O‘zbekiston | 18:48 / 21.01.2021
23700
24 daqiqa o‘qiladi

Karim Bahriyev - «otkatlar», monopoliya va 90-yillardagi erkin parlament haqida

Ijtimoiy jarayonlar va o‘zbek adabiyotiga doir mavzularda turkum suhbatlar tashkil etib kelayotgan Kun.uz'ning navbatdagi suhbatdoshi jurnalist, shoir, tarjimon va media huquqi mutaxassisi Karim Bahriyev bo‘ldi.

Quyida intervyuning so‘nggi 3-qismi matni bilan tanishishingiz mumkin.

— Bugun O‘zbekistonda hokimiyat organlarining ochiqligini qanday baholaysiz? O‘zi umuman, hokimiyat organlarida ochiqliq qanday bo‘lishi kerak?

Oxirgi vaqtlarda O‘zbekiston dunyoda eng ko‘p oltin sotayotgan davlat sifatida ko‘p tilga olinyapti. Sizningcha, bundan kelayotgan pullar hisobi, budjet mablag‘lari sarfi xalqqa to‘liq berilyaptimi?

Bu borada davlat qarzlarining oshib borayotgani, davlat xaridlari masalasi ham oxirgi vaqtlarda juda jiddiy muhokama qilinyapti.

— Hokimiyat organlarining ochiqligi borasida bir qadar o‘sish bor. Buni nafaqat men va «Open Distro for Elasticsearch» tashkiloti ham e'tirof etyapti. Shu tashkilot ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston hokimiyat organlarining ma'lumot taqdim etishi bo‘yicha birdaniga 126 pog‘ona yuqorilagan.

Siz so‘ragan oltin sotilishi hisobi avvallari sir saqlangan bo‘lsa, hozir ochiq aytilyapti. Statistika qo‘mitasida ham axborotlar tasniflangan holda joylashtirilgan.

Masalan, yaqinda menga o‘tgan yillarda tuhmat va haqorat uchun qancha odam jazolangani bo‘yicha ma'lumot kerak bo‘ldi. Shu savol bilan Oliy sudga murojaat qilib, javob ololmadim. Sudyalar assotsiatsiyacidan ham so‘rovimga javob bo‘lmadi. Keyin qarasam, bu ma'lumot allaqachon saytga joylashtirib bo‘lingan ekan.

Oliy sudda esa so‘rovim bir bo‘limdan boshqasiga aylanaverdi. O‘zlari ham bu kabi ma'lumotlardan xabarsiz shekilli.

Davlatimizning tashqi qarzi oshib borayotgani ham hammaga ma'lum. Lekin ko‘ryapsiz, hukumatdagilar xalqni hayajonlanmaslikka chaqirishyapti.

Aslida tashqi qarz davlat budjetining yoki yalpi ichki mahsulotining 50 foizidan oshsa xavf tug‘diradi. To‘g‘ri, hozircha bunga bormadik, lekin qarz olish sur'atimiz baland va xavfga qarab ketyapmiz.

Davlat olgan qarzlarning nimaga sarflanayotgani ikkinchi masala.

Agar kelayotgan pullar korrupsiya qilinib, yeb yuborilsa, ertaga uni shu xalq to‘laydi. Biz bo‘lmasak, farzandlarimiz to‘laydi. Chunki qarz soliqlardan qaytariladi. Shuning uchun biz uning nimaga sarflanganini bilishimiz kerak.

Shavkat Mirziyoyevning parlamentga murojaatini ko‘rdingiz. Unda shu yildan boshlab olingan tashqi qarzlarning nimaga ishlatilayotganini ko‘rsatib turuvchi ochiq portal ishga tushishi aytildi.

Endi bu holatni o‘tgan davr bilan solishtirsak. Islom Karimov davrida har yili Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga yo‘llarni ta'mirlash uchun 500 million dollar qarz bergani haqida bir xil axborotni o‘qirdik.

Tasavvur qiling, har yili 500 million dollar yo‘llarni ta'mirlash uchun olganmiz.

