O‘zbekiston | 22:32 / 26.01.2021
21573
6 daqiqa o‘qiladi

Aslida unday emas: Ayollarning o‘zbek jamiyatidagi roli haqidagi uchta noto‘g‘ri qarash

«Jamoatchilik fikrini o‘zgartirish qiyin; lekin nolish emas, urinib ko‘rish kerak», – deydi jamoatchilik faoli Aziza Umarova.

Foto: SelfMama Uzbekistan

SelfMama Uzbekistan loyihasi O‘zbekistonda ilk bor ayollar karera forumini (Uzbekistan Women Career Forum – 2021) o‘tkazdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Forum ayollarning ijtimoiy o‘sishiga ko‘maklashish, kasbiy ko‘nikmalar va malakalar bilan tanishtirish, hozirgi va bo‘lajak onalarga motivatsiya berishni maqsad qiladi.

Forumda onalik va oiladagi ayollik vazifalari bilan birga turli jabhalarda muvaffaqiyatli karera olib borayotgan faol ayollar qatnashib, qiz-ayollar uchun tavsiyalar berishdi.

Jumladan, «SmartGov» konsalting kompaniyasi rahbari, jamoatchilik faoli Aziza Umarova «Ayollar yetakchiligi – jamiyat transformatsiyasi kaliti sifatida» mavzusida chiqish qildi.

U o‘zbek jamiyatida ayollarning roli borasida shakllangan uchta noto‘g‘ri qarash xususida so‘z yuritdi.

1-noto‘g‘ri qarash: Ayol huquqlari tushunchasi bizga yaqinda g‘arbdan kirib kelgan

— Aslida ayollar huquqlari haqida birinchilardan bo‘lib jadidlar so‘z ocha boshlashgan. Xususan, jadidlarning taniqli vakillaridan biri Tavallo qizlarning o‘z otasiga bilim olishga ruxsat so‘rash mazmunidagi maktubi shaklida she'r yozadi. Shundan so‘ng yangi usul maktablarida qizlar uchun ham sinflar tashkil qilinadi.

1927 yilda paranjini tashlash va yoqish harakatlari boshlandi. SSSRda sharq ayollarining paranji tashlashi bolsheviklarning eng asosiy modernizatsiya loyihalaridan biri bo‘ldi. Ular qatorida Buxoro amirining sobiq kanizagi Jahon Obidova ham bor edi, u keyinchalik O‘zSSRning vitse-prezidenti bo‘ldi, ammo 30-yillarda qatag‘on qilinadi va uning nomi barcha manbalardan o‘chirib tashlanadi.

SSSRda ko‘plab ayollar vazir, sudya, hokim lavozimlarida faoliyat ko‘rsatishgan, hatto Moskvada respublika nomidan ish olib borishgan. Ayollarni rahbar lavozimlariga tayinlash davlat siyosati darajasiga chiqqan. 1991 yildan boshlab bu masala yana ortga keta boshladi.

2-noto‘g‘ri qarash: O‘zbeklarning mentaliteti o‘ziga xos, ayollarga bo‘lgan munosabat ham mana shu mentalitet bilan bog‘liq

— Yangi Zelandiya, Gruziya, Singapur, Estoniya, Daniya, Gretsiya, Bangladesh, Nepal, Islandiya, Argentina, Litva, Kosta-Rika, Braziliya, Finlandiya, Germaniya, Efiopiya, Serbiya, Moldova. Bular – davlat yoki hukumat rahbari ayollar bo‘lgan davlatlar.

Parlamentda ayollar ulushi eng ko‘p mamlakat esa Afrikaning Ruanda davlati. Bu borada ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Kuba va Boliviya egallab turibdi. Bundan ko‘rinadiki, hech qanday mentalitet yoki muayyan hududga xos qarashlar jamiyatning ayollarga munosabatini izohlay olmaydi. Ayollar yetakchi bo‘lgan davlatlarning umumiy jihati ham yo‘q, ular diniy, milliy va hududiy jihatdan o‘ta rang-barang.

Butun dunyoda aholining naq yarmi – ayollarning barcha jabhalarda o‘z salohiyatini namoyish qilishi uchun ko‘maklashish jarayoni kechmoqda. 2016 yildan boshlab bu borada bizda ham siljishlar bo‘la boshladi. Biroq ayollarning nomiga qilinayotgan tayinlovlaridan chekingan holda bu muammoni hal qilishda jiddiy qadamlarni tashlash kerak.

Mansab egasi bo‘lgan ayollar reprezentativ bo‘lishi uchun ular davlat budjeti taqsimotida qanday bo‘lsa ham ta'sirga ega bo‘lishi kerak.

3-noto‘g‘ri qarash: O‘zgarish qilish imkonsiz

— To‘g‘ri, jamoatchilik fikrini o‘zgartirish har doim qiyin kechadi. Ammo nolish emas, balki urinib ko‘rish kerak.

2015 yildan boshlab Women Empowerment Club Tashkent pablikini yuritib kelaman. O‘sha paytda u yagona edi, desa ham bo‘ladi. Jamiki muhit Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ishg‘ol qilingan edi. Biz o‘zimiz mustaqil ravishda muhim mavzularni muhokama qila boshladik, uchrashuvlar tashkil qildik. Bir gal hatto 9 mln so‘m jarima solishgan. Shunchaki daun sindromi bo‘lgan bolalarni mehribonlik uyiga bermasdan uyda tarbiyalash muhokamasiga yig‘ilganimiz uchun.

Ammo zamon o‘zgardi. Hozir bu kabi pabliklar talaygina. Va men ayollar o‘z ekomuhitini yaratayotganidan, birgalikda rivojlanayotganini ko‘rishdan faxrlanaman. Muammoni ko‘rdingizmi? Birinchi qadamni tashlang. Sizning harakatingizda mohiyat ko‘ra boshlashsa, boshqalar ham sizga ergasha boshlashadi.

To‘g‘ri, bizning jamiyatda ayollar erkaklar bilan baravar muvaffaqiyatga erishishi uchun ikki karra tezroq yugurishi, uch karra balandroq sakrashi kerak. Bir-biringizni qo‘llab-quvvatlang, oilangizdagi ayollarga yelkadosh bo‘ling. Ta'lim olishga ilhomlantiring. Qanotlarni sindirmang, balki qanot bo‘ling. Atrofingizdagilarni ilhomlantiring. Yaratuvchi bo‘ling. O‘zingiz yashamoqchi bo‘lgan va farzandlaringiz yashaydigan jamiyatni o‘z qo‘lingiz bilan yarating.

***

Ma'lumot uchun, SelfMama Uzbekistan – ikki arxetipni, ya'ni ona va self-made woman (o‘z intilishi bilan yutuqlarga erishgan ayol)ni birlashtiruvchi loyihadir.

Loyiha onalik va professional sohada ijtimoiy o‘sishni muvaffaqiyatli birlashtirishga intilayotgan ayollar uchun qulay muhit va kasbiy o‘sishni rivojlantirishga qaratilgan. Ayollarga oila va ish o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, kasbiy qadr-qimmatini yaxshilash, har bir ayol uchun eng yaxshi martaba strategiyasini tanlashga yordam beradi.

Mavzuga oid