Fan-texnika | 03:17 / 11.01.2021
7370
6 daqiqa o‘qiladi

Trampning tarafdorlari orasida mashhur Parler ijtimoiy tarmog‘ini cheklash boshlandi

AQSh prezidenti Donald Trampning Tvitterdagi akkauntida postlar bloklanishi fonida uning tarafdorlari yoppasiga Parler ijtimoiy tarmog‘idan foydalanishni boshlagandi. Endilikda bu tarmoqni ham cheklash boshlandi.

Avvaliga Play Market va App Store o‘z arxividan Parler ijtimoiy tarmog‘ining ilovasini o‘chirib tashladi. App Store bu ishni Parler'da postlarni filtrlash funksiyasi yo‘qligi bilan izohladi. Play Market'da ham «Parler'ni bu yerda yuklab olish imkonsiz», degan yozuv turibdi.

Bu borada hal qiluvchi zarbani esa Amazon berdi. Tarmoq aynan Amazon'ga qarashli xostingdan (ma'lumotlarni jamlovchi baza) foydalanadi va texnogigant Parler'da yuzga yaqin zo‘ravonlikka chorlovchi post aniqlagach, bir hafta davomida unga xosting xizmatini ko‘rsatmasligini ma'lum qildi. Cheklov Toshkent vaqti bilan 11 yanvar kuni soat 12:59 dan boshlanadi. Bungacha Parler boshqa xosting topmasa, sayt bir hafta davomida ishlamaydi.

Apple Parler'ni App Store'dan o‘chirishdan avval tarmoq ma'muriyatiga 24 soat vaqt berdi va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi postlarga qarshi nimadir o‘ylab topishni talab qildi. Biroq talab bajarilmagach, Parler dasturi App Store'dan o‘chirildi: «App Store'da har xil qarashlarni qo‘llab-quvvatlaganmiz, lekin bizda zo‘ravonlik targ‘ibotiga o‘rin yo‘q. Shu sabab Parler'ni App Store'dan tarmoq asoschilari muammoni bartaraf etguniga qadar o‘chirishga qaror qildik», deyiladi Apple bayonotida.

Parler ijrochi direktori Jon Mats Amazon'ning qilgan ishini so‘z erkinligiga daxl qilish deb atadi. U ham ijtimoiy tarmoq bir hafta davomida ishlamasligini istisno qilmadi: «Siyosiy maqsadlarga xizmat qiluvchi va so‘z erkinligiga toqat qilolmaydigan avtoritar diktatorlarga bo‘yin egmaymiz», degan Jon Mats.

CNN Amazon'ning Parler'ga yuborgan xati bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldi. Unda shunday deyilgan: «Amazon servislarga texnik hamda xavfsizlik bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi va Parler'ga o‘z faoliyatini ko‘rsatishda qarshilik qilmaydi. Lekin biz zo‘ravonlik targ‘ib qilayotgan kontentni o‘chirib tashlash imkoniga ega bo‘lmagan mijozga xizmat ko‘rsata olmaymiz».

Oxirgi yillarda Facebook, YouTube va Twitter zo‘ravonlikka qarshi kurash doirasida yoppasiga akkauntlarni bloklab, postlarni o‘chira boshlagach, Parler so‘z erkinligi ta'minlangani iddaosi bilan amerikaliklar orasida favqulodda mashhurlikka erishdi. Saytda ro‘yxatdan o‘tish bepul va boshqa tarmoqlarda bo‘lgani kabi bir necha bosqichdan iborat emas. Bu esa Twitter va Facebook'dan «quvilgan» qiziqqon foydalanuvchilar uchun ayni muddao bo‘ldi.

Parler ayniqsa Kapitoliy bosqini vaqtida juda faol bo‘ldi. Unda Kapitoliyni ichida Nensi Pelosi bilan birga yoqib yuborish, vitse-prezident Mayk Pensni o‘ldirish kabi targ‘ibotlar ommalashgandi. Saytda hattoki demokratlardan kimni birinchi bo‘lib o‘ldirish kerakligi haqida so‘rovnoma ham o‘tkazilgan.

Parler hozirda brauzer orqali kirganda ishlamoqda, lekin uning ilovasini ko‘chirib olish imkoni yo‘q. App Store va Play Market orqali Parler ilovasini ko‘chirib olish to‘xtatilgan. Ilovani oldinroq yuklab olganlar uni ishlatishda davom etaveradi, lekin uni yangilashning iloji yo‘q. Eski ilovaning hajmi asta-sekin katta bo‘lib, telefon xotirasiga sig‘may qoladi.

Parler qanday mashhur bo‘lgandi?

Bu ijtimoiy tarmoq 2018 yilda paydo bo‘lgan va o‘tgan yil AQShdagi prezidentlik saylovlari vaqtida amerikaliklar orasida ommalashib ketdi, ayniqsa Trampning tarafdorlari orasida. Trampning Parler'da sahifasi yo‘q, lekin mashhur konservatorlar bu tarmoqda akkaunt ochgan. Masalan, Ted Kruzning 4,9 million, Fox News telekanali boshlovchisi Gon Xennitining 7 million obunachisi bor.

2020 yil noyabrda AQShda prezidentlik saylovlari o‘tkazilgach, Parler mamlakatda eng ko‘p yuklab olingan dasturga aylandi. Chunki Facebook va Twitter yolg‘on ma'lumot tarqatilayotgani iddaosi bilan juda ko‘pchilikni bloklay boshladi.

Google'da nima deyishdi?

Play Market'da Parler'ni yuklab olish to‘xtatilgach, Google bu borada shunday bayonot berdi: «Bizning talablarga ko‘ra, foydalanuvchilari bo‘lgan xizmat moderatsiya funksiyasiga ega bo‘lishi va zo‘ravonlik targ‘ib qilinayotgan postlarni o‘chirishi kerak. Shu sabab biz bu ilovani muammo bartaraf etilgunga qadar o‘z do‘konimizdan o‘chiramiz», deyilgan kompaniya bayonotida.

Apple esa Trampning tarafdorlari Parler'dan 6 yanvar kuni Kapitoliy bosqini vaqtida rejalarni o‘rtoqlashish uchun foydalanganini ma'lum qildi. O‘z navbatida Parler rahbari Jon Mats tarmoqda tadbirlar o‘tkazish bo‘limi yo‘qligini aytib, iddaolarga sarkazm bilan javob berdi. Shuningdek, Apple surishtiruvi davomida Parler'da foydalanuvchilar bilan shartnomada qayd etilgan bo‘lsa-da, amalda moderatsiya xizmati yo‘qligi aniqlanganini ma'lum qilgan. Apple ilova App Store'dan o‘chirilganini izohlar ekan unda inson salomatligi va hayoti uchun xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan postlar joylanayotganini ta'kidlagan.

Mavzuga oid