O‘sha paytda Toshkent shahrining ichida va vodiy viloyatlariga ketishda 2, 3, 5 yoki 20 km.gina yo‘lni asfalt qilib qo‘yishini ko‘rardik. Lekin qish faslida  o‘sha qilingan asfaltlar yana qo‘porilib ketardi. Ya'ni kelgusi yil ajratilgan 500 mln. dollar yana shu joyni ta'mirlashga ketaverardi.

O‘zimcha shubha qilamanki, o‘sha 500 million dollarning 100 millioni ishlatilib 400 millioni o‘marilgan bo‘lsa kerak. U yerda qandaydir manfaatlar bo‘lgan.

Masalan, Sovet davrida ochilgan Toshkent-Termiz yo‘lida haligacha hech ish qilinmadi.

Bir safar shu yo‘llarni nega beton qilmaymiz degan savol o‘rtaga chiqdi. Keyinroq Ispaniyaning bir kompaniyasi Toshkent-Termiz yo‘lini beton qila boshladi. Ammo yo‘lning 20-30 km. beton bo‘lishi bilan o‘sha kompaniyani ketkazib yuborishdi. Xo‘sh, nima uchun haydashadi? Chunki, bu yo‘l bir marta qilinsa va 50-100 yil yaxshi holatda tursa, har yili kelib turadigan 500 mln. dollarni qanday qilib sarflashadi?

Ya'ni, yo‘llarimning har yili vayron holda chiqishi uning ta'miriga ajratiladigan pullarni yeydigan tashkilotlar uchun foydali.

Yoki issiq suv masalasini ko‘raylik. Toshkent shahrida har yili qaysidir joyda katta trubani ta'mir uchun ochib qo‘yishadi. Bu joy 50 kun ochiq turadi, hech kim ishlamaydi. 51 kuni esa yangi trubani svarka qilib, yopib qo‘yishadi.

Chunki bu ishlar issiq va sovuq suv narxini oshirish uchun kerak. Aholidan yig‘ilgan pullar sarfi hisoboti uchun kerak. Ular 60 nafar ishchini shu ta'mir jarayonida 50 kun ishladi deb hisobot yozishadi.

Yana bir holat kulgimni qistaydi. Energetika vaziri 3 yil avval «energiya sarfi infrastruktura yomonligi tufayli yo‘q bo‘lib ketyapti, simlar, kabellar, transformatorlar eski», dedi.

Unga ko‘ra, 30 foiz elektr energiya kabellar va transformatorlar eskirgani sabab yo‘qotilyapti ekan. Qizig‘i, bu gapni u shu yil ham aytdi.

Bu sohaga juda katta miqdorda mablag‘lar investitsiya qilinadi. Elektr o‘zi qimmat narsa. Uni har yili valutaga olamiz. Shunday ekan, kabellarni yangilab chiqsak muammo hal bo‘ladi-ku. Shularni yangilab chiqsak elektr energiya ham 30 foiz ortadi-ku.

Biz atom elektrostansiya qurmoqchimiz. U qurilsa hozirgi ishlatayotgan elektr energiyamiz miqdori bor yo‘g‘i 6 foizga oshar ekan. Uning qurilishi bizga juda katta narsa bermaydi. Qaytanga ulkan zarar, xavf beradi.

O‘sha atom elektrostansiyasini qurish uchun 30 mlrd. dollar kerak deyishyapti. Biz 30 mlrd. dollarga AYeS qurguncha 2 mlrd. dollarga kabel va transformatorlarimizni yangilab chiqaylik. Axir, shunda uchta atom elektrostansiya qurganning foydasini olamiz.

Kelayotgan investitsiya va qarzlarimizni real sarmoyaga sarflashimiz kerak.

Sobiq davlat maslahatchisi Mavlon Umurzoqov o‘zining bir maqolasida iqtisodiyotimizni bemorga, olayotgan tashqi qarz va kelayotgan investitsiyalarni esa doriga qiyoslagandi.

«Bu bemor shu dorilar bo‘lmasa o‘ladi. Lekin biz dorilarni shunday olishimiz kerakki, bemor tuzalsin, kuchga kirsin, ishga tushsin va pul topib bu qarzni ham qaytarsin. Buning uchun qancha olishni va qanday ishlatishni ham bilish kerak», – degandi u.

