Jahon | 22:18 / 05.01.2021
23959
4 daqiqa o‘qiladi

Jyek Ma ikki oydan buyon ommaga ko‘rinish bermadi. Avvalroq Xitoy hukumati unga urush e'lon qilgandi

Xitoydagi internet-riteyleri Alibaba asoschisi, milliarder Jyek Ma ikki oydan ortiq vaqt davomida jamoatchilikka ko‘rinish bermadi, u hozirda qayerdaligi ham noma'lum bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Yahoo Finance xabar tarqatdi.

Yuya Shino / Reuters / Scanpix / LETA

Financial Times nashrining ma'lum qilishicha, noyabrda Ma o‘zi asos solgan, afrikalik yosh tadbirkorlar 1,5 million dollarlik mukofot jamg‘armasiga ega grant uchun raqobatlashadigan Africaʼs Business Heroes konkursi finalida ishtirok etmagan. Ma konkurs hakamlar hay'ati qatorida bo‘lishi kerak edi, ammo u shouning final qismi s'yomkalariga kelmagan, uni promorolikka qo‘shishmagan, uning nomi saytdagi hakamlar ro‘yxatidan o‘chirilgan. Alibaba kompaniyasidagilar Ma konkurs finaliga tig‘iz taqvim tufayli kela olmaganini ma'lum qilishgan.

Taiwan News nashri Maning ijtimoiy tarmoqdagi so‘nggi yozuvi 17 oktyabr kuni e'lon qilinganiga e'tibor qaratdi.

Oktyabr oyi oxirida Shanxaydagi konferensiyada Ma xalqaro moliyaviy regulyatorlari qoidalari eskirganini aytgan va Xitoy banklarini tanqid qilib, ular «lombardcha mentalitet»ga egaligini ma'lum qilgandi. Bu Alibaba xoldingi tarkibiga kiruvchi va Xitoydagi eng yirik mobil to‘lovlar platformasini boshqarishga mo‘ljallangan Alipay’ga egalik qiluvchi Ant Group’ning birjaga chiqishidan biroz oldin sodir bo‘lgan. 5 noyabr kuni nazorat paketi Maga tegishli bo‘lgan Ant Group Shanxay va Gonkong birjalarida IPO’ni amalga oshirishi kerak edi. Bu tarixdagi eng yirik IPO’ga aylanib, kompaniya 34,4 milliard dollar jalb etishi kerak bo‘lgan.

Biroq birjaga chiqishdan ikki kun oldin Xitoy moliyaviy regulyatorlari Ma va Ant Group rahbarlarini suhbatga chaqirgan. Reuters manbasining so‘zlariga ko‘ra, ular bizneslarini to‘liq tekshiruv kutayotgani to‘g‘risida ogohlantirilgan. Ant Group IPO’si qoldirilgan — avvalroq Xitoy hukumati kompaniya top-menejyerlariga bu borada qarshilik ko‘rsatmaslikka va'da bergan edi. Bundan tashqari, dekabr oyida Xitoy regulyatorlari Ant Group’ni shaffof raqobat prinsiplarini va iste'molchilar huquqlarini buzishda ayblagan. Maga mamlakatni tark etmaslik maslahat berilgan.

Ma OAVdan g‘oyib bo‘lib qolgani tufayli Xitoydagi WeChat ijtimoiy tarmog‘ida bu mavzu keng muhokama qilinmoqda, Techcrunch xabariga ko‘ra, ayrimlar tadbirkor Xitoydan qochib ketganini aytishmoqda, ayrimlar esa uni «g‘oyib bo‘lishga majburlashgani» haqida taxminlar bildirishgan. Xitoyda faoliyat ko‘rsatuvchi, biznes-konsalting xizmatlariga ixtisoslashgan BDA China kompaniyasi rahbari Dunkan Klark Reuters muxbiri bilan suhbatda Ma Xitoy hukumati uning biznesini tekshirishga qiziqib qolishi ortidan «uzlatga chekingan».

56 yoshli Jyek Ma 1999 yilda Alibaba’ga asos solgan va 2019 yilda kompaniya rahbari lavozimini tark etgan, shu bilan birga, kompaniya hammuassisi sifatida undagi asosiy shaxslardan biri bo‘lib qolavergan. Hozirda 635 milliard dollarlik kapitalga ega bu kompaniya Xitoydagi ikkinchi eng yirik kompaniya hisoblanadi. Yaqin vaqtgacha Ma mamlakatdagi eng badavlat shaxs hisoblanardi, ammo so‘nggi ikki oyda Alibaba aksiyalari arzonlashishi tufayli uning boyligi 11 milliard dollarga kamaygan — 61,7 milliard dollardan 50,9 milliard dollarga. Endilikda, Bloomberg Billionaires Index reytingiga ko‘ra Xitoyning ichimliklar ishlab chiqaruvchi Nongfu Spring kompaniyasi prezidenti Chjun Shanshan mamlakatning eng boy odamiga aylangan - uning boyligi 58,7 milliard dollarga baholangan, Ma esa ro‘yxatda to‘rtinchi o‘ringa tushib ketgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid