«Milliy tiklanish» partiyasi himoya qilgan vatandosh Rossiya qamoqxonasidan chiqdi
O‘zbekistonlik 21 yoshli Ma'rufjon Shakarov qamoqdan ozod bo‘ldi. U hibsxonada saqlanayotgan davrda ochlik e'lon qilib, jamoatchilik e'tiborini tortgandi.
Moskvaning «Matrosskaya tishina» qamoqxonasida saqlangan O‘zbekiston fuqarosi, 1996 yilda tug‘ilgan Ma'rufjon Shakarov ozodlikka chiqqan. Bu haqda «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov partiyaning yillik hisobotida ma'lumot berdi.
2017 yil 13 dekabrda Ma'rufjon Shakarov Moskvaning Preobrajyenskiy tuman sudi tomonidan sotish maqsadida yirik miqdordagi giyohvandlik moddalarini o‘g‘irlash va saqlash aybi bo‘yicha 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi.
14 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Moskva shahar sudi Sud kollegiyasi apellyatsion qarori bilan Ma'rufjon Shakarovning harakatlari yirik miqdordagi giyohvandlik moddalarini sotish maqsadisiz saqlash etib qayta malakalangandi. Shuningdek, 10 yil ozodlikdan mahrum etish jazo chorasi 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etishga o‘zgartirilgan. Shakarov sud qaroridan norozi bo‘lib, oqlov talabi bilan bir oyga yaqin ochlik tutgan. Shundan so‘ng, jurnalistlar orqali keng jamoatchilik aralashgan. Xususan, Tashqi ishlar vazirligi mas'ul xodimlari hamda partiya vakillari Shakarovning holidan xabar olish uchun Moskvaga ham borishgan.
«Prezidentimiz voqea ma'lum bo‘lishidan sal avval aytgandiki, «dunyoning qaysi burchagida bo‘lsa-da, o‘zbekning tanasiga kirgan zirapchani o‘z farzandimiz badaniga kirganday qabul qilolmasak, demak, millat haqida qayg‘u yo‘q». Mana shundan keyin to‘lqinlanganman. Uchuvchilik kasbini o‘rganish uchun Rossiyaga borib, giyohvand moddalar bilan «qo‘lga tushgan» Ma'rufjonning qamalgani menga yomon ta'sir qilgan», — deydi Alisher Qodirov.
Deputatning aytishicha, keyingi o‘tkazilgan sud jarayonlarida Ma'rufjonga katta tuhmat bo‘lgani o‘z isbotini topdi.
«Partiya vakillari Ma'rufjon bilan qamoqxonada uchrashish uchun borganda, ko‘plab o‘zbekistonliklar tuhmat bilan «o‘tirganiga» guvoh bo‘lishgan. Masalan, surxondaryolik yigit qo‘shni kamerada o‘tirgani, qaysidir bir janjalga tomoshabin bo‘lganlikda ayblab, sudsiz qamab qo‘yishganini aytib berganidan xabarim bor. U bir yildan beri yotgandi. Bitta o‘sha qamoqxonada 34 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan», — deya qo‘shimcha qildi Qodirov.
Dastlab, 10 yilga qamalgan Ma'rufjon Shakarov sud qarori bilan 3 yildan so‘ng, ozodlikka chiqarildi. U qamoqxonada bo‘lgan davrida universitetda o‘qish imkoniyatidan foydalanib, masofaviy ta'lim olgan.
Shakarovning onasi o‘g‘lini tez orada O‘zbekistonga qaytishini ma'lum qildi.
Mavzuga oid
18:21 / 11.11.2024
Alisher Qodirov LGBT targ‘ibotini taqiqlovchi qonun ishlab chiqilishini ma’lum qildi
15:34 / 20.10.2024
Rossiyalik deputat O‘zbekiston fuqarolariga viza rejimini joriy etishga chaqirdi. Jamoatchilik bunga javob qaytardi
16:23 / 29.08.2024
“Bolalar 7-sinfdan keyin qobiliyatidan kelib chiqib o‘qitilishi kerak” – Alisher Qodirov
10:59 / 12.07.2024