O‘zbekiston | 12:24 / 18.01.2021
13702
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda aviakassa rahbari ushlandi. U firibgarlikda gumonlanmoqda

2021 yil 13 yanvar kuni Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Foto: IIV.uz

IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xabariga ko‘ra, tadbir davomida Toshkent shahri Shota Rustaveli ko‘chasida joylashgan “Humo trans” aviakassa rahbari K.Ye. ushbu aviakassada fuqaro M.Z.ni aldab, pandemiya sharoitida chet davlatga davolanish uchun borishga asos bo‘luvchi kasalligi haqida hujjat tayyorlab berishiga va shu hujjatga asosan Rossiyaga bemalol borishi mumkinligiga ishontirib, uning 1450 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Olib borilgan tezkor qidiruv ishlari davomida fuqaro K.Ye. bundan avval ham 79 nafar fuqaroni shu usulda aldab, ularning har biridan 1200 AQSh dollaridan jami 94 800 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan fuqaro K.Ye.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u qamoqqa olingan. 

Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda. 

Mavzuga oid