O‘zbekiston | 14:30 / 23.12.2020
33314
4 daqiqa o‘qiladi

Yo‘ldosheva ishi. Koronavirusdan vafot etgan bemor o‘limi yuzasidan guvohlar ko‘rsatma berdi

21 dekabr kuni Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda boshqa shifoxonaga ko‘chirilgan marhum F.Rustamovning o‘limi bo‘yicha ishga jalb etilgan guvohlar va ekspert ko‘rsatmasi tinglandi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Oldingi sud majlisida Guljahon Yo‘ldosheva va boshqa sudlanuvchilarning budjet mablag‘larini talon-taroj qilinishiga doir ayblovlar yuzasidan ko‘rsatmalari tinglangan edi.

21 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud jarayonida guvoh va ekspertlar o‘ziga ma'lum bo‘lgan holatlar yuzasidan ko‘rsatma berishdi. Sud raisi, prokuror va advokatlar ish tafsilotlariga oydinlik kirituvchi savollar bilan ularga murojaat qilishdi.

Sud majlisiga ish bo‘yicha jalb etilgan Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Shokir Ortiqov Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasida marhum F.Rustamovning o‘limi yuzasidan komissiya tuzilgani, o‘zi komissiya a'zosi sifatida qatnashganini ta'kidladi. Shuningdek, bir necha bor shifoxonaga borishganida, bosh shifokor Guljahon Yo‘ldosheva ish joyida bo‘lmagani sababli tekshiruvni o‘tkaza olishmaganini qo‘shimcha qildi. Shokir Ortiqov komissiya xulosasini o‘qib eshittirdi.

Ishga ekspert sifatida jalb etilgan Sobirjon Rayimov ham o‘ziga ma'lum holatlar yuzasidan ko‘rsatma berdi. Ekspert marhum F.Rustamovni prokuratura tergovchisining qaroriga binoan sud tibbiy ekspertizasidan o‘tkazganini va ekspertiza xulosasi bo‘yicha ma'lum holatlarni sudga bayon qildi.

Yana bir guvoh Dushan Begatov ham sudda ko‘rsatma berdi. Begatov marhum F.Rustamov Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida ishlaganini, keyinchalik F.Rustamov boshqa shifoxonaga ko‘chirilganidan so‘ng, uning kasallik tarixiga boshqaning nomidan imzo qo‘yganini aytib o‘tdi.

Karantin davrida Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasida hamshira bo‘lib ishlagan Aydana Yesenaliyeva sudda ko‘rsatma berishicha, Yo‘ldoshevaning marhum F.Rustamovni boshqa shifoxonaga ko‘chirish haqidagi gapini eshitib qolgan.

Lekin Yo‘ldosheva bunday gapni aytmaganini, Aydananing gaplari yolg‘on ekanini ta'kidladi. Advokat X.Ahrorovning bu gapni Yo‘ldosheva aynan qachon va qaysi tilda, kimlarning oldida aytgani haqidagi savoliga esa, Yesenaliyeva aniq javob bera olmadi.

Karantin davrida Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasida hamshira bo‘lib ishlagan Mohinur Jalilova ham ko‘rsatma berdi. U bemorlarga qanday muolajalar qilingani, marhum bemor F.Rustamov va shifokorlarning karantin davridagi ahvoli haqida gapirib o‘tdi.

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasida bosh hamshira lavozimida ishlagan Zulfiya Yusupovaning ko‘rsatmasiga ko‘ra, qo‘l ostidagi hamshiralardan marhum F.Rustamov bo‘yicha ko‘plab noroziliklar kelib tushgan. Ya'ni so‘nggi vaqtlarda F.Rustamov hamshiralarni ham tanimay qolishi, kiyimlarini yechib tashlashi va yerga yotib olishi, ulangan ukollarni o‘zidan yulib tashlaganini aytib o‘tdi.

Sud ishi 24 dekabr kuni soat 11:00ga qadar tanaffus e'lon qildi.

Mavzuga oid