O‘zbekiston | 08:33 / 30.12.2020
4316
3 daqiqa o‘qiladi

Bo‘sh turgan obektlarni foydalanishga berish optimallashtiriladi

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari huzuridagi «Davlat mulkini ijaraga berish markazi» davlat unitar korxonalari negizida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tashkil etilgan.
 
Tasdiqlangan Nizomda quyidagilar belgilangan:

  • Markazning huquqiy maqomi va tuzilmasi;
  • Markaz va uning hududiy boshqarmalarining asosiy vazifalari va funksiyalari;
  • Markaz rahbarlarining asosiy funksional vazifalari va javobgarligi;
  • Markaz faoliyatining tashkiliy asoslari, hisobdorligi, faoliyat samaradorligini baholash mezonlari, maslahat va ekspert organlari;
  • Markaz faoliyatini moliyalashtirish hamda xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi.

Markaz mustaqil balansga, bank hisobvarag‘iga ega bo‘lgan yuridik shaxs hisoblanadi.
 
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • mulkchilik shaklidan qat'i nazar, barcha toifadagi bo‘sh turgan noturar bino va inshootlarni, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini aniqlash va hisobini yuritish;
  • bo‘sh turgan davlat mulki obektlarini saqlash va ulardan samarali foydalanish, shu jumladan davlat mulki obektlarini ijaraga berishni tashkil etish;
  • ijaraga berilgan davlat mulki obektlarini va ularni ijaraga berishdan tushadigan mablag‘larni hisobga olish va ularning monitoringini olib borish;
  • ijaraga berilgan davlat mulki obektlaridan maqsadli foydalanilishini va ularning saqlanishini, shuningdek ijara to‘lovi o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishini nazorat qilish;
  • davlat tashkilotlariga (korxonalariga) biriktirilgan davlat mulki obektlaridan samarali foydalanilishi va ularning saqlanishini belgilangan tartibda tekshirish;
  • davlat tashkilotlariga operativ boshqaruv huquqi bilan berilgan davlat mulki obektlarining ortiqcha qismini, shuningdek foydalanilmayotgan yoki maqsadsiz foydalanilayotgan davlat mulki obektlarini olib qo‘yish;
  • Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi xulosasiga asosan yaroqsiz deb topilgan davlat mulki obektlarini buzish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
  • bo‘sh turgan xususiy mulk obektlarini ularning mulkdorlari ixtiyoriga ko‘ra ijaraga berilishida har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish.

Markaz davlat organi hisoblanib, unga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborot va materiallarni so‘rab olishga haqlidir.
 
Hujjat 18.12.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid