O‘zbekiston | 07:28 / 11.01.2021
7001
4 daqiqa o‘qiladi

Xorijda o‘qishni rejalashtirayotgan yoshlar uchun tavsiyalar

Chet elda o‘qish va ish tajribasiga ega bo‘lish – ko‘plab yoshlarning orzusi. Ammo buning uchun yaxshi bilim egallash va til bilishning o‘zi kifoya emas. Xorijda o‘qishni rejalashtirishda bir necha jihatlarga e’tibor qaratish zarur.

Foto: Fotolia / WavebreakmediaMicro

Ta’lim uchun budjetni to‘g‘ri chamalash

Xorijiy mamlakatda o‘qish arzon emas. Tahsil to‘lovlari bilan birga, yashash xarajatlari ham bor. Shu bois o‘qish uchun mamlakatni va oliygohni tanlashda moliyaviy imkoniyatlarni inobatga olish muhim hisoblanadi.

Moliyaviy imkoniyatlar cheklangan taqdirda esa bir necha muqobil variantlarni ko‘rib chiqish mumkin:

  • Universitetning grant berish bo‘yicha imkoniyatlarini ko‘rib chiqish;
  • Ta’lim xarajatlarini qoplab beruvchi turli dastur va stipendiyalarda ishtirok etish;
  • O‘qish bilan parallel ravishda ishlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqish.

To‘g‘ri mamlakat va to‘g‘ri oliygohni tanlang

AQSh, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Germaniya, Irlandiya xorijiy talabalarning tahsil olishi uchun qulay mamlakatlar sifatida e’tirof etiladi. Ammo tahsil haqida gap ketganda faqatgina mamlakatning jozibadorligiga uchish emas, balki tanlanajak sohaning o‘sha mamlakatda qanchalik rivojlangani va talabgir ekanini ham inobatga olish kerak.

Shuningdek, yashash xarajatlari, madaniy muhit, so‘zlashuv tili, iqlim sharoitlari, vatan bilan o‘sha mamlakat o‘rtasidagi diplomatik kayfiyat, u yerda muayyan millat vakillariga nisbatan munosabat kabi omillarni ham ko‘zdan qochirmaslik kerak.

Imtihonlarga tayyorgarlik

Germaniyadagi universitetga hujjat topshirish uchun Kanadadagi kollejda o‘qiyotgan tanishingizning gaplarini asos qilib olmang. Chunki xorijiy oliygohlar nomzodga qo‘yadigan talablar o‘xshash bo‘lsa-da, ular orasida muayyan farqlar ham bor. Shu bois tanlangan oliygoh veb-caytiga kirib, qanday hujjatlarni tayyorlash kerakligi bilan batafsil tanishib chiqing.

Aksariyat oliygohlarda ingliz tilini bilish ko‘nikmasini baholovchi IELTS imtihonining natijalari so‘raladi. Bu imtihonning talab etiladigan minimum balli esa har bir universitetda turlicha.

Bundan tashqari, orzudagi oliygoh uchun akademik ko‘rsatkichlarning qanday bo‘lishi zarurligini bilib olish tayyorgarlik jarayonida nimaga ko‘proq urg‘u qaratish kerakligini ko‘rsatadi.

Tanlanadigan yo‘nalishdan kelib chiqib, GMAT, SAT, GRE kabi standartlashtirilgan imtihonlardan o‘tish zarurati haqida ham bilish lozim.

O‘qish bilan parallel ishlash imkoniyatini ko‘rib chiqing

O‘qish davomida ishlash tanishlar orttirish, mahalliy madaniyat bilan yaxshiroq tanishish, xorijiy til ko‘nikmasini yaxshilash va albatta, qo‘shimcha daromadga ega bo‘lish imkonini beradi.

Talabalar ta’lim jarayonida to‘liq bo‘lmagan ish kunida mehnat qilishlari mumkin. Faqat ish tartibi universitet qonun-qoidalari bilan bog‘liq. Ayrim oliygohlar faqatgina kampus hududida ishlashga ruxsat bersa, ba’zilarida kampusdan tashqarida ham ishlash mumkin.

Tanlanadigan ish tahsil sohasiga bog‘liq bo‘lsa, nur ustiga nur. Chunki bu nazariya bilan parallel kechuvchi amaliyot demakdir.

Ishdan faqatgina daromad olish maqsad qilinganda esa talabalar orasida ommalashgan chakana savdodagi sotuvchi, enaga, ofitsiant, kurer, koll-markazda operator kabi ishlarni tanlash mumkin.

Tahsildan keyingi kelajak haqida o‘ylang

Oliygohni tamomlagach nima qilishingizni hali o‘qish boshlanmasidanoq taxminiy belgilab oling. Ayrimlar o‘sha mamlakatda yaxshi haq to‘lanadigan ishda qolishni istasa, ba’zilar o‘z oliygohida qolib, ilmiy faoliyatni davom ettirishni afzal ko‘radi. Qanday yo‘lni tanlash esa ta’lim jarayoni bilan parallel olib boriladigan ishlarni belgilab olish uchun muhim.

Mahalliy loyihalarda ishtirok etish, ilmiy ish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, sohaga oid bo‘sh vakansiyalarni izlash, stajirovkalarda ishtirok etish kabilar shular jumlasidandir.

Mavzuga oid