Jahon | 13:02 / 26.12.2020
10038
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya valiahd shahzodasi koronavirusga qarshi emlandi. Mamlakatda bepul vaksinatsiya boshlangan

Foto: Reuters

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon koronavirusga qarshi emlandi. Bu jarayon mamlakat televideniyesi orqali ko‘rsatilgan. Shahzoda vaksinaning birinchi dozasini qabul qilgan. Ikkinchi doza qoidaga ko‘ra uch haftadan keyin qabul qilinadi.

10 dekabr kuni Saudiya Arabistoni o‘z hududida Pfizer va BioNThech vaksinalarini qo‘llashga ruxsat bergan edi. Muhammad bin Salmon ham katta ehtimol bilan Pfizer vaksinasini qabul qilgan. 17 dekabr kuni Saudiya sog‘liqni saqlash vaziri Taufiq ar Rabiya mamlakatda ommaviy emlash jarayoni boshlanganini ma'lum qilgandi: «Allohning irodasi bilan bugundan koronavirus inqirozidan qutilish uchun ommaviy emlash jarayonini boshladik. Bu qirollik tarixidagi eng yirik emlash bo‘ladi», degandi mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri.

Saudiyada bir haftadan buyon o‘tkazilayotgan emlash jarayoni bir yo‘nalishga tushib olgani aytildi. Saudiyaliklar va mamlakat mehmonlari vaksina olish uchun «Sehaty» nomli maxsus mobil ilova orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Barcha uchun koronavirus vaksinasi bepul, davlat hisobidan amalga oshiriladi. Saudiyada bo‘ylab 550 ta klinikada odamlar emlanmoqda va har bir hududda bunday markazlar tashkil etilgan.

Ma'lumot uchun, oldinroq AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden va Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu ham koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasini qabul qilgandi.

Mavzuga oid