Jamiyat | 12:06 / 20.02.2024
13976
7 daqiqa o‘qiladi

“Xorijda grant asosida o‘qish imkoniyatlari ko‘pchilik o‘ylaganidan ko‘proq” - Nyu-Yorkdagi o‘zbek doktorant

Zamonaviy dunyoning hozirgi qulayliklarini yaratishda kimyo muhandislarining o‘rni juda katta, deydi AQShda doktoranturada tahsil olayotgan Sarvar Tolipov. Tadqiqotchi quyosh energiyasidan bioyoqilg‘i olish ustida ishlayapti. Uning aytishicha, uzoq istiqbolda elektromobillar uchun litiy batareyalari muammosi paydo bo‘lishi mumkin.

Sarvar Tolipov Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Bakalavriat va magistraturani Rossiyaning Qozon federal universitetida o‘qigan. Hozirda AQShdagi City college of New York'da doktoranturada kimyo muhandisligi yo‘nalishida tahsil oladi.

Qahramonimiz Kun.uz'ga bergan intervyusida o‘qish uchun qanday qilib okeanortiga borgani, quyosh energiyasidan bioyoqilg‘i olish ustida ishlayotgani, xorijda tadqiqotchilar uchun yaratilgan sharoitlar va o‘qishga topshirish jarayonlari haqida gapirib berdi.

Neftchi muhandislar ko‘p pul topisharkan deb shu sohaga qiziqqanman”

— 2014 yilda Qozon federal universitetida o‘qishni boshlaganman. “Pyatnitsa” kanalida “Oryol i reshka” degan sayohatlar haqidagi bir ko‘rsatuv bo‘lardi, shu ko‘rsatuvning bir sonida boshlovchi Dubayda 100 dollar bilan yashashi kerak bo‘lganida neft sohasida injyener bo‘lib ishlaydigan odamning uyiga boradi, shunda uning yaxshi yashashini ko‘rib, neftchi muhandislar shunchalar ko‘p pul topisharkan deb shu sohaga qiziqib qolganman. Qozon, Tatariston tarixan neftga boy, katta neft sanoati bor hududda joylashgani, qolaversa, madaniyati yaqinligi sabab O‘zbekistondan borish osonroq o‘tgan. Shuning uchun Qozon universitetiga kirib, 4 yil neft muhandisligi bo‘yicha o‘qiganmiz.

Keyin 4 yil davomida ilm-fanga qiziqish ortib, 2018 yilda shu universitetning magistraturasida qolishga qaror qildim. Universitet bizga stipendiyalar, sharoitlar yaratib berdi. O‘sha vaqtning o‘zida kimyo sohasiga, issiqlik orqali kechadigan reaksiyalariga qiziqib, shuni chuqurroq o‘rganish uchun magistraturadan keyin ham 2 yil shug‘ullandim. Shu davr davomida ilmiy rahbarlarim, hamkasblarim bilan birga “Scopus” kabi birinchi kvartaldagi nashrlarda ilmiy maqolalar chiqardik. Umuman olganda, mana shunday ilm hayoti, turli katta ilmiy konferensiyalar, tabiat jumboqlariga yechim topish judayam qiziq bo‘lgani uchun o‘qishimni doktoranturada davom ettirishga qaror qabul qilganman.

Tadqiqotchilik mening hayotim ekanini tushunib yetganman, lekin qayerda nima qilishni bilmaganman. Magistraturadan keyin hayot ham o‘zgardi, jadallashib ketgani sabab tabiatga zararsiz, unga foydali energiya uslublarini o‘rganishga qiziqish uyg‘ondi. Shunday qilib, hozir Nyu-Yorkda elektroorganik reaksiyalar haqida ilmiy ishlar, tadqiqotlar olib boryapman, quyosh energiyasidan foydalanib, bizga kerakli bo‘lgan bioyoqilg‘ini qanday qilib arzon narxda olish ustida ishlayapman. Tadqiqotim oxiriga yetib qolay dedi, keyinchalik yana boshqa yechimlarni ham topishga harakat qilamiz.

Kimyo muhandislari kim?

