O‘zbekiston | 13:14 / 04.01.2021
9270
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Palov indeksi yangilandi

Mamlakat bo‘ylab, Toshkent shahri va Buxoro viloyatida palovning 1 kilogrammi 130 ming so‘mdan oshadi. Eng arzon palov Qoraqalpog‘istonda tayyorlanadi.

Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan mamlakatning barcha hududiy markazlarida joylashgan yirik umumiy ovqatlanish muassasalari (jumladan, «Osh markazlari»)da o‘tkazilgan kuzatuv natijalari bo‘yicha, 2020 yil dekabr oyi uchun palovning o‘rtacha narxlari (qiymati) ma'lum qilindi. 

Ta'kidlanishicha, 1 kilogramm (7 porsiya) palov narxi Qoraqalpog‘istonda 99 169 so‘m bo‘lib, O‘zbekistondagi eng arzon narxlardan biri shu hududda kuzatilgan, ammo Qoraqalpog‘iston Respublikasida narx o‘tgan oyga nisbatan 1,2 foizga o‘sgan. Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm, Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatlarida narx o‘zgarishsiz qolgan.

Qoraqalpog‘istondan tashqari, Samarqand viloyatida 1 kg palov narxida 1 foizlik, Toshkent viloyatida esa 1,5 foizlik o‘sish kuzatilgan.

Respublika bo‘ylab, palov indeksini Toshkent shahri (131 600 so‘m), Buxoro viloyati (130 669 so‘m) va Toshkent viloyati (120 169 so‘m) boshqarib kelmoqda. Eng arzon narx Namangan viloyatida (98 ming so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasida (99 169 so‘m) va Navoiy viloyatida (101 500 so‘m) kuzatilgan.

Qo‘mitaning xabar berishicha, ma'lumotlarni shakllantirishda faqat tanlab olingan umumiy ovqatlanish muassasalari («Osh markazlari»)dagi palovning o‘rtacha narxi hisobga olingan bo‘lib, restoran va choyxonalardagi narxlar inobatga olinmagan.

Ma'lumot uchun, 2020 yilda O‘zbekistonda eng ommaviy taom – «Palov indeksi» ma'lumotlari shakllantirilishi joriy etilgandi.

Mavzuga oid