Xo‘sh, biz kelayotgan pullarni nimalarga sarflayapmiz? Buning ham faktlari har kuni chiqyapti. Bir hokim pulni qarindoshining firmasiga o‘tkazyapti. Bir hokim tenderni xotiniga olib beryapti. Yana biri esa qaysidir davlat buyurtmasini o‘z qiziga olib beryapti. Pullar shunday sarf bo‘lyapti.

Bizda yangi ochilgan Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi bor. Hozir shu agentlik korrupsiya fakti haqida xabar bergan shaxslar uchun 500 mln. ajratyapti. Ey, sen, o‘qimaysanmi internet saytlarni?

Jizzax viloyati hokimi yaqinda obodonlashtirishdagi tenderni qiziga olib berdi. Navoiy viloyati hokimligida hokimlik mutasaddisi bir tenderni qarindoshiga olib berdi-ku. Avval uni jazola. Bir so‘m sarf qilmaysan-ku buning uchun. Yoki Andijonda ham shunday holat aniqlandi.

Bunday ishlarni qilganlar 2 soat ichida qamoqda o‘tirishi kerak.

Ularga shunday desang, «yo‘q, bizda tergov funksiyasi yo‘q», deydi. Surishtiruvlarda aniqlansa, keyin prokuraturaga yuborar ekan ko‘rib chiqish uchun.

Ko‘rdik, necha marta prokuraturaga ko‘rib chiqish uchun ish yuborildi.

Kun.uz saytiga tegishli kameralar hokim o‘rinbosari tomonidan sindirilganda, prokuraturaga ariza yuborildi. Nima bo‘ldi keyin?

Jurnalist o‘zini hokim haqorat qilgani haqida prokuraturaga ariza yubordi. Xo‘sh, unda nima bo‘ldi? Prokuratura bu yerda hokim butun jurnalistlar haqida gapirgan, konkret biror jurnalistni haqorat qilsa va shu jurnalist murojaat qilsa, keyin ish ochamiz degan javobni berdi.

Ikkinchi tarafdan sobiq deputat Qobil Do‘sovga nisbatan Xalq ta'limi vazirligi da'vo kiritdi. Ish esa barcha o‘qituvchilarning sha'ni himoyasi uchun ochildi. Iye, axir barcha jurnalistlarda sha'n bo‘lmasa, barcha o‘qituvchilarda ham bo‘lmaydi-ku.

Yuridik nuqtayi nazardan ham, yuridik shaxsda sha'n bo‘lishi mumkin emas.

Konstitutsiya va qonunlarga ko‘ra, hokimiyat, vazirlik biznes sub'yekti emas. U biznes bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Agar hokimiyat biznes bilan shug‘ullansa o‘ziga tegishli biznesni boshqalardan himoya qiladi.

Biznesmen emasmi, demak u foydani yo‘qotmaydi. Kimningdir tanqidi uchun ham foydani yo‘qotmaydi. Chunki u biznes obekti emas.

— Suhbatimiz iqtisodiyotni bemor va falaj qiladigan monopoliyalar mavzusiga ulanyapti.

— Shavkat Mirziyoyev yaqinda 500ga yaqin davlat korxonalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bularning ichida hatto 50ga yaqin gazeta-jurnal va nashriyotlar ham bor.

Bu farmon o‘sha nashriyotlar xodimlari o‘rtasida norozilik keltirib chiqardi. Lekin demokratiya nuqtayi nazaridan, davlatning qo‘lida matbuot bo‘lishi faqat davlat maqtovi uchun xizmat qiladi.

Davlat matbuotda faqat o‘z xabarlarini chop qilishi mumkin. Ya'ni u farmon va qarorlarini e'lon qilish uchungina matbuotiga ega bo‘lishi mumkin.

Agar davlat tashviqot, xalqni yo‘naltirish uchun matbuot saqlar ekan, bu suiiste'mol hisoblanadi. Shu ma'noda bu xususiylashtirish to‘g‘ri holat.

Ikkinchi jihatdan «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasini oling.

Davlat har doim qonun chiqarishi kerak. Lekin biznesmen o‘laroq, davlat uquvsiz va iste'dodsiz bir narsa. Demak, temir yo‘llar, havo yo‘llari, maishiy texnika ishlab chiqarish ham uning qo‘lida bo‘lmasligi kerak.

Nega bizda avtomobil narxi, havo yo‘llari yoki temir yo‘llarda xizmat ko‘rsatish narxi qimmat deymiz? Chunki monopol tashkilot pulni o‘z cho‘ntagidan ishlatmaydi. U xalqaro bozorda ham narxlar uchun talashmaydi. Qaytanga pul ishlash uchun mahsulot narxini qimmat ko‘rsatadi. Chunki o‘sha pulning bir qismini u o‘ziga qaytarib oladi.

Bu kabi holatlar iqtisodiyotimizdagi 99 foiz sohada yillar davomida bor bo‘lib kelgan. Bu 30 yillar davomida davom etayotgan va to‘xtashi qiyin bo‘lgan holat.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi Vazirlar Mahkamasining qarorisiz samolyot sotib ololmaydi. Katta pulli kelishuvlar albatta yuqorining ruxsati bilan bo‘ladi.

Ko‘ryapsiz, oxirgi vaqtlarda prezident Mirziyoyev havo yo‘llari sohasini isloh qilmoqchi bo‘lyapti. U aeroportlarni alohida ajratmoqchi. Shu yerda bir holat esga tushadi.

Bir necha yil avval Buxorodagi xalqaro aeroportning boshlig‘i senator edi. U senatda O‘zbekiston hududi orqali Afg‘oniston va Pokistonga o‘tadigan samolyotlar uchun yonilg‘i quyish shoxobchalarini, xizmat ko‘rsatish nuqtalarini ochmoqchi bo‘ldi. Bu orqali tabiiyki, ko‘rsatilgan xizmatdan foyda ortardi. Ammo bunga «O‘zbekiston havo yo‘llari» rahbariyati ruxsat bermagan. Chunki aeroport unga qaraydi.

Umuman, O‘zbekistonga keladigan har qanday hamkorlar ham «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi ruxsat bersa, keyin keladi.

Tasavvur qiling, yillar davomida davom etayotgan shu monopoliya sabab yonimizdagi Qozog‘istonda chet el kompaniyalarining elliktalab samolyotlari uchadi. Bizda esa besh, o‘n barobar kam.

Agar davlat bu monopoliyalarni buzsa, bizga yuzlab samolyotlar keladi. Aeroport ham boy bo‘ladi, foyda ortadi. Havo yo‘llarini kambag‘al holda ushlab turishdan qanday manfaatdorlik borligini esa yuqorida tushuntirdim.

Xullas, beli og‘rimagan kishi texnikalarni qimmatga xarid qilaveradi. Tabiiyki, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar ham qimmat bo‘ladi.

Ko‘rdingiz, Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston havo yo‘llarini yopamiz, bankrot» deyapti, lekin bankrotlik holatida ham kompaniya har hafta yangi samolyot sotib olyapti. O‘zi bankrot bo‘lib turgan, bor samolyotlarini sotishi kerak bo‘lib turgan kompaniya qanday qilib uchoq sotib olyapti? Bu ishlarni bejiz deb o‘ylaysizmi? Bu biz aytayotgan sxemalarning hamon davom etayotganidan.

Men meni tuhmatda ayblamasliklari uchun birorta ismni tilga olmayapman. Lekin shu yurt bizniki-ku, uni kimdir o‘ylashi, tuzatishi kerak-ku.

Shu ma'noda, korrupsiya faktini pul berib izlash shart emas. Har kuni yuzlab faktlar OAVda chiqyapti.

Men bu savolga javobni shu fikr bilan tugatmoqchiman: davlat tashkilotiga korrupsiyani tugatish uchun pul ajratish – aroqxo‘rga aroqxo‘rlikni tugatish uchun aroq ajratish bilan barobar. Ya'ni korrupsiyaga qarshi ajratilgan pullar ham korrupsiya qurboni bo‘ladi.

— Siz bir muddat O‘zbekiston tarixidagi eng erkin parlament deb ataladigan parlamentda ham deputat bo‘lgansiz. Keling, mana shu yillardan qolgan xotiralar haqida suhbatlashsak. Shuningdek, sizni yana deputatlikka taklif qilishsa, o‘z nomzodingizni qo‘yarmidingiz?

— Biz birinchi parlament deganda bir qadar erkin o‘tgan saylovlar va muqobillik asosida saylangan deputatlarni tushunishimiz kerak.

Meni deputatlikka o‘zim o‘qigan maktab jamoasi fuqarolarining tashabbuskor guruhlari tomonidan deputatlikka nomzod ko‘rsatish huquqi asosida nomzod qilib ko‘rsatishgan. O‘ylashimcha, bu huquqning keyinchalik qonunlardan olib tashlangani xato bo‘lgan.

O‘sha parlament 1990 yil iyun oyida «Mustaqillik deklaratsiyasi» orqali O‘zbekiston mustaqilligi uchun ovoz berdi. Haqiqiy mustaqillik o‘sha yili bo‘lgandi.

Bu parlament prezident lavozimini tashkil qildi. O‘sha parlament muqobillik asosida prezident sayladi. O‘zbekistonning asosi bo‘lgan konstitutsiyani qabul qildi. 500ga yaqin qonunlarni qabul qildi. Umuman, o‘zbek davlatining asosini qo‘ydi.

Shavkat Mirziyoyev ham shu parlament deputati, mandat komissiyasi a'zosi edi. U bir necha yig‘inlarda bu parlamentni eslab gapirdi. Hozirgi parlamentga o‘sha parlamentday bo‘lolmayotganini aytib e'tiroz bildirdi. Demak, o‘sha parlament haqida unda ham yaxshi xotiralar qolgan.

Lekin birinchi prezident bu parlamentning nomini ham o‘zgartirdi, tuzilmasini ham o‘zgartirdi. Chunki bu parlamentda unga qarshi chiqishlar bo‘lgandi.

Men o‘sha qo‘mitaga 2 yarim yil Pirimqul Qodirovga o‘rinbosar sifatida fan va madaniyat qo‘mitasida ishladim. 2 yarim yil esa Oshkoralik qo‘mitasida Erkin Vohidovga o‘rinbosar bo‘ldim.

Keyinchalik ham menda deputatlikka nomzodimni qo‘yish imkoniyati bor edi. Lekin tuzum tobora diktaturalashib bordi. Men yana jurnalistikaga qaytdim. So‘z erkinligi ham og‘ir darajada bo‘lgani uchun xalqaro tashkilotlarda ishladim.

Taqiqda bo‘ldim, 20 yillab birorta kitobim chop etilmadi. Lekin ortga qaytmadim.

Yaqinda ham menga deputatlik uchun takliflar bo‘ldi. Lekin hozirgi deputatlarga talab juda katta. Odamlarning biror muammosi chiqsa, deputat ham o‘sha yerga chopishi kerak. Men bu yoshda har bir uyga chopib yurolmayman.

Ijodkor, shoir va yozuvchi uchun deputatlik umrning muayyan qismini oladi. Umr qanchaligini esa bilmaymiz. Shuning uchun menga hozir siyosat kerak emas.

— Sizni yaxshi shoir sifatida bilamiz. Shu ma'noda siyosatning ichida yurib, she'riyatda ko‘p narsa yo‘qotib qo‘ymadingizmi?

— Avvalo, men kam she'r yozaman. Butun hayotim davomida yozgan she'rlarim 2013 yilda bir kitob bo‘lib chiqqan. Unda ham keskinligi sababli 30tacha she'r tushib qolgan. Birinchi kitobim 1990 yilda chiqqandi. O‘rtadagi farqni ko‘ryapsiz. Balki keyingi 1-2 yil ichida yana biror she'riy kitob chiqararman.

    Ikkinchi bir tarafi gruzin klassigi Konstantin Gamsaxurdia bor-yo‘g‘i yarim kitobli she'r yozgan. Men o‘zimni klassik demoqchi emasman.

Yoki SSSRning mashhur shoiri Sulayman Stalski degan shoir birinchi she'rini 59 yoshida yozgan ekan.

She'r bizning davrda bir katta hodisa edi. U katta zallarda o‘qilardi, odamlar yig‘lab eshitardi. Kitoblar ham millionlab tirajda chiqardi.

Bugun hamma she'r yozyapti va ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yadi. Jo‘n narsalar ko‘payib ketdi. She'rning qadri tushdi. She'r haqida tushunchalar ham pasayib ketdi.

Hozir hamma narsa she'r deb taqdim qilinyapti. Ammo ularni o‘qib ko‘rsangiz, hatto oddiy qofiya, vaznlarga ham rioya qilinmaydi.

Ayrimlar shu kabi ijodini modern deb atashadi, lekin modern she'r yozish juda katta mas'uliyat talab qiladi.  Modern she'r yozganlardan biri Rauf Parfi bo‘lsa, u g‘azal va hatto Qodiriy, Navoiylarga muxammas ham yozgan. Ya'ni shoir klassik she'riyatimizni ham bilishi kerak. Ma'lum mezonlarga sig‘magan fikrlarini modern she'riyatga kiritsa bo‘ladi.

Bir zamonlar Ozod Sharofiddinov Shukur Qurbonning she'riyatini o‘qib, «Shukur, shoirlik bilan darveshlik, yoki jinnilik boshqa-boshqa narsalar. Biroz boshqa kitoblarni ham o‘qigin», degan.

Hozir shoir deb bilganlarimiz va internetni gullatayotganlarda o‘sha telbalik bor. Ular o‘zidan boshqani shoir deb bilmaydi. Men Alloh bersa va biror fikr kelsa she'r yozaman. Bo‘lmasa, 6 oylab yozmayman.

Shukrki, boshqa ishlarim, tarjimonligim bor. Yaqinda ikkita tarjimam bosilib chiqdi.

Oxirgi ikki yil davomida 5ta roman tarjima qildim. 10 yildan buyon jahon she'riyati antologiyasi, ya'ni dunyoning har bir mamlakatidan hech bo‘lmasa bitta shoirini tarjima qilib antologiya chiqarmoqchiman. Kitobning 90 foizi bitib qolgan.

— Tarjima mavzusiga ko‘chdingiz. Bugun jamiyatimizga yangicha tafakkur beradigan asarlar yetishmayotgandek. Bu borada qanday muammolar bor?

Masalan, 2020 yilda yozilgan asarlar shu yilning o‘zida o‘zbekchaga o‘girilmaydi. Bu yo‘ldagi kamchiliklarni nimada ko‘rasiz?

— Bu kamchiliklarni ayrimlar ko‘rgan ekanki, muayyan harakatlar qilinyapti. Masalan, «A saxiy» loyihasi rahbarining aytishicha, Yevropada odamlarning ko‘pchiligi jamoat transportlarida ham kitob o‘qiydi. Ular 20-30 daqiqa vaqtini ham bekor ketkazmaydi. Biz esa telefon kovlab o‘tiramiz.

O‘sha yigit O‘zbekistonga qaytgach, dunyo odamlari o‘qiyotgan besseller kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilishni o‘z oldiga maqsad qilgan ekan. U yarim milliarddan ortiqroq pulini shu yo‘lda sarflagan.

Shu yigit so‘rovi bilan men «1984» kitobini o‘zbek tiliga tarjima qildim. Bu kitob 1948 yilda chiqqan. Shu o‘tgan yillar davomida bu kitob dunyoning eng ko‘p o‘qilgan kitoblari orasida yetakchi o‘rinlarni egallab kelgan.

SSSR davrida bu asar atigi 23 dona, siyosiy byuro uchun chiqarilgan. Uning raqamlangan nusxalari bor. Ammo kitob xalqqa ko‘rsatilmagan.

Bu totalitarizm, avtoritarizmga qarshi yozilgan asar. Unda hukumat o‘ziga muxolifat yuzaga kelmasligi uchun xalqning nafaqat so‘zi, balki fikrini nazorat qilishi haqida gap boradi.

Asarda davlat muxolif fikr nafaqat aytilmasligi, balki miyada tug‘ilmasligi uchun miyaning ustida ham tadqiqotlar olib boradi. Buning uchun yangi til o‘ylab topiladi. Bu tilda so‘zlar ko‘payish o‘rniga kamayib boradi. Undan muxolif so‘zlarning barchasi olib tashlanadi.

Tug‘ilgan chaqaloqlar ham muxolif so‘zlarni bilmaydi. Ya'ni «1984» davlatning odamlar ongini nazorat qilishi haqidagi roman.

Shu roman o‘zbek tiliga tarjima qilingach, BBC yangiliklar agentligi o‘zining bir dasturida xuddi siz aytgan fikrni aytdi. Ya'ni «roman 1948 yilda Britaniyada nashr qilinib, 1949 yilda o‘zbekchada chiqqanda edi, bugungi o‘zbek xalqi boshqacha xalq bo‘lardi», dedi.

Asar nashr qilinishidan avval uni g‘ayrixayoliy, odamlar o‘qirmikin degan fikrlar ham bo‘ldi. Lekin mana ko‘rdikki, u ilk nashr qilinganidan keyin yana qayta 3marta nashr qilindi. Bizda faqat «Shaytanat» shunday qayta-qayta nashr qilingan. Lekin u ham orada 4-5 yil o‘tib.

Shu bugun chiqqan asarni o‘zbekchaga tarjima qilish uchun avval uning millat uchun aktualligi o‘rganish kerak bo‘lsa kerak. Ikkinchidan albatta, yangi chiqqan kitoblarni shu bugun tarjima qilishga harakat qilishyapti.

— Hech kim xatolardan xoli emas. Shu ma'noda, Karim Bahriyevda o‘tgan umrining ma'lum yillarini ortga qaytarish imkoniyati bo‘lganda, yo‘l qo‘ygan qaysi xatolarini qilmagan bo‘lardi?

— Bu haqda ko‘p o‘ylayman, lekin bir xulosaga kelganim yo‘q.

Odam hayoti davomida doim rejalar qiladi. Ertaga uni qilaman, buni tuzataman, indinga buni tuzataman, faqat falon narsa menga xalaqit qilyapti, deydi. Falonchi oyog‘imda chalmaganda bunday bo‘lardi, deya afsuslanadi. Lekin aslida insonning umri o‘sha to‘siqlardan iborat-ku. Ya'ni biz aylanib o‘tib ketamiz degan to‘siqlar, kurashlarimiz asl hayotimizni tashkil qiladi.

Ayrimlar menga nisbatan Karimov davrida keskin gapirganlar qamalib ketdi, ayrimlar qochib ketdi, siz esa shu yerda qoldingiz, chunki nimani qayerda gapirishni bilasiz, ayyorsiz deydi.

Ularga avvalo, Alloh asradi, deyman. Keyingisi rostdan ham bosiq bo‘lishga harakat qilaman. Sochimiz erta oqargan. Qo‘yadigan qadamimni o‘ylab bosaman. Bu dinimizga ham, milliy mentalitetimizga ham qarshi holat emas.

Axir ota-bobolarimiz ham qo‘yayotgan qadamingga nazar sol deyishgan. Ya'ni hayotimiz uchun, yaqinlar, millat uchun va Alloh uchun mas'uliyatimiz bor. Bandalarini aldarmiz, lekin O‘zini aldolmaymiz-ku.

Ayolim siz juda go‘zal yozasiz, Islom Karimovni ham vaqtida maqtab yozganingizda hozir vazir, yoki vazir o‘rinbosari bo‘lib yurardingiz, degan gapni ko‘p aytgan. To‘g‘ri, maqtay olardim, juda go‘zal maqtay olardim, lekin Xudodan qo‘rqaman. Sha'nimni asrashim kerak.

Mansabni davlat beradi, kerak payti oladi. Lekin martabani xalq beradi. Sizning sha'n va obro‘yingiz odamlar qalbidagi obrazingizdir.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid