Jamiyat | 15:44 / 20.01.2021
81124
3 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘onda jinsiy tajovuzga uchragan o‘quvchi qiz o‘n kundan beri qidirilmoqda

Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan P.E.ni yaqinlari 2021 yil 10 yanvardan buyon qidirmoqda. Qarindoshlarining Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, qiz so‘nggi kunlarda juda qattiq stress holatida bo‘lgan. U 2020 yil 2 dekabr kuni o‘zining nomusiga tajovuz qilgan fuqaroning hamon ozodlikda yurganidan alamda ekanini aytgan.

Viloyat prokuraturasi holat bo‘yicha bayonot berdi. Unga ko‘ra, 2021 yil 2 yanvar  kuni P.E. Kattaqo‘rg‘on tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Unda fuqaro I.S. o‘zining «Matiz» mashinasida uni Kattaqo‘rg‘on shahar Chinobod mahallasi hududiga olib borib, zo‘rlik ishlatib nomusiga tekkani, boshqa bir fuqaro S.R. ham «VAZ 2106» mashinasida uni Kattaqo‘rg‘on tumanida joylashgan suv ombori hududiga olib borib, zo‘rlab, jinsiy aloqa qilganini ko‘rsatib, ularga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

Holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB TB tergovga qadar tekshiruv boshlagan, voqea joyi ko‘zdan kechirilgan. Ishga aloqador shaxslarning ko‘rsatuvlari olinib, voyaga yetmagan P.E.ning tanasida tan jarohatlariga aniqlik kiritish maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

To‘plangan dalillarga asosan JKning 118-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda jinoyat ishi yuzasidan hududiy tegishliligi bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar IIB huzuridagi TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Prokuratura axborotiga ko‘ra, P.E.ning arizasida ko‘rsatilgan fuqaro S.R. 2021 yil 13 yanvar kuni Kattaqo‘rg‘on tuman Saroyqo‘rg‘on mahallasida joylashgan o‘z uyida vafot etgani aniqlangan.

Fuqaro S.R.ning o‘lim sabablarini aniqlash yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshirish o‘tkazmoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 14 yanvar kuni Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasiga fuqaro S.S. ariza bilan murojaat qilib, unda voyaga yetmagan farzandi P.E. 10 yanvar kuni uyidan noma'lum tomonga chiqib ketib, qaytib kelmaganini ma'lum qilgan.

Bu holat bo‘yicha ham shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

P.E.ning yaqinlari qizning zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani, huquq-tartibot idoralari tomonidan olib borilayotgan tergovga qadar ishlardan norozi ekanini bildirib, Kun.uz saytiga murojaat qilgan. Kun.uz tez orada voqea yuzasidan jurnalistik surishtiruv bo‘yicha tayyorlangan materialni e'lon qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kun.uz Kattaqo‘rg‘on tumanida mashhur xonanda Jasur Umirov jinoiy sheriklari bilan voyaga yetmagan qizning nomusiga tekkani, ammo IIB jinoiy ish ochishni rad etgani haqida material e'lon qilgan edi.

Keyinchalik holat yuzasidan jinoyat ishi  qo‘zg‘atilib, Jasur Umirov ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi. Xozirda xonandaga oid jinoyat ishi Kattaqo‘rg‘on tuman sudida yopiq shaklda ko‘rib chiqilmoqda.

Mavzuga oid