— AQShga kelmasimdan oldin kimyo muhandisligi kasbi borligini bilmas edim. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, possovet mamlakatlarida yo kimyo, yo texnologiya, yo injyenerlik sohasi vakillari deyishadi. Lekin kimyo muhandisligi kasbi borligi – qandaydir tushunarsiz holat. Amerikaga borganimdan keyin shu savolni o‘zimga ko‘p berganman. Keyin o‘rganganimda bildimki, 20-asr boshlarida AQShda kimyo sanoati rivojlanishi bilan odatiy mexanik muhandislikdan ajralib, kimyo muhandisligi paydo bo‘lgan. Fizik va kimyoviy reaksiyalar, matematikani yaxshi tushungan muhandislarni kimyo muhandislari deb atay boshlashgan. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, dunyoning g‘arb tomonida barcha kimyoviy zavodlar, kimyo jarayonlari bilan shug‘ullanadigan barcha muhandislarni kimyo muhandislari deyishadi, sharq tomonda esa bunday deyishmaydi. Lekin hozirgi kunda shunga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari ochilyapti, o‘ylaymanki, yaqin yillarda biz tomonlarda ham bu soha yangilik bo‘lmay qoladi.

Markaziy Osiyoda neftni, gazni qayta ishlash zavodlari bor, bularning hammasida kimyo muhandislari ishlaydi. Biz O‘zbekistonda ularni kimyo muhandislari deb atamasak ham, lekin aynan ular kimyo muhandislari hisoblanadi. Barcha elektrotexnika qurilmalari kimyo muhandislari tufayli bor desak ham bo‘ladi.

Quyosh energiyasidan bioyoqilg‘i olish

— Bu loyihani boshlaganimda avval uglerod gazi ustida ishlamoqchi bo‘lganman. Chunki atmosferada ko‘payib ketyapti, iqlim o‘zgaryapti. Shunga qarshi kurashish maqsadida uglerod gazi bo‘yicha ilmiy ish boshlaganimdan keyin o‘ylab qoldim: dunyoda gaz yoki benzinda ishlaydigan avtomobillar ko‘p. Mana shu avtomobillarni biz elektromobillar bilan o‘zgartirmoqchimiz. Lekin elektromobil batareyasi uchun litiy ion kerak, avtomobillar o‘rnini bosish uchun bu materialdan benihoya foydalanib bo‘lmaydi. Biz elektromobillarni qurishga qurdik, lekin keyinchalik ularni chiqitga chiqara olmaymiz. Mana shu jarayonda tabiatga zararsiz bo‘lgan yoqilg‘i ishlab chiqish masalasi qiziq bo‘ldi. Hozirda shu ilmiy ish ustida ishlayapman.

Mening tadqiqotim juda ham fundamental. Men molekulalar darajasida tadqiqot qilaman. Bitta molekulaning ikkinchisigacha borishi uchun o‘rtada qanday jarayon kechadi, mana shu jarayongacha tahlil qilib chiqaman. Darvoqe, aytib o‘tsam bo‘ladi. Biomassa laboratoriyamizda NASA uchun batareyalar yaratadigan boshqa guruh ham bor. Ular raketaning kosmosga chiqib, o‘chib qolmasligi uchun yoqilg‘i ishlab chiqyapti. Ular ham bizga o‘xshab molekulalar darajasida ishlashadi. Menimcha, olimlar ishlarni eng fundamental darajada tushunib yetsalar, keyinchalik uni kengaytirib, kattalashtirishimiz mumkin. O‘sha reaksiya faqat kattaroq masshtabda bo‘ladi.

AQShda doktorantura keng moliyalashtiriladi”

— Juda ham boy oiladan emasman, o‘qishimni, tadqiqotlarimni olib borishim uchun moliyaviy muhtojman. Ilmiy ish davomida juda qimmat kimyoviy moddalar, reagentlar, laboratoriya qurilmalaridan foydalanish kerak bo‘ladi. Baxtimga Amerikada doktorantura sohasini moliyalash juda ham katta. Muhandislik sohasi juda ham keng moliyalashtiriladi va Amerika azaldan iqtidorlilarni “ovlash” bo‘yicha mashhur davlat. Bu davlatga kelgisi kelgan insonlarning hissiyotlaridan unumli foydalanishadi. “Qara, bizning davlatimiz qanchalik chiroyli, sen bepul o‘qiy olasan, senga ish taklif qilamiz”, deb olib ham qolishlari keng tarqalgan.

  • To‘liq suhbatni yuqoridagi videoda tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid