O‘zbekiston | 10:44 / 11.01.2021
2269
4 daqiqa o‘qiladi

Maktablardagi qurilish va ta'mirlash ishlari «Zamonaviy maktab» talablari asosida nazorat qilinadi

Ta'lim sohasidagi tizimli muammolardan biri - bu budjet mablag‘lari hisobiga qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilgan maktablarda ishlarning sifatsiz bajarilishi.

Davlat rahbarining xalq ta'limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida 2021 yilgacha maktablarning kamida 3 foiz, 2025 yilgacha – 20 foiz, 2030 yilgacha – 50 foiz tasdiqlangan baholash mezonlariga muvofiq “Zamonaviy maktablar”ga aylantirish vazifasi qo‘yilgan, deya xabar beradi XTV matbuot xizmati.

2020 yil 31 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida “Zamonaviy maktab” talablari asosida loyihalarni ishlab chiqish, kelishish hamda qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 832-son qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan 2021 yildan boshlab Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi “Injiniring kompaniyasi” DUK tomonidan umumiy o‘rta ta'lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalash va qurilish-montaj ishlarini “Zamonaviy maktab” talablari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlariga mos va sifatli bajarilganligi ustidan “sifat nazorati” olib borishi belgilanmoqda.

O‘tgan davr mobaynida joylarda xalq ta'limi obektlarida olib borilgan qurilish-montaj ishlarida sifat ko‘rsatkichlari muhim omil bo‘lmagan, asosiy e'tibor obektlarni foydalanishga topshirish masalasiga qaratilgan. Natijada, bugungi kunda birorta hududdagi obekt infratuzilmasidagi muammolar to‘laqonli hal qilinmagan.

Shuningdek, qurilish-ta'mirlash jarayonlarida maktab fasadlariga, pol qismlariga, bo‘yoqlash ishlariga sarflangan qurilish materiallarining sifatsizligi sababli maktab jamoasi tomonidan ta'mirlash ishlari qayta-qayta amalga oshirib kelingan.

Bundan tashqari, isitish tizimlari va issiqlik qozonlarini o‘rnatishda maktab binolarining sig‘imlari, ishlatiladigan yoqilg‘i mahsulotlari, elektr energiyasining ushbu hududdagi holati aksariyat hollarda inobatga olinmasligi oqibatida joylardagi muassasalarda issiqlik me'yor darajasida ta'minlanmayapti.

Shu paytga qadar mahalliy davlat hokimliklari qoshidagi “Yagona buyurtmachi xizmati” kompaniyasi tomonidan qurilgan, ta'mirlangan maktablarda vazirlik yoki uning pastki bo‘g‘ini tomonidan bevosita nazorat qilish, taklif kiritish, qurilish-montaj ishlari sifatiga munosabat bildirish vakolati bo‘lmagan. Natijada, aksariyat dasturlarga tushgan maktablarda ishlar to‘laqonli yoki sifatli amalga oshirilmagan. Shuningdek, maktab o‘quvchilarining xavfsizligini ta'minlash borasidagi ishlarga alohida e'tibor berilmagan. Bunga misol qilib tegishli dasturlar doirasida qurilish olib boriladigan barcha umumta'lim maktablarining atrofi o‘ralmagan yoki ichki va tashqi videokuzatuv moslamalari to‘liq o‘rnatilmaganligini keltirish mumkin.

Nizom asosida yuqorida sanab o‘tilgan kamchiliklar bartaraf etilib, pudrat tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlari doimiy ravishda tegishli grafik asosida kuzatib boriladi, har oylik ishlar yakuni bo‘yicha xulosalar taqdim etilib, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida “Zamonaviy maktab” talablariga mos ravishda amalga oshirishning sifat nazorati o‘rnatiladi.

Bu mexanizm yangi bo‘lib, u quyidagi tamoyillar asosida amalga oshiriladi:

  • sifat nazoratining xolisligi va oshkoraligi;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning huquqi hamda qonuniy manfaatlariga daxl qilmaslik;
  • xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmaslik.

Pudrat tashkiloti tomonidan umumta'lim obektlarida “Injiniring kompaniyasi” DUK tomonidan, maktablarda sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlari aniqlangan taqdirda iqtisodiy sudlar orqali undirilgan mablag‘larning 90 foizi o‘sha maktablarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga sarflash amaliyoti joriy qilinmoqda.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid