oldingidan ko‘p berilayotgan bo‘lsa-da, nega yetmayotganini endi tushunayotgandirsiz? O‘z vaqtida alohida e'tibor berilmagan, katta mablag‘ ajratilmagan, saqlab qolinmagan bu tizim bugun kommunal sohaning deyarli izdan chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

«Unutilgan», «e'tiborsiz qoldirilgan» kabi gaplar bilan hukm chiqarishning o‘zi bo‘lmaydi, albatta. Shuning uchun Samarqand shahri misolida issiqlik ta'minoti ahvoliga ko‘z yugurtiramiz.

Siz suratlarda ko‘rib turgan issiqlik qozonxonasi 1962 yilda qurilgan. Bir vaqtlar mana shu inshootning o‘zi Sartepadan Registongacha bo‘lgan (shaharning qariyb yarmi) ko‘p qavatli uylar va korxona tashkilotlarni issiqlik bilan ta'minlagan: 381ta ko‘p qavatli uylardagi 22 mingga yaqin xonadon isitilgan. Yillar davomida issiqlik trassasi, ichki tarmoqlar va inshootning o‘zi eskirib ishdan chiqa boshlagan, shuncha davr mobaynida tarmoqlar deyarli yangilanmagani sababli isitiladigan uylar soni tobora qisqarib boravergan.

So‘nggi marta bu ulkan inshoot 2016 yil shaharning Sartepa mavzesidagi uylarga issiqlik bergan. O‘sha yili kichik bir e'tiborsizlik bilan bu hududdagi tarmoqlar ham ishdan chiqqandi. Aniqrog‘i, 2016 yil 24 noyabrga o‘tar kechasi tonggacha elektr tarmog‘ida uzilish bo‘lgani sababli issiqlik quvuridagi suvlar muzlab, yorilib ketgan va shu bilan mazkur hudud ham «oxirgilardan bo‘lib» issiqlikdan mahrum bo‘lgandi.

Samarqand «Issiqlik manbai» DUKka qarashli qolgan qozonxonalar tarixi ham uzoq yillarga taqaladi. Aniqrog‘i, shaharni ta'minlagan yana uch qozonxonaning ikkitasi 1973 yilda, yana bittasi 1974 yilda qurilgan. Shundan keyin mana yarim asr o‘tib ham shaharda yirik markazlashgan qozonxona qurilgan emas. Qurilmagani mayli, borlari ham o‘z vaqtida modernizatsiya qilinib, saqlab qolinmadi.

Aksincha, «Issiqlik manbai» balansidagi qator mulklar viloyat kengashi qarori bilan xususiy tadbirkorlarga berib yuborildi. Hozirda bir hovuch uylarga borayotgan issiqlik esa keyingi yillarda qurilgan sanoqli lokal qozonxonalar yordamida yetkazilmoqda. Markazlashtirilgan tizim hozir amalda shaharda mavjud emas. Natijani esa bugun ko‘rib turibsiz...

Darvoqe, shaharda issiqlik tizimi tiklanadi, degan xabarlar an'anaviy tarzda har yili aytiladi. Masalan, Samarqandda bu kabi loyihalar haqda 2015 yildan beri aytib kelinadi. Bir mutasaddi endigi yil sohaga davlat dasturi asosida katta mablag‘ ajratilishi haqda e'lon qilsa, boshqasi tizimni tiklash uchun katta miqdorda xorijiy mablag‘lar jalb etilayotganini aytib, endigi yil albatta issiqlik tizimi ishlashiga va'da beradi. Va'dalar bilan quloq qizishi mumkindir, biroq uylar isimaydi...

Yuqoridagi kabi reja va dasturlarda lokal qozonxonalar haqda ham ko‘p gapiriladi. Misol uchun, 2017 yil Samarqand shahar hokimligi mutasaddilari shunday inshootlar haqda ma'lumot berib, «Kimyogarlar» qo‘rg‘onidagi Taraqqiyot ko‘chasida lokal qozonxona qurilayotgani, bu inshoot atrofdagi bir necha ko‘p qavatli uylarni isitishi haqda aytgan va bu ma'lumot mahalliy gazetalarda chop etilgandi. Buni qarangki, uch yil o‘tib ham o‘sha hududda lokal qozonxona qurilmadi. 30dan ortiq 5 va 9 qavatli uylar joylashgan bu shaharchadagi o‘n minglab aholi so‘nggi marta 13 yil oldin issiqlikdan bahramand bo‘lgan.

Xo‘sh, tizim tiklanadimi yoki yo‘qmi?

Izdan chiqqan issiqlik tizimi qayta tiklanadimi? Modomiki, bu tizimning yo‘qligi butun kommunal sohani izdan chiqarayotgan ekan, demak, soha qayta tiklanishi shart. Ayni vaqtda sohani tiklash bo‘yicha bir necha tashkilot aniq ishlar boshlanganini qat'iy ta'kidlamoqda.

Jumladan, Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Rahimjon Ahmedovning ma'lum qilishicha, hukumat qarori bilan nafaqat Samarqand shahri balki viloyatdagi yana 12ta tuman va shaharda issiqlik ta'minoti tiklanadi.

Xuddi shunday monopoliyaga qarshi kurash boshqarmasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat organi ham soha shak-shubhasiz tiklanishi, buning uchun har qancha mablag‘ ketsa ham ajratilishini ma'lum qilmoqda.

  

Ayni vaqtda Samarqand shahridagi yirik qozonxonalardan biri RK-1 inshootida ta'mirlash ishlari boshlangan. Modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini tender g‘olibi sifatida olib borayotgan korxonaga 14 mlrd so‘m avans ham o‘tkazib berilgan.

Umuman, tizimni yaxshilash uchun prezidentning 2018 yil 19 dekabrdagi 4067-sonli qaroriga asosan, korxonani modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish maqsadida budjet mablag‘lari hisobidan 66,4 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Yana bir sinov shuki, issiqlik tizimini butunlay tiklash uchun endilikda bir necha yil kerak bo‘ladi. Chunki o‘tgan asrning 60-70 yillarida qurilgan qozonxonalarni modernizatsiya qilishdan tashqari chirib ketgan, almashtirish shart bo‘lgan tarmoqlarning o‘zi 100 kilometrdan oshishi mumkin. Qolaversa, sohani tiklash bo‘yicha loyiha ham 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan. 

Qaytadan quriladigan tarmoqlar endi yer ostidan o‘tkazilib, quyidagi himoya qatlamiga ega bo‘ladi

Aytish kerakki, bir qator mutaxassislar hali ham sohani tiklash davlatga juda qimmatga tushishi, soha qancha mablag‘ kiritilsa ham o‘zini oqlamasligini bayon etmoqda. Misol tariqasida Rossiya va MDHning ayrim davlatlarida issiqlik ta'minoti tizimi dotatsiyada turishi aytiladi. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor: issiqlik ta'minoti bo‘lmasa, tabiiy gaz hamda elektr ta'minoti ham tezroq izdan chiqadi va bu yanada qimmatga tushadi.

Muqobil variant sifatida o‘rtada xonadonlarga isitish uchun ikki konturli isitish moslamalari o‘rnatish rejalashtirildi, minglab xonadonlarga o‘rnatildi ham. Ammo u uskunalarning ishlashi uchun bir vaqtning o‘zida ham tabiiy gaz, ham elektr energiyasi kerak. Xuddi shu sababdan ikki konturli isitish moslamasi o‘rnatilgan xonadonlar bu yilgi elektr uzilishlari va tabiiy gaz tanqisligi davrida qiyinchilikka duch keldi.

Viloyat «Issiqlik manbai» DUK bosh muhandisi Alisher Jalilovning ma'lum qilishicha, individual isitish tizimlari orqali sarflanadigan tabiiy gaz miqdori markazlashgan issiqlik tizimidan ancha ko‘p. Aytaylik, Samarqanddagi ko‘p qavatli uylarni isitish markazlashgan holda issiqlik manbai orqali amalga oshirilganda 14009 ming kub metr gaz sarflansa, individual isitishda 22832 ming kub metr gaz sarflanadi.

Alisher Jalilov Samarqand «Issiqlik manbai» DUK bosh muhandisi

Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, markazlashgan issiqlik ta'minoti bo‘lmagani uchun ham juda katta miqdorda tabiiy gazni yo‘qotyapmiz.

Quyidagi qiyosiy jadvalda bunga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.

Shunchalik foydali ekan, aholini issiqlik bilan ta'minlashning qulay usuli shu ekan, nima sababdan 30 yil davomida sohaga yirik mablag‘ ajratilmagani, inshoot va tarmoqlar yangilanmagani haqdagi alamli savol bot-bot kishini o‘ylantiradi. Endi esa qanchalik og‘ir va qimmat turmasin, tizimni to‘liq yangilashga to‘g‘ri keladi. Boshqa yo‘l yo‘qligi tobora ma'lum bo‘lib bormoqda.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri.
Faxriddin Hotamov olgan suratlar.

Mavzuga oid